O‘zA O`zbek

29.05.2020 Chop etish versiyasi

Mahkuma ayollar farzandlari bilan uchrashuvlarining alohida tartibi belgilanmoqda

Mahkuma ayollar farzandlari bilan uchrashuvlarining alohida tartibi belgilanmoqda

Homilador va bolali mahkuma ayollar uchun qoʻshimcha huquqlar kiritilyapti.

Oliy Majlis Senati Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasining Qarshi shahrida boʻlib oʻtgan bugungi majlisida biz, senatorlar xalq deputatlari Qashqadaryo viloyati Kengashi deputatlari bilan birgalikda muhim bir hujjat – mahkumlarning huquqlari va qonuniy manfaatlari himoyasini kuchaytirishga doir qonunni ham muhokama qildik. “Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat-ijroiya kodeksiga mahkumlarning huquqlari va qonuniy manfaatlari ishonchli himoya qilinishini taʼminlashga qaratilgan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi ushbu qonun Qonunchilik Palatasi tomonidan 2020-yil 23-aprelda qabul qilingan.

Qonunning ahamiyati, uning yangiligi nimada?

Avvalo, shuni aytish joizki, bugun mamlakatda olib borilayotgan islohotlarning bosh mezoni – adolatlilik, inson huquq va manfaatlarining ustunligini taʼminlash. Bu jarayonda jazo muddatini oʻtayotgan mahkumlarning haq-huquqlari, erkinligini taʼminlash masalasi ham eʼtibordan chetda qolmasligi zarur. Chunki asosiy maqsad jazoni ijro etish tizimida shaxsni axloqan tuzatish va jamiyatga ijtimoiy moslashuviga erishishdir. Ayni shu jihat amaldagi huquqiy mexanizmlarni yana-da takomillashtirishni taqozo qilmoqda.

Qonun ana shu talabdan kelib chiqib, ishlab chiqilgan. Unga koʻra, Jinoyat-ijroiya kodeksi tintuv jarayonida jismoniy kuch va maxsus vositalarning asossiz ravishda qoʻllanilishini taqiqlashga oid norma bilan toʻldirilmoqda. Bundan tashqari, voyaga yetmagan mahkumlarning ota-onasi yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar bilan uchrashishga boʻlgan huquqiga nisbatan cheklovlar bekor qilinyapti, uchrashuvlar va telefon soʻzlashuvlari soni oshirilyapti.

Shuningdek, mahkuma ayollarning voyaga yetmagan farzandlari bilan uchrashuvlarining alohida tartibi belgilanmoqda. Homilador mahkuma ayollar va bolasi bor ayollar uchun qoʻshimcha huquqlar kiritilyapti. Yaʼni mahkuma ayollarga voyaga yetmagan bolalari bilan bir yil ichida toʻrt marta, besh sutkagacha boʻlgan uzoq muddatli uchrashuv, manzilli kaloniyalarda saqlanayotganlarga esa muassasa hududidan tashqarida yashash imkoniyati bilan uzoq muddatli uchrashuvlar cheklanmagan miqdorda berish koʻzda tutilmoqda.

Qonun bilan Jinoyat-ijroya kodeksining 76-moddasi toʻldirilib, mahkumlarning iltimosiga binoan, uchrashuvlari va telefon orqali soʻzlashuvlarini koʻpaytirish hamda video-uchrashuvlar bilan almashtirish tizimi joriy etilishi nazarda tutilgan.

Bularning bari jazoni ijro etish tizimida shaxsni axloqan tuzatish, uning normal hayotga tezroq qaytishi va jamiyatga ijtimoiy moslashuvida muhim ahamiyat kasb etadi, albatta.

Murtazo RAHMATOV,
Oliy Majlis Senati aʼzosi.

680
OʻzA