Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

08.01.2018 12:01 Chop etish versiyasi

Mahalla raislari metallom yig‘ishga majburmi?

Termizda Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Surxondaryo viloyati kengashi boshqaruvining 2017-yil faoliyati yakunlari va 2018-yildagi ustuvor vazifalari ijrosiga bag‘ishlangan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Videoselektor shaklida o‘tkazilgan yig‘ilishda Surxondaryo viloyati hokimi o‘rinbosarlari va mas’ul xodimlar, Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha viloyat kengashi raisining o‘rinbosarlari, shahar va tuman kengashlari raisining birinchi o‘rinbosarlari, huquq-tartibot idoralari, aloqador tashkilot va muassasalar rahbarlari ishtirok etdi. Shahar va tuman studiyalarida Termiz shahri va tumanlar hokimlari, shahar va tuman kengashlari raisi o‘rinbosarlari, hamkor tashkilot va idoralar rahbarlari, mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari yig‘ilishda ko‘rilgan masalalarni bevosita kuzatib borish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Surxondaryo viloyati hokimi, Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha viloyat kengashi raisi E.Turdimov boshqargan yig‘ilishda mamlakatimizda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari nufuzini oshirish, tashkiliy asoslarini yanada takomillashtirish, davlat hokimiyati va boshqaruv organlari bilan hamkorligini mustahkamlash yuzasidan amalga oshirilayotgan islohotlar yurtimiz tinchligi va aholi farovonligini ta’minlashga xizmat qilayotgani ta’kidlandi.

Viloyatda 717 mahalla fuqarolar yig‘ini faoliyat yuritmoqda. O‘zini o‘zi boshqarish organlarining xalq bilan davlat o‘rtasidagi ishonchli ko‘prik vazifasini bajarishi uchun barcha sharoit yaratilgan.

Joylardagi mahallalar faoliyatini muvofiqlashtirish va ularni xalq bilan yaqinlashtirishga ko‘maklashish uchun Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha shahar, tuman kengashlariga katta ishonch bildirilib, Prezidentimiz tomonidan xizmat avtomashinalari sovg‘a qilingani ham sohaga qaratilayotgan e’tiborning yorqin ifodasidir.

Viloyatdagi mahallalarda aholining osoyishta va farovon hayotini ta’minlash, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, xotin-qizlarning ijtimoiy mavqeini yuksaltirish, intellektual salohiyatini yanada oshirish, huquq va manfaatlarini himoya qilish, yosh oilalarni qo‘llab-quvvaatlash, “Oila – mahalla – ta’lim muassasasi” hamkorlik tizimini mustahkamlash kabi yo‘nalishlarda olib borilayotgan ishlarni sifat jihatidan yaxshilashga e’tibor kuchaytirilmoqda. Bu borada amalga oshirilayotgan ishlar natijasida viloyatda umumiy jinoyatlar 2016-yilga nisbatan 966 taga kamayib, 127 mahalla fuqarolar yig‘inida umuman jinoyat sodir etilmagan. Biroq, 58 mahalla fuqarolar yig‘inida 10 dan ortiq jinoyat yuz bergan.

Chuqur tanqid va tahlil asosida o‘tgan yig‘ilishda o‘zini o‘zi boshqarish organlarida yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar va mavjud muammolar ham atroflicha tahlil qilinib, mutasaddilar hisoboti tinglandi. Jumladan, 58 mahalla fuqarolar yig‘inida vakant vazifalar mavjud. 150 dan ortiq mahalla fuqarolar yig‘ini o‘zining binosiga ega emas. Sariosiyo, Qumqo‘rg‘on, Oltinsoy, Termiz kabi tumanlarda o‘zini o‘zi boshqarish organlarini bino bilan ta’minlash ishlari o‘z holiga tashlab qo‘yilgan. Qiziriq tumanida mahalla fuqarolar yig‘ini raislari metallolom yig‘ishga jalb etilgani yoki "Istiqlol” mahalla fuqarolar yig‘ini binosi "nol" xarid qiymatida tadbirkorlarga xususiylashtirib berilganini qanday izohlash mumkin? Shuningdek, ayrim mahallalarni zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va mebel jihozlari bilan ta’minlash ham e’tibordan chetda qolgan.

Yig‘ilishda Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha viloyat kengashining 2018-yildagi rejalari belgilab olindi. Yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan topshiriqlar berildi.

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA
8 379