O‘zA O`zbek

02.08.2018 21:30 Chop etish versiyasi

Madaniyat va san’at sohasida davlat-xususiy sheriklik

Madaniyat va san’at sohasida davlat-xususiy sheriklik

E’tibor qilgan bo‘lsangiz, so‘nggi paytlarda “davlat-xususiy sherikligi” degan ibora tez-tez tilga olinadigan bo‘ldi. Prezidentimiz tomonidan “Madaniyat va san’at sohasida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorga imzo chekildi.

7d3801d4-56f7-43c8-9c64-782e97d9c644.jpgAlbatta, bu jarayonda ham davlatning, ham tadbirkor sherikning foyda olishi ko‘zda tutilgan. “Foyda olish” degan iboraga yopishib olmaslik kerakki, o‘sha foydani faqat xususiy sherik emas, mundoq o‘ylab qarasangiz, davlat ham oladi. Davlatning foydasi – deylik, uzoq hududlardagi yillar mobaynida ishlatilmay, xor bo‘lib yotgan, bir vaqtlar ozmi-ko‘pmi, faoliyat yuritgan madaniyat uylari, kinoteatrlar, istirohat bog‘lari – shu bahonada yana ishlay boshlaydi. O‘sha muassasalarning raqamlari esa – hazilakam emas.

Madaniyat vazirligi tasarrufida – 37 ta teatr, 92 ta muzey, 894 ta madaniyat uylari va aholi dam olish markazlari, 242 ta madaniyat va istirohat bog‘lari, 325 vazirlik tizimidagi ta’lim maskanlari, 14 ta ko‘zi ojizlar kutubxonasi, 7 476 ta madaniy meros obyektlari, ya’ni milliy osori-atiqa go‘shalarimiz, 4 ta san’at saroyi va xuddi shuncha (4 ta) hayvonot bog‘i bor. Ularni rivojlantirish kerakmi, kerak...

Davlatning o‘zi shu sohani rivojlantirsa bo‘lmasmidi?

Modomiki, sohadagi muammo, abgor kutubxona-yu, axlat bosgan istirohat bog‘i, to‘yxonaga aylangan kinoteatrlar manzarasidagi holatlar qiyofasida ekan, “Davlatning o‘zi shu sohani rivojlantirsa bo‘lmasmidi?” degan savol ham tug‘ilishi mumkin. Bo‘ladi. Lekin madaniyat va san’at muassasalari qancha tez rivojlansa, shuncha yaxshi. Bunda xususiy tashkilotlar ularga dastmoya kiritadi, o‘sha hududlarda madaniyat va san’at rivojlanishidan manfaat ko‘radigan davlat esa – imkon boricha ularni quvvatlab turadi. Bu – birinchidan.

Ikkinchidan esa, olis-olis qishlog‘-u ovullarga yana qaytadan san’at, madaniyat, urfon kirib boradi. Uchinchidan, raqobatga yo‘l ochiladi, san’at go‘shasini obod qilishda yaxshigina jozibador shartlar taklif qilinmoqda axir.

Demak, qaror bilan madaniyat muassasasiga sarmoya va sa’y-harakatini tikadigan subyektlarga muayyan imtiyozlar ham taqdim etiladi. Masalan, nodavlat sektoridagi kimdir birov madaniyat va san’at yo‘nalishidagi bino qurish uchun bepul asosda doimiy foydalanishga yer uchastkalari olmoqchi, bundan tashqari, xarob binoni rekonstruksiya qilib, jihozlamoqchi, keyinchalik esa ularni otaliqqa olish sharti bilan qurilishlar qilmoqchi bo‘lsa, ularga bepul asosda, boz ustiga, kamida 30 yilga yer uchastkalari taqdim etiladi va muassasalar binolari “nol” xarid qiymatida sotiladi.

Agar xorijlik investor konsessiya asosida qurilish uchun yer uchastkasi yoki rekonstruksiya qilish va jihozlash uchun bino ajratish bo‘yicha taklif bildirsa, buning ham sharti aniq: u bilan 15 yilgacha bo‘lgan muddatga bitimlar imzolanadi. Muddati 10 yillik bitimlar esa – xususiy sherikning mol-mulki negizida tashkil qilingan – madaniyat va san’at nodavlat muassasalarini moddiy-texnik, moliyaviy va metodik ta’minlashga daxldor.

