O‘zA O`zbek

28.08.2018 09:49 Chop etish versiyasi

Madina Vahobova – “XXI asr ayoli” tanlovi gʻolibasi

Madina Vahobova – “XXI asr ayoli” tanlovi gʻolibasi

Namanganda “XXI asr ayoli” koʻrik-tanlovining viloyat bosqichi oʻtkazildi.

Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi viloyat kengashi “Ayollar qanoti” tomonidan “Donolik va tashabbuskorlik siyosiy yetakchilik mezoni” shiori ostida tashkil etilgan tanlovda mamlakatimizda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, partiya kadrlar zaxirasini siyosiy yetuk ayollar bilan kengaytirish, ularning innovatsion gʻoyalarni yuzaga chiqarishga koʻmaklashish va qoʻllab-quvvatlashga alohida eʻtibor qaratilayotgani taʻkidlandi.

– Partiya dasturi va saylovoldi platformasida belgilangan vazifalar asosida oʻtkazilayotgan tanlovdan koʻzlangan maqsad qonunchilik, ijro hamda sud hokimiyati sohalarida faoliyat koʻrsatayotgan bilimli va malakali xotin-qizlarni ragʻbatlantirish, partiyaning kadrlar zaxirasini mustahkamlash, aholining milliy saylov qonunchiligi borasidagi bilimini yanada boyitishdir, – deydi partiya viloyat kengashi raisi vazifasini bajaruvchi Gʻ.Toʻychiboyev. – Ushbu loyihani amalga oshirish jarayonida partiya saflarida siyosiy va huquqiy bilimi yuqori boʻlgan xotin-qizlar koʻpligi aniqlandi.

Tanlovda 11 nafar ishtirokchi “Partiya mening taqdirimda”, “Partiya faoliyatida tashabbuslarim” va “Partiya dasturi va qonunchilikka takliflar” kabi uch shart asosida bahslashdi. Ishtirokchilar ayollarimizda milliy gʻurur, Vatanga sadoqat, qadriyatlarga hurmat tuygʻusini oshirish, kelajakda oila va jamiyatda munosib oʻrin egallashiga koʻmaklashish, xotin-qizlarga doir qonun loyihalari, joylarda ayollar muammolarini oʻrganish va ularni hal etish yuzasidan taqdimotlar oʻtkazdi.

Ayniqsa, chustlik Madina Vahobovaning ichki va tashqi turizmni rivojlantirish, tadbirkorlik orqali aholi farovonligi va bandligini yaxshilashga qaratilgan ishlari aks etgan taqdimot yigʻilganlarda katta taassurot qoldirdi. Uning tashabbusi bilan 2014-yilda tashkil etilgan “Madina Zakovat Ziyo” oʻquv markazida yoshlarga rus, ingliz va koreys tillari oʻrgatilmoqda. Koreya Respublikasidagi ishbilarmon hamkorlar bilan kelishuvga koʻra, oʻquv markazida tahsil olgan yoshlar 18 ta xorijiy taʻlim muassasasiga oʻqishga yuboriladi.

Ishtirokchilarning chiqishi hakamlar hayʻati tomonidan munosib baholandi. Chust tumanidagi “Madina Zakovat Ziyo” oʻquv markazi rahbari Madina Vahobova birinchi oʻrinni egallab, tanlovning mamlakat bosqichiga yoʻllanma oldi. Ikkinchi oʻringa Yangiqoʻrgʻon tumanidagi iqtisodiyot va transport kasb-hunar kolleji oʻqituvchisi Gulnoza Hayitmirzayeva, uchinchi oʻringa esa Uychi tumanidagi 24-umumtaʻlim maktabi oʻqituvchisi Mohigul Rahimova sazovor boʻldi.

Tanlov gʻoliblari va faol ishtirokchilari tashkilotchilar tomonidan diplom hamda esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.

Oqilxon Dadaboyev

O'zA
2 536