Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

14.02.2017 15:44 Chop etish versiyasi

Chilonzor tumanidagi maktabda “Boladan bolaga” kitobxonlik aksiyasi o‘tkazilmoqda

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 12-yanvardagi “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida”gi farmoyishi qabul qilingandan so‘ng poytaxtimizning Chilonzor tumanidagi 79-umumta’lim maktabida yangi an’ana joriy etildi. Har bir sinfda “Boladan bolaga” nomli kitobxonlik aksiyasi tashkil qilindi. Unga ko‘ra o‘quvchi o‘zi sevib o‘qigan kitobni sinfdoshlariga tavsiya etadi va sinf burchagidagi kutubxonaga qo‘yadi.

Maktab qo‘ng‘irog‘i chalinib, o‘quvchilarni tanaffusga chorladi. Bir zumda kutubxona kitob so‘rab kelgan o‘quvchilar bilan gavjumlashdi. Bo‘y-bastiga qarab, ularning boshlang‘ich sinf o‘quvchilari ekanligini ilg‘ash qiyin emas.

– Qariyb 14 ming kitob, 4 mingdan ortiq elektron adabiyot fondiga ega kutubxonamizda komputerlar ZiyoNET internet tarmog‘iga ulangan, – deydi maktab kutubxonachisi Barno G‘oipova. – Bu zarur adabiyotlarni yuklab olish hamda elektron ko‘rinishda foydalanish imkoniyatini berayotir. Darsliklardan tashqari badiiy nashrlar, ingliz va rus tillaridagi adabiyotlar hamda turli soha va yo‘nalishga oid kitoblar mavjud. Maktabimizda mingdan ortiq o‘quvchi ta’lim oladi. Ularning deyarli barchasi kutubxonaga a’zo.

Birinchi Prezidentimizning 2006-yil 20-iyundagi “Respublika aholisini axborot-kutubxona bilan ta’minlashni tashkil etish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq ta’lim muassasalarida tashkil etilgan axborot-resurs markazlari nafaqat o‘quvchi-yoshlarga, balki keng aholi qatlamiga namunali xizmat ko‘rsatishi belgilangan edi. Mazkur ta’lim muassasasidagi axborot-resurs markazi va kutubxonadan o‘quvchilar bilan birga tumandagi Oqtepa mahallasi aholisi ham keng foydalanmoqda.

Ushbu ta’lim dargohiga yozuvchi-shoirlarni tez-tez taklif qilish o‘quvchilarning kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishini oshirish, mutolaa madaniyatini kuchaytirishda yaxshi samara bermoqda. Bu yerda turli muhim sanalarga bag‘ishlab ko‘rgazmalar, yangi kitoblar taqdimoti, kitob tanlovlari tashkil qilinadi. Ayniqsa, boshlang‘ich ta’limda bolalarning o‘qish madaniyati va mutolaa ko‘nikmalarini shakllantirish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda.

– 1-sinf o‘quvchilariga “O‘qish kitobi”, “Odobnoma” darslaridan tashqari qo‘shimcha adabiyotlar, ularning yoshi va psixologiyasiga mos kitoblar o‘qishni tavsiya qilamiz, – deydi maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Saodat Nishonova. – 2-sinfda bu adabiyotlarning mazmuni murakkablashib, voqealar rivojlanib boraveradi. 3-4-sinflarda boshqa xalqlar ertaklari tavsiya etiladi. Prezidentimiz farmoyishidan so‘ng biz boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining ota-onalarini ham kitob mutolaasiga jalb etib, farzandining badiiy asarlarni mustaqil o‘qishini nazorat qilishga chorladik. Hozir har oyning ikkinchi haftasida ota-onalar uchun “Farzandimga kitob sovg‘a qildim” aksiyasini o‘tkazmoqdamiz. Ota-onalarimiz farzandining tug‘ilgan kuni yoki turli bayramlarda eng munosib tuhfa – kitob sovg‘a qilmoqda. Bu yaxshi an’ana, albatta. Kitob o‘qigan bolaning tafakkuri keng, nutqi ravon bo‘ladi, so‘z boyligi oshadi.

