Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

04.08.2017 12:49 Chop etish versiyasi

Ma’naviy uyg‘oqlik ifodasi

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 15 iyun kuni poytaxtimizda bo‘lib o‘tgan "Ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash, muqaddas dinimizning sofligini asrash – davr talabi" mavzuidagi anjumanda so‘zlagan nutqida diniy-ma’rifiy sohada yechimini kutayotgan masalalar tanqidiy tahlil qilinib, bu borada amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilab berildi. Ushbu anjumanda xalqimizni, ayniqsa, yoshlarni turli buzg‘unchi g‘oyalardan asrash, muqaddas dinimiz tarixi, buyuk allomalar, aziz-avliyolarimiz merosini o‘rganish va targ‘ib etish, diniy ta’lim tizimini yanada takomillashtirish, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ulug‘ ajdodlarimiz ziyoratgohlarini obodonlashtirish bo‘yicha boshlangan ishlar izchil davom ettirilishi ta’kidlandi.

O‘zA muxbiri O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Ortiqbek Yusupov bilan mazkur vazifalar mazmun-mohiyati, ahamiyati, amalga oshirilayotgan ishlar va istiqboldagi rejalar xususida suhbatlashdi.

– Uchrashuv bugungi kunning dolzarb muammolari yechimi bo‘yicha aniq taklif va tavsiyalarga boy bo‘lgani, ochiq muloqot shaklida o‘tgani bilan ham tarixiy ahamiyatga ega bo‘ldi, – deydi O.Yusupov. – Prezidentimiz anjumanda davlat va jamiyat oldidagi kechiktirib bo‘lmaydigan vazifalarni aniq ko‘rsatib berdi. Ayni paytda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita O‘zbekiston musulmonlari idorasi va uning joylardagi vakillari bilan hamkorlikda anjumanda belgilangan vazifalarning ijrosi doirasida davlat va jamoat tashkilotlari, mahallalarda diniy ekstremizm, missionerlik, “ommaviy madaniyat” bilan bog‘liq tahdidlarning oldini olish, aholining alohida ijtimoiy qatlamlari, adashganlar va ularning oila a’zolari bilan targ‘ibot-tushuntirish ishlari va yakka tartibdagi profilaktik suhbatlar tashkil etmoqda.

Joriy yilning o‘tgan davrida qo‘mita xodimlari 150 dan ziyod seminar, uchrashuv va davra suhbatida ishtirok etib, aholining turli qatlamlari orasida aqidaparastlik g‘oyalari, missionerlikning salbiy oqibatini fosh etuvchi tushuntirish va profilaktika ishlarini amalga oshirdi.

Bir guruh ulamolarimiz Ukrainaning Kiyev shahri, Rossiyaning Moskva shahri, Saratov viloyati, Chuvash Respublikasi, Omsk viloyatida xizmat safarida bo‘ldi. Ular o‘tkazgan diniy-ma’rifiy uchrashuvlarda joylardagi mehnat migrantlari, talabalar va o‘sha davlatlarda yashayotgan vatandoshlarimiz ishtirok etdi. Tadbirlarda ularga islom ta’limoti, turli buzg‘unchi oqimlar noto‘g‘ri talqin qilayotgan “hijrat”, “jihod”, “shahidlik” kabi tushunchalarning asl mohiyati haqida ma’lumotlar berildi.

Prezidentimiz ta’kidlaganidek, “...Bugun zamon shiddat bilan o‘zgaryapti. Bu o‘zgarishlarni hammadan ham ko‘proq his etadigan kim – yoshlar. Mayli, yoshlar o‘z davrining talablari bilan uyg‘un bo‘lsin. Lekin ayni paytda o‘zligini ham unutmasin. Biz kimmiz, qanday ulug‘ zotlarning avlodimiz, degan da’vat ularning qalbida doimo aks-sado berib, o‘zligiga sodiq qolishga undab tursin”.

Mana shunday ezgu maqsad va da’vatdan kelib chiqib, joriy yilning sentyabr oyida yosh avlodning zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanish madaniyatini oshirish, buzg‘unchi g‘oyalarning internet, xususan, ijtimoiy tarmoqlar orqali ta’siriga qarshi samarali chora-tadbirlar ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish maqsadida «Media savodxonlik», «Xavfsiz onlayn muhit», «Internet orqali radikallashuv: muammolar va ularni bartaraf etish yo‘llari» mavzularida ilmiy-amaliy konferensiyalar o‘tkazish rejalashtirilmoqda.

Mazkur yo‘nalishdagi ishlarni izchil davom ettirish maqsadida joriy yilning oktyabr oyida oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan talaba-yoshlar bilan “Biz yot g‘oyalarga qarshimiz!” shiori ostida targ‘ibot uchrashuvlari, davra suhbatlari, ko‘rgazmalar, ilmiy-ijodiy ishlar tanlovi kabi madaniy-ma’rifiy tadbirlar haftaligi o‘tkazilayotir.

Yoshlarni milliy qadriyatlarimiz, buyuk ajdodlarimizning boy ma’naviy merosidan xabardor qilish, Vatanga sadoqatli, barkamol etib tarbiyalash maqsadida «Buyuk ajdodlarga munosib bo‘laylik» nomli turkum risolalar nashrga tayyorlanmoqda.

2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida ko‘zda tutilgan muhim vazifalardan kelib chiqib, seminar, uchrashuv va davra suhbatlari, aholining turli qatlamlari bilan uchrashuvlarda odamlarning yuragiga kirib borishga, ularni qiynayotgan masalalarning mohiyatini anglashga harakat qilinib, shunga ko‘ra muammolarga yechim topish choralari ko‘rilmoqda.

– Istiqlol yillarida mamlakatimizda Qur’oni karim va Hadisi shariflar chop etildi. Muqaddas qadamjo va ziyoratgohlar ta’mirlandi. Ulug‘ ajdodlarimizning tavallud kunlari nishonlanmoqda. Bugun bunday ishlar ko‘lami, ularning targ‘iboti qay darajada?


– Tarixdan ma’lum, yurtimiz islom ma’rifati bulog‘i sifatida musulmon dunyosi tamadduni taraqqiyotida beqiyos o‘rin tutgan. Ajdodlarimizning boy ma’naviy merosi asrlar osha nafaqat xalqimizga, balki butun islom olamiga mo‘’tabar manba bo‘lib xizmat qilgan va qilmoqda. Istiqlol sharofati bilan buyuk allomalarimizning hayoti va ilmiy-ma’naviy merosini o‘rganib, keng jamoatchilik e’tiboriga havola etish, xalqimizga muqaddas dinimizning ta’limotlari va ma’rifatini yetkazish imkoniyati yaratildi.

Turli mafkuraviy xurujlar avj olayotgan bugungi davrda ajdodlar ma’naviy merosini o‘rganish, ulardagi ezgu g‘oya va ta’limotlarni keng xalq ommasiga yetkazish, shu orqali yoshlarda milliy g‘urur, bunyodkorlik, Vatanga muhabbat tuyg‘ularini shakllantirish, ularni milliy va diniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash dolzarb vazifalardan sanaladi.

Istiqlol yillarida islom dini ta’limoti, tarixi, tafsir va hadis ilmi, odob-axloq, ibodat, adashgan oqimlarga raddiya va boshqa mavzularga bag‘ishlangan 1 ming 200 dan ziyod nomdagi diniy-ma’rifiy adabiyot chop etildi. Shu bilan birga, diniy-ma’rifiy mavzularga bag‘ishlangan 250 nomdagi multimedia mahsuloti ishlab chiqarildi. Birgina 2016 yilning o‘zida 108 nomdagi kitob, 13 nomdagi multimedia mahsuloti xalqimiz e’tiboriga havola etildi.

