Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

08.02.2017 14:28 Chop etish versiyasi

Mahalla hayotida muhim qadam

Mahallamiz tinch-obod bo‘lsa, hayotimiz yanada fayzli bo‘ladi, jamiyatdagi mehr-oqibat, ahillik va bag‘rikenglik mustahkamlanadi, mamlakat farovon bo‘ladi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 3-fevraldagi “Mahalla institutini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bu boradagi ishlar samaradorligini yanada oshirishda muhim dasturilamal bo‘lmoqda.

Har kuni erta tongda ishni ko‘chalarni aylanishdan boshlayman. Xonadonlarga kirib, hol-ahvol so‘rayman. Ularning dardu tashvishi mahallaning ham tashvishi. To‘g‘risini aytsam, mahallada bir kun bo‘lmasam, qimmatbaho narsamni yo‘qotgandek halovatim yo‘qoladi. Zero, mehr-oqibat, qo‘ni-qo‘shnichilik, insoniylik kabi fazilatlar shu go‘shada shakllanadi.

Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida mahallaning jamiyatdagi mavqeini yuksaltirish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, vazifa va vakolatlari doirasini kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi. O‘tgan yillarda mahalla jamiyat boshqaruvida o‘z o‘rniga ega bo‘ldi. Bir paytlar mahallaga faqat to‘y-ma’raka, oilaviy muammolar bilan shug‘ullanuvchi idora deb qaralgan bo‘lsa, bugun kundalik hayotimizning deyarli barcha masalalari shu yerda hal etilmoqda.

Sakkiz yildan buyon mahallada ishlayman. Mahallamizda 2 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladi. Jamiyatdagi obodlik, orastalik mahalladan boshlanadi. 2016-yilda aholi bandligini ta’minlash maqsadida tadbirkorlik, milliy hunarmandlikni rivojlantirish orqali 50 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratildi. Tomorqachilik madaniyatining yuksalishi ham aholi daromadi va turmush farovonligini oshirishda muhim manba bo‘lib xizmat qilayotir.

Mahalla – tarbiya va ma’naviyat maskani. Hududimizda “Eng namunali oila”, “Eng orasta hovli” kabi ko‘rik-tanlovlar, turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazish an’anaga aylangan. Amalga oshirilayotgan bunday ishlar samarasida hududimizda jinoyatchilik, huquqbuzarlik holatlariga umuman barham berildi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning mazkur farmonida “Mahalla markazi” majmualari va fuqarolar yig‘inlari idoralari binosini namunaviy loyiha asosida qurish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash belgilangani faoliyatimiz samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiladi. Ayniqsa, mahalla fuqarolar yig‘ini raisining jamoatchilik asosida faoliyat yuritadigan o‘rinbosari – yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchi lavozimining joriy etilishi yosh avlod kelajagiga bo‘lgan doimiy e’tiborning yana bir ifodasidir. “Mahalla iftixori” ko‘krak nishoni ta’sis etilishi faollarimizni rag‘batlantirishda muhim omil bo‘ladi.

Mahalla nufuzi va maqomini yanada oshirish hamda uni chinakam xalqchil tuzilmaga aylantirishga qaratilgan ushbu farmon xalqimiz dilidagi ish bo‘ldi. Bularning barchasi yurtimiz farovonligiga xizmat qiladi.

Dilorom Nazirova,
Farg‘ona viloyati Rishton tumani
“Miskin” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi,
“Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni sohibasi.

O‘zA
1 655






Все о погоде - Pogoda.uz