Xalqimizda “Qush uyasida ko‘rganini qiladi”, degan naql bor. Yoshlar uchun ota-ona namuna bo‘lmog‘i lozim. Bolalarning ta’lim olishiga, kitob o‘qishiga murg‘akligidan e’tibor qaratish muhim. Bu yo‘nalishda sinf rahbarlari bilan ota-onalar o‘rtasida yaqin hamkorlik o‘rnatilgan.

Maktabda muntazam ravishda «Kitob marafoni» tadbiri o‘tkaziladi. Unda har bir o‘quvchi maktab kutubxonasi fondini to‘ldirish uchun o‘z hissasini qo‘shadi. Bundan tashqari, boshlang‘ich sinflarda o‘tkaziladigan «Kitob – oftob» kechalarida ertak, hikoya va rivoyatlar asosida sahnalashtirilgan tomoshalar namoyish etiladi. O‘quvchilar o‘qigan kitoblarining mazmunini hikoya qilib beradi. Yuqori sinflardagi «Kitob – ma’rifat manbai», «Kitob taqdimoti» tadbirlarida ham o‘g‘il-qizlar faol ishtirok etadi. Bunda har bir sinf o‘quvchilari berilgan asarni o‘qib, shu asosda sahna ko‘rinishi, savol-javob, asarning tarbiyaviy ahamiyati, topishmoq shartlari bo‘yicha o‘z tengdoshlari bilan bellashadi.

Samarali loyihalardan yana biri – “Bir farzandga uch kitob” loyihasi bo‘lib, unga ko‘ra nashriyotlar bilan hamkorlikda yangi nashrlar, bolalarning dunyoqarashiga mos adabiyotlar sotuvi tashkil etilgan. An’anaviy o‘tkazilayotgan «Eng yaxshi kitobxon» ko‘rik-tanlovi maktab o‘quvchilari uchun haqiqiy shodiyonaga aylanib ketadi. Yaqinda tuman maktablari o‘rtasida o‘tkazilgan “Kitob va yoshlar” ko‘rik-tanlovida maktabning 9-sinf o‘quvchisi Anora Bo‘riboyeva birinchi o‘rinni egalladi. “Kitobim – oftobim” tanlovida 5-sinf o‘quvchisi Feruza Mirzaxalilova faxrli o‘ringa sazovor bo‘ldi.

Kutubxona fondini doimiy ravishda yangilash va to‘ldirib borish, ilmiy-ma’rifiy, badiiy adabiyotlar bilan boyitish, o‘quvchilarga tezkor va sifatli xizmat ko‘rsatish borasida izlanishlar olib borilmoqda. Bu sa’y-harakatlar samarasida kutubxona yosh avlod didi, tafakkuri va ichki olamini yuksaltirishga xizmat qiladigan, xalqimizning fidokorona mehnati, ma’naviy-ruhiy dunyosi, barkamol avlod tarbiyasidagi ezgu intilishlarini teran badiiy aks ettiradigan adabiyotlar bilan to‘ldirilmoqda.

– Bugungi globallashuv jarayonida farzandlarimiz komputer, televizor, internet, mobil telefonlar domiga tushib qolmoqda, – deydi maktab direktori Gavhar Daminova. – Bunday holatning oldini olishning ta’sirchan yo‘llaridan biri – bolalarni kitob mutolaasiga oshno qilishdir. Xonadonlarimizda farzandlarimiz katta qiziqish bilan o‘qiydigan xalq ertaklari, dostonlar, “Odam va olam ensiklopediyasi”, “Bolalar ensiklopediyasi”, milliy va jahon adabiyotining durdona asarlari o‘rin olsa maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Bolaligimda buvijonim menga “O‘zbek xalq ertaklari” kitobini sovg‘a qilgani haligacha esimda. Ertaklarni mijja qoqmay, miriqib o‘qib chiqib, uyqu oldidan uni yostig‘im ostiga qo‘yardim. Ertak qahramonlari tushlarimga kirib chiqardi. Hozirgi yoshlar mobil telefon yoki planshetlarga badiiy adabiyotlarning elektron nusxasini tashlab, o‘qishadi. To‘g‘ri, bu qulay usul. Lekin yoqimli qog‘oz isi kelib turgan kitob o‘qishning zavqi boshqacha-da.

Azima Qiyosova, O‘zA
348






Все о погоде - Pogoda.uz