O‘zA O`zbek

15.05.2019 21:08 Chop etish versiyasi

Mahalla ahlining ishonchi – ulkan masʼuliyat

Mahalla ahlining ishonchi – ulkan masʼuliyat

Fuqarolar yigʻinlari raislarining vakolat muddati 2019 yilning may oyida tugashi munosabati bilan ayni paytda mamlakatimizdagi mahallarda saylovlar oʻtkazilmoqda.

Yashnobod tumanida shu kunga qadar 35 ta mahallada saylov oʻtkazildi va jarayon davom etmoqda.

Poytaxtimizning Yashnobod tumanida 58 ta mahalla fuqarolar yigʻini mavjud boʻlib, tumandagi “Tarnov boshi” mahalla fuqarolar yigʻini raisligiga saylov ham koʻtarinki kayfiyatda oʻtdi. Mazkur mahalla fuqarolar yigʻinining saylash huquqiga ega boʻlgan 1 ming 909 nafar fuqarosidan 86 foizi belgilangan tartibga asosan saylov jarayonida ishtirok etdi. Nomzodlardan biri Mahamadjon Mamatqulov 83 foiz ovoz bilan MFY raisligiga saylandi.

– Mahalla ahlining menga bildirilgan ishonchi zimmamga katta masʼuliyat yuklaydi, – deydi M.Mamatqulov. – Umid qilamanki, mahalladoshlarim ish faoliyatim mobaynida ham meni qoʻllab-quvvatlaydi. Ular bilan hamjihatlikda, oilalar mustahkamligi, mahallamiz osoyishtaligi va obodligini taʼminlab, yoshlar taʼlim-tarbiyasi, xotin-qizlar ijtimoiy muhofazasi masalalarida samarali ishlarni tashkil qilamiz.

M.QOSIMOVA, OʻzA
617