O‘zA O`zbek

22.05.2020 Chop etish versiyasi

Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligining xalqimizga MUROJAATI

Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligining xalqimizga MUROJAATI

Hurmatli yurtdoshlar!

Ramazon hayiti barchangizga muborak boʻlsin! Yurtimizda tinchlik,oilalar va mahallalarimizda xotirjamlik, xush kayfiyat hukmron boʻlsin!

Bugun butun dunyoda boʻlgani kabi xalqimiz ham sinovli kunlarni boshidan oʻtkazmoqda. Ammo davlatimiz tomonidan koronavirus epidemiyasiga qarshi oʻz vaqtida koʻrilgan keskin choralar natijasida respublikamizdagi yuz minglab aholi hamda bir qancha hududlar koronavirus xavfidan saqlab qolindi.

Koʻplab davlatlarda yangi-yangi infeksiya oʻchoqlari paydo boʻlayotgan bir paytda yurtimizda bu borada kundan kun yaxshi natijalarga erishilmoqda. Xalqimizning oʻrnatilgan karantin cheklovlariga qatʼiy amal qilgani mavjud vaziyatning ijobiy tarafga oʻzgarishida juda katta yordam berdi.

Aziz hamyurtlar!

Shu kunlarda muborak Ramazon oyining soʻnggi qutlugʻ kunlarini barchamiz katta xursandchilik va mamnuniyat bilan oʻtkazyapmiz. Cheksiz shukronalik va ixlos bilan dildagi yaxshi niyatlarimizning amalga oshishi uchun Yaratgandan ofiyat soʻrab, yurtimiz obodligi va xalqimiz farovonligi yoʻlida bir-birimizga ezgu tilaklar bildiryapmiz.

Muborak ayyom — Ramazon hayiti kunlari barchamizdan ana shu ezgu niyatlarni koʻpaytirish asnosida mamlakatimizda joriy qilingan karantin qoidalarini toʻla ado etishimiz uchun baʼzi jihatlarga jiddiy eʼtibor qaratishimiz maqsadga muvofiq boʻladi.

Muhtaram Prezidentimizning kuni kecha qabul qilingan “Ramazon hayitini nishonlash toʻgʻrisida”gi Qarorida ham bu yilgi Ramazon oyi koronavirus pandemiyasi tufayli oila davrasida, oʻzaro ahillik va hamjihatlikda oʻtgani holda, Ramazon hayiti bayrami ham karantin talablariga muvofiq oʻtkazilishi aytib oʻtilgan.

Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashining 2020-yil Ramazon hayitini nishonlash toʻgʻrisidagi Bayonotida ham bu haqida soʻz yuritilib, hayit kunlari yoshi ulugʻ keksalar va bemorlar holidan xabar olish, hayit bilan tabriklash, milliy urf-odatlarimiz bilan bogʻliq anʼanalarimizni karantin talablaridan kelib chiqqan holda amalga oshirish tavsiya etilgan.

Shunga amin boʻlishimiz kerakki, bu cheklovlar vaqtincha boʻlib, xalqimiz salomatligini saqlash, koronavirus infeksiyasi tarqalishi, shu bilan birga sanitar-gigiyena talablari buzilishining oldini olishga qaratilgan.

Birinchisi, vafot etgan yaqinlarimiz uchun hayit kunlari xonadonlarimizda oʻtkazishni rejalashtirayotgan maʼraka marosimlarini keyinga qoldiraylik. Bu tartibga, albatta, yuqorida keltirib oʻtilgan xavfsizlik nuqtai-nazaridan qarashimiz, oʻzimiz va unda qatnashmoqchi boʻlgan yaqinlarimiz salomatligini asrash majburiyati, deb tushunishimiz lozim.

Shuningdek, keng jamoatchiligimizdan xonadonlarda tashkil etilgan bu kabi maʼraka marosimlariga qatnashmaslik boʻyicha shaxsiy namuna koʻrsatishlarini iltimos qilamiz. Bunda mahallalardagi nuroniy otaxonu onaxonlarning, mahalla faollarining oʻrni katta ekanligini taʼkidlab oʻtmoqchimiz.

Ikkinchisi, milliy urf-odatlarimiz sirasiga kiruvchi— xonadonga yangi kelgan mehmonni koʻrish va qoʻlidan bir piyola choy ichish udumi qadriyatlarimizning bir boʻlagiga aylangan.

Ammo hozirgi vaziyatdan kelib chiqqan holda, bu niyatlarimizni ham keyingi hayitlarga qoldirganimiz, nazarimizda, har tomonlama, jumladan, oʻzimiz va oʻzgalarning salomatligini asrash borasida adolatli qaror boʻladi.

Koʻp odam toʻplanishi karantin talablariga mutlaqo zid ekanini, shuningdek, bizning quda-andalarimizdan kutayotgan orzu-havasga yoʻgʻrilgan eʼtiborimiz oilalarda ijtimoiy muhit barqarorligiga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkinligini unutmaylik.

Qadrli vatandoshlar!

Bugungi sinovli kunlarda oʻzimiz hamda atrofdagi insonlar sogʻligi va baxti uchun qilinayotgan bu ehtiyot choralar haqida, oʻylaymizki, barchangiz teran mushohada yuritasiz hamda ularga qatʼiy amal qilishni avvalo, oʻzingizdan boshlaysiz. Ishonamizki, keyingi hayit bayramlarida yuqorida aytib oʻtilgan barcha niyatlarimizni birgalikda amalga oshiramiz.

Yaqinlashib kelayotgan Ramazon hayiti ayyomi barchangizga muborak boʻlsin.


1 131
O'zA