O‘zA O`zbek

12.02.2020 Chop etish versiyasi

Mahsulot reklamasiga qarshi emasmiz, ammo hammasi qonuniy bo‘lishi kerak...

Mahsulot reklamasiga qarshi emasmiz, ammo hammasi qonuniy bo‘lishi kerak...

Samarqand shahri ko‘chalarida tashqi reklamalarni joylashtirish va ulardan foydalanish holatini o‘rganish maqsadida press-tur uyushtirildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, ayni paytda Samarqand shahar hokimligi va tadbirkorlar o‘rtasida tuzilgan shartnoma asosida shahar hududida 373 ta bilbord, 28 ta brendmaur (binolarning devor qismida o‘rnatilgan panno), 23 ta katta va 81 ta kichik led monitor, 13 ta prizmatron hamda 19 ta tom qurilmalari o‘rnatilgan. Bugungi kungacha ushbu tashqi reklama vositalaridan shahar budjetiga 870 million so‘mdan ziyod mablag‘ tushgan.

Ammo ayrim tadbirkorlar ko‘p qavatli uylarning devorlariga, svetoforlar yoniga va boshqa taqiqlangan joylarga belgilangan me’yorlardan katta hajmdagi reklama vositalarini o‘rnatib olgan. Shuningdek, aksariyat tashqi reklama vositalaridagi yozuvlar “Davlat tili haqida”gi qonun talablariga javob bermaydi. Qonun me’yorlari buzilgan holatlar juda ko‘p.

– Yaqin vaqtgacha shahrimiz hududida noqonuniy o‘rnatilgan tashqi reklama vositalari ko‘payib ketgandi, – deydi Samarqand shahar hokimining birinchi o‘rinbosari Akram Egamov. – Joriy yildan boshlab tuzilgan maxsus komissiya yordamida bu kabi reklama vositalarining qaysi hududlarda o‘rnatilganini aniqlab, bunday noqonuniy xatti-harakatlarni bartaraf etish choralari ko‘rilyapti. Biz tadbirkorlarning o‘z mahsulotlarini reklama qilishga qarshi emasmiz. Ammo barchasi qonuniy bo‘lishi kerak.

Shahar hokimligi mas’ullari jurnalist va blogerlarning shahar ko‘chalaridagi daraxtlar, simyog‘och, devor hamda bekatlarda o‘rnatilayotgan turli reklama va e’lonlarni tartibga solish borasidagi savollariga javob berdi.

1 046
G‘.HASANOV, O‘zA