O‘zA O`zbek

31.08.2018 12:17 Chop etish versiyasi

Maʼrifat va taraqqiyot chorrahasidagi shuʼla

Maʼrifat va taraqqiyot chorrahasidagi shuʼla
Kitob jamiki ezgulik va toʻkisliklar asosidir. Shu bois, yaxshi kitob – jon ozigʻi, deyiladi.

Prezident qarori asosida kitob nashr etish va moliyalashtirish choralari amaliyotga tatbiq etilmoqda. Kitob nashr etish va uning savdosi bilan shugʻullanuvchilarga imtiyozlar berilmoqda. Bu saʼy-harakatlar zamirida, avvalo, millat maʼrifati masalasi turibdi.

Mamlakatimizda 140 dan ortiq nashriyot, 450 dan ziyod kitob savdosi majmuasi, 2 mingga yaqin bosmaxona faoliyat koʻrsatmoqda. Ularning har biri ixtisoslikka ega.

Azimboy Boboniyozov,
“Oʻzbekiston” nashriyot-matbaa ijodiy uyi bosh muharriri:

– Nashriyotimiz, avvalo, siyosiy adabiyotlarni chop etadi. Shu bilan bir qatorda adabiy-badiiy, ijtimoiy-siyosiy, maʼnaviy-maʼrifiy, tarixiy, ilmiy adabiyotlar, darsliklar, turli toʻplamlarni ham nashr etayapmiz. Bugun kitob savdosi tizimi mukammal yoʻlga qoʻyilgan.

Kitob oʻquvchilar qoʻliga yetib borguncha qator jarayondan oʻtadi. Muallif yozadi, soʻng uni qaysidir gazeta, jurnalda eʼlon qiladi. Asar qoʻlyozmasini nashriyotga topshiradi. Bu yerda muharrir tahriridan oʻtadi. Texnik muharrirlar bilan birgalikda kitob bichimi ishlab chiqiladi, unga bezak berish uchun rassomlar jalb etiladi. Muqova tasdiqlangach, yana bir bor muharrir nazaridan oʻtadi. Shu tariqa bosmaga tayyor boʻladi.

Kitobni qadrlash, uni asrab-avaylash haqida gap ketganda ilk xalq kutubxonasining asoschisi Fenkor haqida eslash joiz. Uning talabi bilan kitob varaqlarini buklagan kishilarga nisbatan jazo qoʻllanilgan. Qonunga koʻra, aybdorlar jazolangan yoki 7 yil qamoqqa hukm qilingan.

Bugungi kunda respublikamizda kitob mahsulotlari targʻibotini yanada kengroq amalga oshirish, aholi, xususan, yoshlar oʻrtasida kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, ularning kitobga qiziqishini oshirish maqsadida chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bu saʼy-harakatlar, avvalo, yaxshi kitobni targʻib qilishni nazarda tutish barobarida, nashriyot xodimlariga, xususan, muharrirlarga katta masʼuliyat yuklaydi.

Manzar Abdulxayrov, 
“Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi” 
davlat ilmiy nashriyoti bosh muharriri:

– Muharrir qoʻlyozma maʼnosi, magʻzini muallif darajasida anglashi kerak. Aks holda, tahrir jarayonida tushunmovchilik, gʻalizlik, nuqsonlar yuzaga kelishi mumkin. Shu bois, muharrir muallif bilan muloqotda boʻlib, fikru fitratini bilishi, his qilishi shart. Tahrirda faqat orfografiya, imlo qoidalari nazarda tutilmaydi. Jarayon gʻoyaviy tahrir, keraksiz oʻrinlarni qisqartirish, aniqlik kiritish yoki toʻldirish kabi holatlar bilan ham bogʻliq.

Bugun xalqimizning badiiy asarga ehtiyoji tobora ortmoqda. Kitob adadi ham talab va ehtiyojga asoslanib belgilanadi. Baʼzi kitoblar rastalarda oylab, yillab qolib ketadi. Bu manzara mutaxassislar tomonidan muhokama qilinadi, sabablari oʻrganiladi. Shu tariqa keyingi faoliyatimizga yoʻl ochiladi.

Umidjon Xoliqov, 
“Sharq ziyokori” kitob doʻkonlar tarmogʻi direktori:

– Mamlakatimizda kitobxonlik darajasi yuksalib bormoqda. 2017 yili Prezidentimizning kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish borasidagi qarori bu borada, ayniqsa, ahamiyatli boʻldi.

Xalqimiz maʼnaviyatini oshirish uchun bugun qanday kitoblar kerak, degan savolga javob izlandi, soʻrovlar oʻtkazildi. Nashriyot kitobni chop etgandan soʻng uni kitobxonga yetkazib berish savdo-sotiq xodimlariga yuklatilgan. Shu bois, biz talab va istaklarni oʻrganib chiqamiz, bugungi kun talabini yaxshi bilamiz. Nashriyotlarga kitobxonlar ehtiyoji haqida maʼlumot beramiz.

Bugun xalqimiz orasida kitob sovgʻa qilish ezgu anʼanaga aylandi. Zero, kitob mutolaasi insonni yaxshilik sari chorlaydi, taraqqiyotga xizmat qiladi.

Farhod Umarov,
jurnalist

OʻzA
1 190