O‘zA O`zbek

22.08.2019 Chop etish versiyasi

Madaniyat haftaligi xalqaro ekspertlar nigohida

Madaniyat haftaligi xalqaro ekspertlar nigohida

Mamlakatimizda “Oʻzbekiston – buyuk yoʻllar va sivilizatsiyalar chorrahasi: imperiyalar, dinlar, madaniyatlar” mavzusida madaniy meros haftaligi boʻlib oʻtmoqda.

Ushbu haftalik doirasida bugun, 22-avgust kuni poytaxtimizda Oʻzbekiston madaniy merosini asrash, oʻrganish va targʻib qilish boʻyicha butunjahon jamiyatining III xalqaro kongressi oʻz ishini boshladi.

OʻzA muxbiri tadbir qatnashchilarining madaniy meros haftaligi, anjumanning Oʻzbekiston boy madaniy-merosini xalqaro miqyosda targʻib qilishdagi ahamiyati haqidagi fikrlari bilan qiziqdi.

Yefim REZVAN, Buyuk Pyotr nomidagi Antropologiya va etnografiya muzeyi direktori oʻrinbosari, tarix fanlari doktori, professor (Rossiya):

– Oʻzbekistonda tarixni oʻrganish va tadqiq qilishga alohida eʼtibor beriladi. Madaniyat haftaligining keng koʻlamda oʻtkazilishi esa oʻzbek xalqining tarixiy oʻzlikni anglashga boʻlgan intilishining yana bir isbotidir.

Haftalik doirasidagi kongressda dunyoning 40 dan ortiq mamlakatidan kelgan sharqshunos va islomshunos olimlar qatnashmoqda. Bu biz, mutaxassislar uchun oʻzaro fikr almashish, Sharqning durdona shaharlari – Toshkent, Samarqand, Buxoro, Termizni oʻrganish, yangidan kashf etish uchun qulay imkoniyatdir. Madaniyat haftaligi doirasida ilk bor Qurʼoni Karimning qadimiy nusxalari Usmon Musʼhafi hamda Katta Langar Qurʼoni namoyish etildi. Bu barcha ilm ahlini birdek quvontirgan hodisa boʻldi.

Frederik STARR, Amerika tashqi siyosati kengashi huzuridagi Markaziy Osiyo va Kavkaz instituti asoschisi, Oʻzbekiston madaniy merosini oʻrganish, asrash va ommalashtirish boʻyicha butunjahon jamiyati ilmiy kengashi aʼzosi:

– Bugun dunyo olimlari Oʻzbekiston madaniyatiga oʻzgacha qiziqish bilan qaramoqda. Mamlakatdagi oʻzgarishlar, erishilayotgan yutuqlarni barcha sharqshunos olimlar eʼtirof etmoqda. Umuman, bu koʻhna diyorning boy tarixi, yuksak taraqqiyoti va salohiyati juda qadim davrlarga borib taqaladi. Madaniyat haftaligi oʻtkazilishining asosiy sababi ham tarixni oʻrganish, ilmni qadrlashga boʻlgan eʼtibor bilan bogʻliq.

Tadbirni 200 ga yaqin mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari yoritib borishyapti. Bu haftalik yuqori saviyada uyushtirilganidan, dunyo hamjamiyati tomonidan Oʻzbekiston madaniyatiga alohida eʼtibor bilan qaralishidan darak. 

Men ham Oʻzbekiston tarixiga juda qiziqaman. Xususan, buyuk alloma Abu Rayhon Beruniyning ijodi, hayot yoʻlini oʻrganish jarayonida u bilan bogʻliq hali eʼlon qilinmagan qiziqarli va ibratli maʼlumotlarni uchratdim. Yaqin yillar ichida barchasini toʻplab, oʻzbek xalqiga taqdim qilmoqchiman.

Sharlotta KRAMER, “Myuller va Shindler” nashriyoti direktori (Avstriya):

– Qadimgi qoʻlyozmalar insoniyatga tarixning eng nozik, qimmatli va oddiy koʻz bilan koʻrish yoki anglash qiyin boʻlgan faktlardan soʻzlaydi. Bir parchagina qoʻlyozmadan oʻsha davr, muayyan davlatning taraqqiyot darajasi, hatto, oʻsha mamlakat hukmdori olib borgan siyosat haqida va boshqa koʻplab aniq maʼlumotlarni olish mumkin.

Hozirgi kunda hamkasbim Aleksandr Vilgelm bilan birga, Oʻzbekiston madaniyati va tarixiga oid 100 ta noyob qoʻlyozma ustida ishlayapmiz. Loyihani “Oʻzbek kitob sanʼatining yuz nodir namunasi” deb nomladik. Dunyoning turli muzeylarida saqlanayotgan qoʻlyozmalar, yozib qoldirilgan ilmiy ishlar, kashfiyotlardan foydalandik. Haftalik doirasida oʻtkaziladigan 15 ta tadbir roʻyxatidan biz toʻplagan nodir qoʻlyozmalar taqdimoti ham oʻrin olgan. Bu voqeani hayajon bilan kutyapmiz. 

858
Dilobar Mamatova yozib oldi, OʻzA