O‘zA O`zbek

02.08.2018 11:31 Chop etish versiyasi

Madaniyat va san’at muassasalari binolari “nol” xarid qiymatida sotiladi

Madaniyat va san’at muassasalari binolari “nol” xarid qiymatida sotiladi

Bu Prezidentimizning joriy yil 1-avgustdagi “Madaniyat va san’at sohasida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilandi.

O‘tkazilgan tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, madaniyat va san’at muassasalari binolarini qurish va ta’mirlash, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, hududlarini obodonlashtirish, aholining madaniy ehtiyojlarini qondirish borasidagi ishlar talab darajasida emas.

Madaniyat va san’at sohasini yanada rivojlantirish, ushbu sohadagi muassasalar tarmog‘ini kengaytirish va ularning moddiy-texnik ahvolini mustahkamlash, aholiga sifatli xizmatlar ko‘rsatishni tashkil etish hamda davlat-xususiy sheriklik uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida:

madaniyat va san’at yo‘nalishidagi nodavlat muassasalari binolarini qurish uchun bepul asosda doimiy foydalanishga yer uchastkalari ajratish;

mavjud davlat madaniyat va san’at muassasalari binolarini rekonstruksiya qilish va jihozlash, keyinchalik esa ularni otaliqqa olish sharti bilan madaniyat va san’at yo‘nalishidagi nodavlat muassasalari obyektlarini qurish uchun bepul asosda yer uchastkalarini taqdim etish;

konsessiya asosida qurilish uchun yer uchastkasi yoki rekonstruksiya qilish va jihozlash uchun bino ajratish;

bo‘sh turgan davlat mulki obyektlarini, shu jumladan, faoliyat ko‘rsatmayotgan davlat madaniyat va san’at muassasalari binolarini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda “nol” xarid qiymatida sotish;

davlat madaniyat va san’at muassasalarining foydalanilmayotgan binolarini (yoki ularning bir qismini) ijara haqining “nol” stavkasida maqsadli foydalanish uchun xususiy sheriklarga berish;

xususiy sherikning mol-mulki negizida tashkil qilingan madaniyat va san’at nodavlat muassasalarini moddiy-texnik, moliyaviy va metodik ta’minlash;

otaliq shaklidagi xayriya faoliyatini olib borish.

O‘zA
2 827