Albatta, bitim deganlari shunchaki, ko‘chadan kelgan odam bilan “bor-barakasiga” tuzib yuborilmaydi. Ular Madaniyat vazirligi va “O‘zbekkino” Milliy agentligi tomonidan o‘tkaziladigan tanlov natijalari bo‘yicha imzolanadi. Va albatta xususiy sherikka ayrim investitsiya majburiyatlari ham yuklanadi.

Masalaning eng nozik – moliyaviy tomoni...

Bunday loyihalarni amalga oshirish mablag‘ga borib taqalishi ayon. Xususiy sarmoyador – tayinki, mablag‘ va kuchini shu ishga tikar ekan, “ha” degan – tuyaga madad” naqlini unutmaslik lozim. Davlat ham ularni qo‘llashi kerak. Yo‘qsa, sheriklikning – ikki tomonlama ekanidan ma’ni yo‘q. Shu bois ham qarorda – shu sohaga yo‘naltiriladigan mablag‘larni O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirish davlat dasturlarini moliyalashtirish jamg‘armasida ochiladigan alohida hisob-varaqda jamlash va tadbirkorlik subyektlariga yo‘naltirish belgilangan. Ammo mablag‘ degani to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘naltirilmaydi – uning o‘z mexanizmi bor.

Bundan tashqari madaniyat va san’at nodavlat muassasalari xarajatlarining bir qismini qoplash uchun – davlat tomonidan subsidiyalar ham ajratish ko‘zda tutilgan.

“Yallo” qilish ketmaydi...

Prezident qarorida Davlat-xususiy sheriklik shartlarida tashkil etilgan madaniyat va san’at nodavlat muassasalari – asosiy faoliyati bo‘yicha barcha soliqlar va davlat maqsadli jamg‘armalariga majburiy ajratmalar to‘lashdan, bundan tashqari, o‘z ehtiyojlari uchun olib kelinadigan texnik vositalar va boshqa jihozlar 3 yil muddatga bojxona to‘lovlari to‘lashdan ozod qilinishi ko‘rsatilgan.

Bunda bittagina va muhimgina shart borki, soliq va bojxona imtiyozlari – madaniyat va san’at sohasida ko‘rsatilayotgan xizmatlardan olinadigan sof tushum ulushi – umumiy realizatsiya hajmining kamida 80 foizini tashkil etgandagina beriladi. Ya’ni nomiga – madaniyat va san’at muassasasi ochib yoki shunday binoni uzoq yilga ijaraga olib, bu yog‘iga do‘kon-po‘kon, to‘yxona va yoxud yemakxona tashkil qilib, “yallo” qilish ketmaydi.

Madaniyat-u san’atdan bahra olishga hammaning haqqi bor!

Qaror bilan, tegishli vazirlik va idoralarga – bir oy muddatda bo‘sh turgan, shuningdek, rekonstruksiya qilinishi va mukammal ta’mirlanishi lozim bo‘lgan madaniyat va san’at muassasalarining foydalanilmayotgan bino va inshootlarini xatlovdan o‘tkazib, ularning ro‘yxatini tuzish, shu bilan birga, har yili 1 fevralga qadar davlat-xususiy sheriklik shartlarida madaniyat va san’at nodavlat muassasalarining binolarini qurish uchun bepul, doimiy foydalanishga ajratilishi mumkin bo‘lgan yer uchastkalarini aniqlab, ularning tasdiqlangan ro‘yxatlarini Madaniyat vazirligi va “O‘zbekkino” Milliy agentligiga taqdim etish vazifasi topshirildi.

Darhaqiqat, yurtning olis-olis hududlaridagi odamlarning ham madaniyat-u san’atdan bahra olishga haqi bor. Madaniyat va san’at go‘shasi o‘z nomiga xos bo‘lib ishlab turganiga nima yetsin?!

Bosh prokuratura huzuridagi Axborot-tahlil 
multimedia markazi bilan hamkorlikda tayyorlandi


O‘zA
7 721