O‘zA O`zbek

23.10.2019 Chop etish versiyasi

Ma’naviy yetuk harbiylar – vatanimiz qalqoni

Ma’naviy yetuk harbiylar – vatanimiz qalqoni

Prezidentimiz, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoev joriy yilning 17-18 oktabr kunlari Surxondaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida Janubi-G‘arbiy maxsus harbiy okrugiga qarashli Denov tumanidagi harbiy qismda bo‘lib, Vatanimiz himoyachilari bilan uchrashdi.

Ularga yaratilgan sharoitlar bilan tanishib, harbiylar bilan muloqot qildi. Ma’naviyatini, jangovar shayligini oshirish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berdi.

Surxondaryo viloyati hokimligi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan mazkur vazifalar ijrosi doirasida harbiy qismlarda yozuvchi, shoir va baxshilar, san’atkorlar ishtirokida ana shu mavzuga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etilmoqda.

Mudofaa vazirligining “Termiz” dala o‘quv maydonida bo‘lib o‘tgan tadbirda viloyat hokimi o‘rinbosari, harbiy-ma’muriy sektor o‘rinbosari Ch.Begimqulov, Janubiy operatsion yo‘nalish boshqaruvi guruhi boshlig‘i, polkovnik Q.Tursunov, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha kengash raisining birinchi o‘rinbosari R.Avazov va boshqalar so‘nggi yillarda mamlakatimiz Qurolli Kuchlari tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar Vatanimiz mudofaa qudratini yanada mustahkamlab, ko‘p millatli xalqimiz osoyishtaligi va yurtimiz ravnaqi uchun xizmat qilayotganini ta’kidladi. Dunyo hamjamiyatida O‘zbekistonning nufuzini oshirish va obro‘yini yuksaltirishda muhim omil bo‘layotgani qayd etildi.

– Prezidentimizning harbiy xizmatchilar bilan uchrashuvda harbiylar xalqimizning ma’naviy yetuk farzandlari bo‘lishi kerak. Buning uchun shaxsiy tarkibning ma’naviy yetukligini, harbiy xizmatchilarning jangovar tayyorgarligini yuksaltirish lozim, degan gaplarida chuqur ma’no mujassam, – deydi Janubiy operativ yo‘nalishi boshqaruv guruhi boshlig‘ining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, podpolkovnik Z.Yusupov. – Zero, ma’naviy barkamol inson yurtga sodiq, vatanparvar va botir bo‘ladi. Bunday fazilatni yosh harbiylar qalbiga chuqur singdirishda hududning milliy qadriyat va an’analarini o‘rganish muhim ahamiyat kasb etadi.

Viloyatdagi harbiy qismlarda mazkur yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini oshirish uchun tegishli chora-tadbir belgilab olindi. Harbiylar qismlarini ot bilan ta’minlab, mamlakatimizning boshqa hududlaridan kelgan askarlarni ot minishga o‘rgatish, vohaning qadimiy musiqa asbobi – do‘mbira chertishga ko‘nikmasini shakllantirish, mardlik, jasorat, sadoqat va vafo kabi buyuk qadriyatlar ulug‘langan “Alpomish” singari noyob dostonlar mutolaasini yo‘lga qo‘yishga e’tibor qaratildi.

– Davlatimiz rahbari harbiy qismda bo‘lganlarida Siz Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi kabi buyuk ajdodlarimiz vorislari ekanligingizni doim his qilib, shunga munosib xizmat qilsangiz, yoshlarimiz vatanparvarlik, ona yurtga sadoqat tuyg‘ularini sizlardan o‘rganadi, deya alohida ta’kidladi, – deydi Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi rahbari F.Sharipov. – Harbiylar ongu-shuurida bunday hislatlarni shakllantirishda kitobxonlik va xalq og‘zaki ijodi nodir namunalari bo‘lgan dostonlarning o‘rni kattadir. Ushbu tadbir ham ana shunday maqsadlarga yo‘naltirilgani bilan ahamiyatli bo‘layotir.

