O‘zA O`zbek

18.07.2019 19:04 Chop etish versiyasi

MADANIY MEROSIMIZ DUNYO NIGOHIDA

MADANIY MEROSIMIZ DUNYO NIGOHIDA

26-avgust kuni Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Oʻzbekiston madaniy merosini asrash, oʻrganish va targʻib qilish boʻyicha butunjahon jamiyati, OʻzEOAVMA, OʻzFA, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekistonga oid xorijdagi madaniy boyliklarni tadqiq etish markazi, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, YUNESKO ishlari boʻyicha milliy komissiya hamkorligida Samarqand shahrida “Moddiy va nomoddiy madaniy merosni asrash: dolzarb muammolar va ularni hal qilish strategiyasi” mavzuida xalqaro anjuman boʻlib oʻtadi. Madaniyat vazirligida bu tadbirning mazmun-mohiyati, koʻrilayotgan tayyorgarlik ishlari haqida jurnalistlarga maʼlumot berildi.

Madaniyat vaziri B.Sayfullayev moddiy va nomoddiy madaniy merosimizni asrab-avaylash maqsadida keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilayotganini taʼkidladi.

Samarqanddagi xalqaro anjuman tarixiy-madaniy merosni asrab-avaylash va ommalashtirishda jahon tajribasini oʻrganish, ularni tiklashda yangi strategiya va texnologiyalarni joriy etish, madaniy meros obyektlaridan tijorat maqsadlarida foydalanish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqish maqsadida tashkil etilmoqda.

Tadbirda shaharsozlik, madaniy merosni saqlashning huquqiy tizimini yaratish, bunda AKTdan samarali foydalanish kabi masalalar muhokama qilinadi.

Maʼlum qilinganidek, 22-27-avgust kunlari Toshkent, Termiz va Samarqand shaharlarida “Oʻzbekiston – buyuk yoʻllar va sivilizatsiyalar chorrahasi“ mavzuida maʼrifiy haftalik oʻtkazish rejalashtirilmoqda. Uning doirasida Toshkent shahrida Oʻzbekiston madaniy merosini asrash, oʻrganish va targʻib qilish boʻyicha butunjahon jamiyatining III xalqaro kongressi, Fanlar akademiyasining Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida Oʻzbekistonning yozma merosi durdonalari koʻrgazmasi boʻlib oʻtadi. Oʻzbekiston tasviriy sanʼat galereyasida “Dalvarzin oltini: Kushon imperiyasi va uning jahon sivilizatsiyasi rivojiga hissasi“ nomli koʻrgazma, Samarqand shahrida dunyo xalqlari liboslarini taqdim etuvchi “Eng yaxshi milliy liboslar” tanlovi, Termiz shahrida esa “Oʻzbekiston – sivilizatsiyalar chorrahasi” xalqaro arxeologiya forumi oʻtkazilishi koʻzda tutilgan.

Nazokat USMONOVA, OʻzA
581