Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

18.08.2017 13:07 Chop etish versiyasi

Mahalla – ibratli to‘y tashabbuskori

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Payariq tumani kengashi raisi Jamshid Oxunov tumanning Mirzo Ulug‘bek nomidagi mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Muhabbat Qozoqovaga yoshlarni jalb qilgan holda keng aholi qatlami ishtirokida to‘ylarni kamchiqim, milliy qadriyatlarimizga xos tarzda o‘tkazish, turli odatlarga chek qo‘yishga bag‘ishlab uchrashuv o‘tkazish taklifini bildirdi.

– Mayli, – dedi opa taklifni ma’qullab. – Faqat uchrashuv emas, ixcham to‘y qilib, namuna ko‘rsatamiz. Mahallamizda ayrim oilalar to‘y o‘tkazishga qiynalib turibdi. Keling, ularning to‘yini o‘tkazishga ko‘maklashib, dabdabasiz, turli noma’qul odatlardan xoli marosim tashkil etamiz.

Mahalla faollari aholi bilan uchrashib, tashabbusdan ularni xabardor qildi. Bitta nikoh va uch nafar bolaning sunnat to‘yini o‘tkazishga tumandagi korxona va tashkilotlar, mahalla tadbirkorlari yordam beradigan bo‘ldi.

– Tashabbusimiz tuman hokimligi tomonidan ham qo‘llab-quvvatlandi, – deydi Mirzo Ulug‘bek nomidagi mahalla fuqarolar yig‘ini raisi M.Qozoqova. – Hududimiz tuman davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i sektorida bo‘lgani uchun u kishi ham baholi qudrat yordam berishini bildirdi. Yigirmaga yaqin tadbirkor sarf-xarajatlarni o‘z zimmasiga oldi. To‘yxona egasi hech qanday to‘lovsiz xizmat qilib beradigan bo‘ldi. Shu tariqa mahallamizda avtomobil tuzatish ustaxonasida ishlaydigan Aktam Qarshiyevning nikoh to‘yi va yana uch oila bolalarining sunnat to‘yini ularning yaqin qarindoshlari, mahalla faollari – 250 kishini taklif etib o‘tkazdik.

– Hozir to‘ylardagi eng yomon holat – kelin-kuyovning nikohdan o‘tish uchun 10-15 mashina bilan sayrga borishidir, – deydi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Payariq tumani kengashi raisi J.Oxunov. – Bu to‘yda ushbu odatga chek qo‘yib, kelin-kuyov va ularning do‘stlari uchta mashinada borib, nikohdan o‘tib keldi. Dasturxonga spirtli ichimlik qo‘yilmadi. To‘yda tuman madaniyat bo‘limi san’atkorlari xizmat qildi. Yoshlar, mahalla faollari yangi oila va to‘y bolalarni tabrikladi, yaxshi tilaklar bildirildi. "Sevgi tarixi", "vals" kabi ortiqcha marosimlar o‘tkazilmadi.

Marosimda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi vakillari yangi yosh oilaga televizor sovg‘a qildi. To‘ylarni ana shunday tartibli, ortiqcha sarf-xarajatlarsiz o‘tkazish zarurligi ta’kidlandi.

– Turmush o‘rtog‘im bilan unashtirilganimizga ancha bo‘ldi, – deydi Aktam Qarshiyev. – Lekin 300-400 kishiga dasturxon yozish qiyin bo‘lib ketgani uchun to‘y qilishga imkon topolmayotgan edik. Mahalla va yoshlar ittifoqining tashabbusi bilan to‘yimiz namunali tarzda o‘tkazib berilganidan xursandmiz. To‘yga sarflashimiz kerak bo‘lgan mablag‘ni endi ro‘zg‘orimiz kam-ko‘stini to‘ldirishga ishlatamiz.

G‘olib Hasanov, O‘zA
1 275






Все о погоде - Pogoda.uz