O‘zA O`zbek

22.07.2019 Chop etish versiyasi

Maʼnaviyat oiladan boshlanadi

Maʼnaviyat oiladan boshlanadi
Jonajon Oʻzbekistonim, mangu boʻl omon! 

Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha Respublika Kengashi Vatanimiz mustaqilligining 28 yilligiga bagʻishlab mahallalarda “Maʼnaviyat oiladan boshlanadi” mavzuida maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkazmoqda.

Mahallalarning ijtimoiy-maʼnaviy muhit barqarorligini taʼminlash, oilalarni mustahkamlash, yoshlarni har jihatdan barkamol qilib tarbiyalash, milliy qadriyat va anʼanalarni asrab-avaylash kabi muhim vazifalar ijrosidagi oʻrni va ahamiyati beqiyocdir.

Davlatimiz rahbarining joriy yil 2-apreldagi “Aholi muammolari bilan ishlashda mahalla institutining mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni mahalla tizimidagi muammolarga yechim topishda yana bir muhim qadam boʻldi. Unga koʻra, “mahalla – sektor – xalq qabulxonasi – mahalla” prinsipi asosida hamkorlik tizimi yaratildi. Hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, uyma-uy yurish, ijtimoiy va boshqa obyektlarni oʻrganish orqali muammolarni aniqlash va hamkorlikda bartaraf etish choralarini koʻrish, taʼsirchan jamoatchilik nazoratini oʻrnatishda ushbu tizimning ahamiyati katta boʻlmoqda.

Har chorakda jamoatchilik nazoratining natijalari, aniqlangan muammolar toʻgʻrisida maʼlumotlar, shuningdek, tegishli mansabdor shaxslarning hisobotini eshitish boʻyicha takliflarni xalq deputatlari mahalliy Kengashlari majlislarida muhokama qilish uchun kiritish anʼanaga aylanmoqda. Shuningdek, aniqlangan muammolarni umumlashtirish hamda hal etish maqsadida elektron axborot almashish tizimini joriy etish, joylarda ijtimoiy-iqtisodiy dasturlar loyihalarini ishlab chiqishda bevosita ishtirok etish va ularning ijrosini taʼminlashda tizimli hamkorlikni oʻrnatishda jamoatchilik nazorati muhim ahamiyat kasb etmoqda. Oilalarning kundalik hayoti, tashvishlari bilan bogʻliq dolzarb masalalar endilikda joylarda hal etilmoqda. 

Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha Respublika Kengashi tashabbusi bilan tizim xodimlarining bilim va koʻnikmasini oshirish, maʼnaviyatini yuksaltirish borasida turli oʻquv-seminarlar, uchrashuvlar, madaniy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkazishga alohida eʼtibor berib kelinmoqda. Bunday uchrashuvlarda istiqlolning qadr-qimmati, yurtimizda shiddat bilan kechayotgan islohotlarning ahamiyati va mohiyati, ayollar, yoshlar, oilalarga koʻrsatilayotgan eʼtiborda fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarning oʻrni xususida atroflicha maʼlumot berilmoqda.

653
N.USMONOVA, OʻzA