O‘zA O`zbek

26.03.2020 Chop etish versiyasi

Mahalla raisi aholiga bepul tibbiy niqob tarqatdi

Mahalla raisi aholiga bepul tibbiy niqob tarqatdi

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Nukus shahridagi “Gone qala” mahalla fuqarolar yigʻini raisi Gulinar Utemuratova hudud aholisiga bepul 1000 dona tibbiy niqob tarqatdi.

–Davlatimiz rahbarining joriy yilning 18-mart kuni mahalla va oila masalalariga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishidagi koronavirus muammosi boʻyicha xalqimizga murojaati doirasida aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi va xavfsizligini taʼminlash, koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish maqsadida keng koʻlamli targʻibot-tashviqot ishlari olib borilmoqda, – deydi mahalla raisi Gulinar Utemuratova. – Ayniqsa, barcha koʻngilochar obyektlar, ommaviy tadbirlar, taʼlim muassasalari, maktabgacha taʼlim tashkiloti faoliyati vaqtinchalik toʻxtatilgan bir paytda hudud aholisiga zarurligi boʻlmasa uydan chiqmasdan, oilada qolishini targʻib qilish muhim ahamiyat kasb etadi.

Fuqarolarning hayoti va sogʻligʻini muhofaza qilish, ularni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash ishlariga hududimizdagi tadbirkorlarni jalb qilgan holda xayriya aksiyasi oʻtkazilmoqda. Jumladan, “Toʻmaris” tikuvchilik sexining rahbari Zuxra Dauimova ushbu tashabbusimizni qoʻllab-quvvatlab, 1000 dona tibbiy niqob tayyorlab berdi. Ushbu niqoblar birinchi navbatda nogironligi boʻlgan shaxslarlarga, kam taʼminlangan oila aʼzolariga, keksalarga tarqatildi. Bundan tashqari, tadbirkorlarimiz oziq-ovqat mahsulotlari, sanitariya-tibbiy vositalardan va boshqa yoʻnalishda moddiy yordam koʻrsatish istagini bildirmoqda. Albatta, mana shunday tashabbuslar bilan qiyinchiliklarni yengib oʻtamiz.

–Koʻzi ojizlar uchun berilgan ushbu toʻrt qavatli turar joyda 45 ta oila istiqomat qiladi, – deydi Qadirbay Saparniyazov.– Bunday sinovli kunlarda bizlarni qoʻllab-quvvatlayotgan mahalla raisiga, saxovatli tadbirkorlarga minnatdorlik bildiramiz.

Hududda bunday xayriya tadbirlari davom etmoqda.

653
Dovud ABIBULLAYEV, OʻzA