Tadbirda harbiylar ot egarlash va uni minishning sir-asrorlari bilan tanishdi. O‘zbekiston xalq baxshisi Abdunazar Poyonov baxshichilik san’ati bo‘yicha mahorat darsi o‘tib, “Alpomish” dostonidan parchalar kuyladi. Vatan, tinchlik, obodlik, jasorat va milliy qadriyatlarimiz ulug‘langan she’rlar o‘qildi. Diltortar qo‘shiq va nafis raqslar ijro etildi.

Janubi-G‘arbiy maxsus harbiy okrugiga qarashli Denov tumanidagi harbiy qismda ham ana shunday ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.

Harbiy qismning o‘quv binolaridagi kompyuter xonalari, elektron kutubxona harbiylarning zamonaviy bilim va ilg‘or ko‘nikmalarni egallashi, o‘z ustida muntazam ishlashiga yaqindan ko‘maklashmoqda. Bu borada kitob mutolaasi harbiylarning vatanparvarlik, mardlik, fidoyilik, yurtga sodiqlik kabi fazilatlarini yuksaltirishda o‘ziga xos o‘rin tutmoqda.

O‘tgan yildan aralash harbiy qism tarkibida faoliyat yuritayotgan harbiy qismda muddatli harbiy xizmatchilar 21 yo‘nalishda mutaxassisliklar bo‘yicha tayyorlanadi.

Harbiy qismda osoyishtaligimiz posbonlari uchun barcha zamonaviy sharoit yaratilgan. Bu yerda bir vaqtning o‘zida besh yuzdan ortiq harbiy xizmatchi amaliy va nazariy mashg‘ulotni o‘tash imkoni mavjud 3 qavatli o‘quv binosi, 6 ta yotoqxona, keng sport majmuasi, oshxona qurilgan.

Mudofaa vazirligi va viloyat harbiy-ma’muriy sektori tomonidan harbiy xizmatchilarning oila a’zolariga shart-sharoit yaratish maqsadida joriy yilda qism hududidagi harbiy shaharchada 64 xonadonli 4 ta ko‘p qavatli uy, nodavlat bitta maktabgacha ta’lim muassasasi qurilib, foydalanishga topshirilgan.

Uchrashuvda iste’dodli baxshi Ravshan Mamatmurodov harbiy xizmatchilarga Alpomish, Go‘ro‘g‘li turkumiga kiruvchi dostonlardan parchalar, termalar kuylab berdi. Harbiy qismga do‘mbira sovg‘a qildi.

– Do‘mbirani televizorda ko‘rganmiz, – deydi Andijon viloyati Baliqchi tumanida voyaga yetgan shartnoma asosida xizmat qilayotgan oddiy askar A.Salohiddinov. – Mana, bugun harbiy qismimizda taniqli baxshi kelib, do‘mbira chalish sirlarini namoyish etdi. Dostonlardan parchalar ijro qilib, qalbimizga vatanparvarlik, jasorat va sadoqat nurlarini sochdi. Bu san’atga qiziqishimiz ortdi. Ayniqsa, Ravshan baxshining har hafta o‘tkaziladigan “Ma’naviy yuksalish va vatanparvarlik kuni”da kelib, do‘mbira chertish sirlarini o‘rgatishga va’da berganidan juda quvondik. Endi Andijonga borsam baxshichilik san’ati haqida o‘rtoqlarimga albatta so‘zlab beraman.

Tadbir doirasida “Termiz” dala o‘quv maydoni hamda Denov tumanidagi harbiy qismga viloyat Ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi tomonidan chop etilgan “Alpomish”, “Malla sovdogar”, “Otin qoboq” nomli turkum dostonlar, “Kuyla Surxonim dumbirasi” risolasi, shuningdek, termiziylar haqidagi qimmatli manbalarni o‘zida aks etgan “Buyuk termiziylar”, “Imom Termiziy va Termiziy allomalar” singari nodir kitoblar jamlanmasi sovg‘a qilindi. Askarlar bilan mehmonlar harbiylar oshxonasida bir piyola choy bahona dildan suhbat qurdi.

Viloyatdagi boshqa harbiy qismlarda ham xuddi shunday tadbir yuqori saviyada o‘tkaziladi.

6 415
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA