O‘zA O`zbek

23.10.2019 Chop etish versiyasi

Mahmud Istamov: “Bu yilgi saylovda xorijdagi barcha O‘zbekiston fuqarolari ishtirok etadi”

Mahmud Istamov: “Bu yilgi saylovda xorijdagi barcha O‘zbekiston fuqarolari ishtirok etadi”

Ilgari xorijdagi saylovchilar ro‘yxatiga faqatgina konsullik ro‘yxatiga kirgan fuqarolar kiritilgan, bu esa, ko‘plab yurtdoshlarimiz saylov jarayonlaridan chetda qolganini anglatadi. 

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 32-moddasida O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda bevosita hamda o‘z vakillari orqali ishtirok etishga doir konstitutsiyaviy huquqi mustahkamlangan.

Bu huquq yashash joyidan qat’iy nazar har bir O‘zbekiston Respublikasi fuqarosiga tegishlidir.

Ma’lumki, bugungi kunda millionlab vatandoshlarimiz xorijiy davlatlarda ish, ta’lim, davolanish va boshqa oilaviy va xizmat sabablari tufayli chet elda istiqomat qilmoqda.

Ilgari xorijdagi saylovchilar ro‘yxatiga faqatgina konsullik ro‘yxatiga kirgan fuqarolar kiritilgan. Bu esa, ko‘plab yurtdoshlarimiz saylov jarayonlaridan chetda qolganini anglatadi.

Bu yil esa barcha fuqarolar, shu jumladan, xorijdagi barcha O‘zbekiston fuqarolari ishtirok etishi uchun sharoit yaratiladi.

Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisining o‘rinbosari Mahmud Istamov quyidagilarni gapirib berdi:

– Xorijda istiqomat qilayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining saylovga oid konstitutsiyaviy huquqini ro‘yobga chiqarish maqsadida Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tegishli Nizom ishlab chiqildi va tasdiqlandi.

Aytib o‘tish kerakki, xorijiy davlatlardagi fuqarolarning saylovda ishtiroki bo‘yicha YeXHTning Demokratik institutlari va inson huquqlari bo‘yicha byurosining O‘zbekistondagi saylovlarni kuzatish bo‘yicha missiyalari ham bir qator fikrlar va tavsiyalarini bildirgan.

Xususan, Byuro missiyasining 2014, 2015 va 2016 yillarda bo‘lib o‘tgan saylovlarni kuzatish bo‘yicha xulosalarida O‘zbekiston hududidan tashqarida bir necha million fuqarolar borligi va ularning konstitutsiyaviy huquqlarini ta’minlashning huquqiy asoslari yetarli emasligini ta’kidlangan. Xorijdagi fuqarolar ham saylash huquqlaridan keng foydalanishlari uchun qonunchilikka muvofiq yetarli darajada sharoit yaratish maqsadga muvofiqligi qayd etilgan.

Biz, albatta, bu tavsiyalarni asosli, deb topdik va qabul qildik.

O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari huzurida saylov uchastkalarini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizom ilk bor ishlab chiqildi.

Nizomda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi saylovlarida xorijdagi saylov uchastkalari Markaziy saylov komissiyasi tomonidan Tashqi ishlar vazirligi bilan kelishilgan holda tegishli saylov okrugiga biriktirish belgilandi.

Avvalgi amaliyotda Qonunchilik palatasi saylovida ham xorijdagi saylov uchastkalari ham Tashqi ishlar vazirligi joylashgan hududdagi saylov okrugiga – Temiryo‘lchilar saylov okrugi biriktirilar edi. Bu esa, saylov okruglaridagi saylovchilar sonining yo‘l qo‘yiladigan eng ko‘p chetga chiqishi, qoida tariqasida, o‘n foizdan oshmasligi kerak, degan qoidani buzishga olib kelishi mumkin.

Shuning uchun ham xorijiy saylov uchastkalarini bitta okrugga biriktirish maqsadga muvofiq emas, deb topildi.

Avvalgi amaliyotda, xorijdagi saylovchilar ro‘yxatiga faqatgina konsullik ro‘yxatiga kirgan fuqarolar kiritilar edi.

Masalan 2014 yilgi parlament saylovlarida 13 ming 280 nafar fuqaro saylovchilar ro‘yxatiga kiritilgan.

Yangi Nizomga muvofiq esa xorijdagi saylov uchastkalari bo‘yicha saylovchilarning ro‘yxatlari diplomatik vakolatxona yoki konsullik muassasalar rahbarlari tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlar asosida tuziladi.

Shuning uchun fuqarolar xorijdagi uchastka saylov komissiyasiga yozma shaklda yoki Tashqi ishlar vazirligi rasmiy veb-sayti orqali elektron shaklda xorijdagi saylov uchastkasining saylovchilar ro‘yxatiga kiritish to‘g‘risidagi murojaatini berishi mumkin. Bu murojaat saylovga o‘n besh kun qolgunga qadar berilishi kerak.

Buning uchun ular ismi-sharifi, tug‘ilgan sanasi, O‘zbekistondagi oxirgi doimiy yashash manzili, chet davlatdagi yashash manzili, bog‘lanish uchun telefon raqamlari va jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqamini ko‘rsatishi kerak.

Tashqi ishlar vazirligi, o‘z navbatida, saylovchilar ro‘yxatiga qo‘shimcha kiritilgan saylovchilar haqidagi ma’lumotlarni umumlashtirgan holda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markaziga Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatiga tegishli tuzatishlar kiritish uchun taqdim qiladi. Ya’ni “fuqaro xorijda ovoz berdi”, degan yozuv kiritiladi. Bu bilan “bir saylovchi – bir ovoz” tamoyiliga amal qilinadi.

Diplomatik vakolatxonalar va konsullik muassasalari xorijda yashayotgan fuqarolarni xorijdagi saylov uchastkasi to‘g‘risida, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini xorijdagi saylov uchastkasi saylovchilar ro‘yxatiga kiritish tartibi va muddatlari to‘g‘risida, muddatidan oldin ovoz berish kunlari va saylov kuni to‘g‘risida ommaviy axborot vositalari yoki boshqa yo‘llar bilan xabardor qiladi.

Fuqarolarga yanada qulaylik yaratish maqsadida saylov qonunchiligidagi ovoz berishning ayrim turlari umumlashtirildi. Ya’ni, xorijda zich holda yashaydigan yoki ishlaydigan saylovchilarga xorijdagi saylov uchastkasining binosidan tashqarida ko‘chma saylov qutilaridan foydalanilgan holda turgan joyida muddatidan oldin ovoz berish tashkil etilishi mumkin.

Saylovchilarning turgan joyida muddatidan oldin ovoz berishi xorijdagi uchastka saylov komissiyasining kamida ikki nafar a’zosi ishtirokida amalga oshiriladi va bu haqda tegishli dalolatnoma tuziladi.

Nizom bilan joriy etilgan yangi qoidalar xorijda vaqtincha va doimiy istiqomat qilayotgan vatandoshlarimizning saylovga oid konstitutsiyaviy huquqini ro‘yobga chiqarish uchun huquqiy zamin yaratdi.

447
Norgul Abduraimova, O‘zA