Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

04.08.2017 19:08 Chop etish versiyasi

Mahalla – aholiga eng yaqin xalqchil tuzilma

Milliy matbuot markazida Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashi tomonidan «Mustaqillik yillarida mahalla instituti: tajriba, amaliyot va ustuvor vazifalar» mavzuida matbuot anjumani o‘tkazildi.

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashi raisining o‘rinbosarlari Z.Ro‘ziyev, A.Mirzajonov va boshqalar mustaqillik yillarida barcha sohalar qatorida jamiyatimizning milliy boshqaruv idorasi bo‘lgan mahalla institutini har tomonlama rivojlantirish, uning jamiyat hayotidagi nufuzini oshirish, samarali faoliyat yuritishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish borasida ulkan ishlar amalga oshirilganini ta’kidladi. Mahallalar fuqarolik jamiyatining muhim bo‘g‘ini sifatida yurtimizda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlarning faol ishtirokchisiga aylandi. Dunyoda o‘xshashi yo‘q noyob tuzilma – mahalla instituti shakllandi.

Mahallalar hamda ulardagi jamoatchilik tuzilmalari faoliyatiga oid O‘zbekiston Respublikasining ikkita qonuni hamda boshqa me’yoriy hujjatlar yurtimizdagi 10 mingga yaqin fuqarolar yig‘iniga dasturilamal bo‘lmoqda.

– Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 3-fevraldagi «Mahalla institutini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyati samaradorligini yanada oshirishda, mahalla institutini aholiga eng yaqin va xalqchil tuzilmaga aylantirishda muhim tarixiy qadam bo‘ldi, – deydi Toshkent viloyati Qibray tumanidagi «Yangiyo‘l» mahalla fuqarolar yig‘ini maslahatchisi Ra’no Ergasheva. – Ushbu hujjat fuqarolar yig‘inlarining mushtarak manfaatlarini ifoda etadigan uyushmaga birlashish huquqlarini ro‘yobga chiqarish, ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash hamda davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari bilan o‘zaro hamkorligini yanada rivojlantirishning tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlarini belgilab berdi.

Tadbirda mustaqillik yillarida tizimni rivojlantirish bo‘yicha olib borilgan keng ko‘lamli ishlar mahalla institutini har tomonlama rivojlantirishga xizmat qilgani qayd etildi. Ilg‘or tajribalarni yanada ommalashtirish va mavjud kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan takliflar bildirildi. Ishtirokchilarning mavzuga oid fikr-mulohazalari tinglandi.

Mohigul Qosimova, O‘zA
979






Все о погоде - Pogoda.uz