O‘zA O`zbek

26.03.2020 Chop etish versiyasi

Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligining aholiga murojaati

Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligining aholiga murojaati

Hurmatli yurtdoshlar, ayni kunlarda koronavirus infeksiyasi butun dunyo ahli salomatligiga jiddiy xavf solib, mamlakatimizda ham yetarli xavotir uygʻotmoqda.

Shu sababdan davlat va hukumat tomonidan kasallik mamlakat boʻylab keng tarqalib ketishining oldini olishga qaratilgan barcha profilaktik va boshqa zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Shu yilning 18-mart kuni muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev xalqimizga murojaat qilib, “Millati, tili va dinidan qatʼi nazar, hammamiz yakdilmiz va, ishonamizki, bu qiyinchiliklar, albatta, oʻtib ketadi. Buning uchun, birinchi navbatda, shifokorlar tavsiyalariga amal qilib, shaxsiy gigiyena va sanitariya qoidalariga har birimiz oʻz oilamiz, bolalarimiz bilan uyimizda, ishxonamizda va boradigan joylarimizda qatʼiy amal qilishimiz zarur. Kasallikni yashirmasdan, oʻz vaqtida murojaat qilish uning oldini olishda eng samarali choradir”, deb har birimizning ijtimoiy masʼuliyatimizni taʼkidlab oʻtdilar.

Muhtaram vatandoshlar, ushbu kasallikka qarshi kurash boʻyicha saʼy-harakatlar va amaliy ishlar muhtaram Prezidentimiz umumiy nazorati ostida oʻtkazilmoqda, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri rahbarligidagi maxsus komissiya tomonidan qisqa muddatlarda barcha topshiriq va koʻrsatmalar kechayu kunduz bajarilmoqda.

Barchamiz shaxsiy gigiyena qoidalariga qatʼiy amal qilib, zaruriyat boʻlmasa koʻchaga chiqmasligimiz, hech bir istisnosiz niqobda boʻlishimiz, karantin bilan bogʻliq vaziyatni vazminlik va tushunish bilan qabul qilishimiz, turli asossiz va sarosima uygʻotadigan yolgʻon xabarlarga ishonmasligimiz lozim. Infeksiyaning keng tarqalishiga sababchi boʻlmaylik!

Qadrli fuqarolar, mahalladoshlar, sogʻligingizni asrash uchun tavsiya etilayotgan barcha koʻrsatmalarga toʻliq amal qilishingiz, katta hayotiy tajribangiz orqali barchani ogohlikka chaqirishingiz,aholining vahimaga tushmasligi va ogʻir-bosiqlik bilan yondashishi yoʻlida oʻz maslahatlaringizni ayamasliklaringizni soʻrar edik.

Xonadonlarimiz farishtalari – ota-onalarimiz, bobo-buvilarimiz, yoshi ulugʻ qoʻni-qoʻshni va mahalladoshlarga har qachongidan-da koʻra koʻproq gʻamxoʻrlik va eʼtibor koʻrsataylik. Ularning ahvolidan doimiy boxabar boʻlaylik, talab va istaklarini bajo keltirib, duolarini olaylik! Ayniqsa, yakka-yolgʻiz, beva-bechoralar, ehtiyojmand oilalarda yashovchilarning osh-ovqat va dori-darmonsiz qolib ketmasligi uchun muruvvat hamda saxovat yordamlarini koʻrsataylik!

Unutmaylikki – keksalik har birimiz boradigan umr pallasi. Bugun biz tomonimizdan nuroniy keksalarga koʻrsatilayotgan ehtirom va gʻamxoʻrlik, qoʻllab-quvvatlash vaqtlar oʻtib, farzandlarimiz, nabiralarimiz va mahalladoshlarimizdan albatta qaytajak.

Qadrli vatandoshlar, xalqimizda “har yomonda bir xayr bor” degan purhikmat naql bor. Shunday ekan, yoshlar uchun oʻquv mashgʻulotlari toʻxtatilganini qulay imkoniyat deb bilib,karantin vaqtida koʻchaga chiqmasdan, uyda kitob va turli adabiyotlar oʻqishi, fanlar ustida mustaqil ishlashlari, onlayn dasturlar orqali xorijiy tillarni oʻzlashtirishiga ahamiyat qarataylik!

Shuningdek, Sizlardan yurtimiz boʻylab koronavirus xavfining oldini olish va unga qarshi kurashishga qaratilgan xayriya tadbirlarida imkon qadar ishtirok etish, muhtoj oilalar va ularning farzandlari uchun qoʻlingizdan kelgan yordamni koʻrsatishda faol boʻlishingizni soʻraymiz.

Unutmaylik, koronavirus butun dunyo xalqlari boshiga kelgan bir sinov. Biz, albatta, oʻzaro hamjihat boʻlib, bir-birimizga koʻmak koʻrsatib, yuksak burchdorlik hissi bilan ushbu sinovli kunlardan ham eson-omon oʻtib olamiz.

Barchangizga farovonlik, oilangizga xotirjamlik, masʼuliyatli va sharafli ishlaringizda omadlar, yurtimizga tinchlik-omonlik tilaymiz!

621
OʻzA