Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

01.08.2018 20:31 Chop etish versiyasi

Madaniy aloqalar mustahkamlanmoqda

Madaniy aloqalar mustahkamlanmoqda Tojikiston Respublikasi madaniyat vaziri Shamsiddin Orumbekzoda boshchiligidagi Tojikiston do‘stlik delegatsiyasi O‘zbekistonga keldi.

O‘zbekiston bilan Tojikiston o‘rtasidagi munosabatlar ko‘p asrlik tarixga ega. Keyingi yillarda ikki davlat o‘rtasidagi aloqalar yangi bosqichga ko‘tarildi. Ikki mamlakat Prezidentlari o‘rtasidagi samimiy munosabat mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik, yaqinlik, o‘zaro manfaatli hamkorlikning asosiy omili bo‘lmoqda.

Tojikiston delegatsiyasi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasiga tashrif buyurdi. Uchrashuvda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid, Tojikiston Respublikasi madaniyat vaziri Shamsiddin Orumbekzoda va boshqalar o‘zbek va tojik xalqlarini ko‘p asrlik do‘stlik va yaxshi qo‘shnilik rishtalari, umumiy tarix, yagona din, madaniyat, urf-odat va an’analar mushtarakligi bog‘lab turishi, so‘nggi yillarda ikki davlat rahbarlarining tashabbuslari bilan turli jabhalarda o‘zaro manfaatli hamkorlik rivojlanib borayotganini ta’kidladi.

16.jpg

Yuksalish adabiyot sohasidagi aloqalar mustahkamlanib borayotganida ham namoyon bo‘lmoqda. So‘nggi yillarda milliy adabiyotimiz rivojiga qaratilayotgan alohida e’tibor yurtimiz ijodkorlarining xorijiy, avvalo, qo‘shni mamlakatlar qalam ahli bilan adabiy hamkorlik qilishida muhim omil bo‘layotir.

Tojik xalqi Hazrat Navoiyni, o‘zbek adabiyotini qanchalar e’zozlasa, o‘zbek xalqi ham Abdurahmon Jomiyni, tojik adabiyotini shunchalar qadrlaydi. Alohida ta’kidlash joiz, Samarqand shahrida o‘zbek va tojik adabiyotining ikki buyuk mutafakkiri – Alisher Navoiy va Abdurahmon Jomiy haykali o‘rnatildi. Tojikiston Prezidenti Dushanbedagi Behzod ko‘chasida joylashgan istirohat bog‘ining nomini “Nizomiddin Alisher Navoiy” deb qayta nomlash, u yerda o‘zbek va tojik xalqlari do‘stligining ramzi sifatida Alisher Navoiy va Abdurahmon Jomiy haykallarini o‘rnatishga qaror qildi. Bularning barchasi O‘zbekiston bilan Tojikiston o‘rtasida adabiyot sohasidagi aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladi, albatta.

10 (1).jpg

– Ilgari, yoshligimizda “Toshkent – non shahri” degan ta’rif bo‘lardi, – dedi Tojikiston xalq shoiri Zulfiya Atoiy. – Bugun yurtingizdagi, poytaxtingizdagi ulkan o‘zgarishlar, bunyodkorlik ishlarini, xalqingizning yuzu ko‘zidagi shodumonlikni ko‘rib, Toshkentni muhabbat, samimiyat, ma’naviyat shahri, deb atagim keldi. 20 yildan buyon ijodiy safarlar bo‘lmayotgan edi. Shukrki, endi uzilish davri tugadi, muloqot kunlari boshlandi.

Tashrif doirasida Tojikiston delegatsiyasi poytaxtimizdagi Hazrati Imom majmuasini ziyorat qildi.

Nurillo Nasriyev, O‘zA
2 670