O‘zA O`zbek

28.09.2019 Chop etish versiyasi

Mahalla – adolat tamoyillari koʻzgusi

Mahalla – adolat tamoyillari koʻzgusi
Termiz shahridagi Matbuot uyida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining viloyat boshqarmasi, Fuqarolarning oʻzini-oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha Respublika va Surxondaryo viloyati kengashi hamkorligida matbuot anjumani oʻtkazildi.

Mamlakatimizda oʻzini oʻzi boshqarish organlarining jamiyatdagi nufuzini yanada oshirishga qaratilayotgan eʼtibor hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirib, xalqimizning osuda, obod turmushini taʼminlashga xizmat qilmoqda. Ayni paytda mahalla fuqarolar yigʻini rahbarlari davlat hokimiyatining oʻttizdan ziyod vakolatiga ega boʻlgan vazifalarni sidqidildan bajarib, yurtimiz farovonligi va aholi tinchligi yoʻlida muayyan ishlarni amalga oshirayotir. Odamlarning quvonchu tashvishlariga sherik boʻlib, ular duch kelayotgan muammolarni hal etishga koʻmaklashmoqda. Jumladan, joriy yilning oʻtgan davrida fuqarolarning oʻzini-oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha viloyat, tuman va shahar kengashlari vohadagi 428 ming 335 oilada boʻlib, ular bilan yuzma-yuz muloqot qildi. 27 mingga yaqin muammo aniqlanib, 25 ming 946 tasi joyida yechim topdi.

Viloyatda 719 ta mahalla fuqarolar yigʻini faoliyat yuritmoqda. Ular tomonidan 28 ming 798 fuqaroga oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishi uchun imtiyozli kredit mablagʻi bilan taʼminlashga tavsiyanoma berildi. Hozirgacha 13 mingdan ortiq fuqaroga 280 milliard 999 million soʻm imtiyozli kredit ajratildi. Bu mablagʻ evaziga oilaviy tadbirkorlar chorvachilik va parrandachilik, baliqchilik, bogʻdorchilik, tikuvchilik, xizmatlar koʻrsatish, hunarmandchilik va qandolatchilik kabi yoʻnalishlarda oʻz biznesini yoʻlga qoʻydi. Shuningdek, ehtiyojmand oilalarni qoʻllab-quvvatlash, ularning farzandlarini toʻgaraklarga jalb etish, aholining kitobxonlik madaniyatini oshirish, maʼnaviyatini yuksaltirish kabi masalalarda ham sezilarli ishlar olib borilmoqda.

“Mahalla jamiyatimizdagi adolat tamoyillarining koʻzgusi” mavzuiga bagʻishlangan matbuot anjumanida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining viloyat boshqarmasi boshligʻi S.Salomov, Fuqarolarning oʻzini-oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha Respublika kengashi axborot xizmati rahbari A.Umarova, fuqarolarning oʻzini-oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha Surxondaryo viloyati kengashi raisining birinchi oʻrinbosari R.Avazov va boshqalar shu haqda atroflicha fikr yuritdi. Jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob berdi.

1 489
Xolmoʻmin MAMATRAYIMOV, OʻzA muxbiri