Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

08.02.2017 11:51 Chop etish versiyasi

Mahallamiz – faxru iftixorimiz

Mahallamiz – faxru iftixorimiz Mamlakatimizda yosh avlodni har tomonlama sog‘lom va barkamol insonlar etib tarbiyalash, ularning intilish va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, iste’dod va salohiyatini namoyon etishi uchun keng sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

O‘zbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi, Xalq ta’limi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim, Madaniyat va sport ishlari vazirliklari, “Nuroniy” jamg‘armasi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati va boshqa tashkilotlar hamkorligida o‘tkazilayotgan “Mahalla – mening taqdirimda” ko‘rik-tanlovi ham ayni shu maqsadlarga xizmat qilmoqda.

Tanlovning Surxondaryo viloyati bosqichida 14 jamoa ishtirok etdi. Birinchi shartda ishtirokchilar «Oila – mahalla – ta’lim muassasasi” hamkorligining ahamiyati to‘g‘risida taqdimotlar namoyish etdi. Ikkinchi shartda «Oila – mahalla – ta’lim muassasasi” hamkorligi mexanizmini kuchaytirish masalalari, sohaga tegishli me’yoriy-huquqiy hujjatlar va ma’naviyatga oid savollarga javob qaytardi. Uchinchi shartda “Mahalla – mening taqdirimda” mavzusida insholar tanlovi o‘tkazildi.

– Uch bosqichli tizimda o‘tkazilayotgan tanlovda umumta’lim maktablarining 9-sinf o‘quvchilari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlarida tahsil olayotgan yoshlar ishtirok etdi, – deydi “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi bosh mutaxassisi Z.Omonova. – Tanlovning fuqarolar yig‘inlari o‘rtasida tashkil etilgan saralash bosqichida 691 jamoa tarkibida 2 ming 760 dan ortiq yosh o‘z bilim va mahoratini sinovdan o‘tkazdi.

Termiz tumanidagi “Do‘stlik” mahalla fuqarolar yig‘inining “Do‘stlik” jamoasi birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi va tanlovning mamlakat bosqichiga yo‘llanma oldi. Angor tumanidagi “Yangiobod” mahalla fuqarolar yig‘inining “To‘maris” jamoasi ikkinchi, Jarqo‘rg‘on tumanidagi “Namuna” mahalla fuqarolar yig‘inining “Yosh avlod” jamoasi uchinchi o‘rinni egalladi.

Tadbir doirasida mahalla fuqarolar yig‘inlari qoshida yoshlar tomonidan ishlab chiqarilayotgan milliy hunarmandlik buyumlari ko‘rgazmasi tashkil etildi.

Xolmo‘min Mamatrayimov, Farhod Abdurasulov (surat), O‘zA
697






Все о погоде - Pogoda.uz