Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

08.02.2017 19:39 Chop etish versiyasi

Mahalliy boshqaruv tizimi takomillashmoqda

Jizzaxda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va BMT Taraqqiyot dasturi hamkorligida amalga oshirilayotgan “Mahalliy boshqaruv tizimini qo‘llab-quvvatlash: 2-bosqich” loyihasi doirasida 2016-yilda amalga oshirilgan ishlar sarhisobi va istiqboldagi vazifalar ijrosiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Jizzax viloyati, tuman va shaharlar hokimliklari vakillari, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasi mutaxassislari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etgan tadbirda aholini davlat boshqaruvi organlari faoliyati haqidagi ma’lumotlar bilan ta’minlash, elektron hujjat aylanish tizimini joriy etish, hududda mahalliy boshqaruv tizimini yanada rivojlantirish yo‘nalishlarida olib borilgan ishlar atroflicha tahlil etildi.

“Mahalliy boshqaruv tizimini qo‘llab-quvvatlash: 2-bosqich” loyihasi doirasida mahalliy hokimiyat organlari salohiyatini oshirish, ularning moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. “Yagona darcha” markazlariga komputer jamlanmalari va boshqa uskunalar yetkazib berildi.

Viloyat hokimligiga murojaat etuvchilarga qo‘shimcha qulaylik yaratish maqsadida raqamli axborot olish uskunasi – infokiosk o‘rnatilib, hokimlikning rasmiy portali bazasida “Ochiq ma’lumotlar” va “Xalq deputatlari viloyat Kengashi” veb-saytlari yaratildi. Bunday ishlar samaradorligini oshirishda aholi ishtirokining ahamiyati, mahalliy boshqaruvga doir masalalarda xorij tijribasini o‘rganish, tahlil qilish, tadbirkorlarning biznesga doir bilim va ko‘nikmasini boyitish yo‘nalishlarida seminar-treninglar o‘tkazildi.

Mazkur loyihaning ikkinchi bosqichi davom etmoqda. Unga ko‘ra, joriy yilda viloyatdagi “yagona darcha” markazlarida yangi xizmatlar joriy etishga ko‘maklashish, qishloq joylarda qayta tiklanadigan energiya manbalaridan keng foydalanish va boshqa masalalar bo‘yicha harakat dasturi ishlab chiqish rejalashtirilgan.

Yig‘ilishda ishtirokchilarni qiziqtirgan barcha savollarga atroflicha javob qaytarildi.

Toshqul Beknazarov, O‘zA
380






Все о погоде - Pogoda.uz