Jamiyatimiz uchun dolzarb hisoblangan mavzular bo‘yicha bir qator yetuk ulamolar va soha mutaxassislari muallifligida “Dolzarb mavzu” ruknida 50 ga yaqin risola chop qilindi.

Vatanimizdan yetishib chiqqan yetuk ulamolar, allomalarning hayoti, avlodlarga qoldirgan boy ilmiy-ma’naviy merosini chuqur o‘rganib, ularni ommabop, oddiy va ta’sirchan uslubda xalqqa, ayniqsa, yoshlarga yetkazish maqsadida Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Hakim Termiziy, termizlik ulamolar, Abu Mu’in Nasafiy, Abduxoliq G‘ijduvoniy, Bahouddin Naqshband va tasavvufning boshqa yetuk namoyandalarining 40 dan ziyod asari nashr etildi.

Bu boradagi ishlar ko‘lami yanada kengaymoqda. Prezidentimizning shu yil 14 fevraldagi “Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingani haqida alohida to‘xtalib o‘tish lozim. Mazkur hujjatga ko‘ra, termizlik ulamolarning boy ma’naviy merosini targ‘ib qilish, ularni ommabop tarzda keng jamoatchilik va kitobxonlar ommasiga havola etish maqsadida qator asarlar nashrga tayyorlandi. Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanida ulug‘ alloma Imom Abu Iso Termiziy ziyoratgohi qad rostladi. Ziyoratgohda keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirilib, buyuk muhaddis maqbarasi, unga tutash binolar rekonstruksiya qilindi. Qisqa fursatda ziyoratgoh mahobatli va xushmanzara qadamjoga aylantirildi. Ziyoratgoh hududida barcha sharoitlarga ega kutubxona, yig‘ilish zali qurildi. Masjid tubdan qayta qurilib, foydalanishga topshirildi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2016 yil 18-19 oktyabr kunlari Toshkentda Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashining 43-sessiyasida Samarqandda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish borasidagi tashabbusi keng jamoatchilik tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Shu yil 27 martda Prezidentimizning “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Joriy yil 20-21 may kunlari davlatimiz rahbarining Saudiya Arabistoniga tashrifi davomida Islom taraqqiyot banki rahbari Bandar Hajar bilan bo‘lib o‘tgan muloqotda ham ushbu masala yuzasidan fikr almashildi. Xususan, Samarqandda insoniyat taraqqiyotiga benazir hissa qo‘shgan buyuk ajdodlarimizning boy diniy-ma’naviy merosini o‘rganishga ixtisoslashgan xalqaro ilmiy tadqiqotlar markazini tashkil etishda tashkilotning ishtiroki yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi. Muzokaralar yakunida O‘zbekiston Respublikasi hukumati va Islom taraqqiyot banki o‘rtasida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish to‘g‘risida Anglashuv memorandumi imzolandi.

Prezidentimiz joriy yil 24-25 fevral kunlari Qashqadaryo viloyatiga tashrifi davomida Qarshi tumani Qovchin kishlog‘ida joylashgan buyuk olim Abu Muin Nasafiy majmuasini rekonstruksiya qilish, allomaning boy ilmiy-ma’naviy merosini o‘rganish, asarlarini xalqimiz va jahon jamoatchiligiga yetkazish bo‘yicha vazifalarni belgilab berdi.

Bugungi kunda aholiga qulaylik yaratish maqsadida viloyat, tuman, shahar markazlarida diniy mazmundagi kitoblar savdosiga ixtisoslashgan do‘konlar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Hozir joylarda bu kabi 50 dan ziyod kitob do‘koni ishlab turibdi.

Zamon talablariga muvofiq milliy domendagi internet sahifalariga ham yurtimizda nashr etilayotgan diniy-ma’rifiy adabiyotlarning elektron va audio shakllari qo‘yilmoqda. Xususan, Toshkent islom universiteti, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Imom Buxoriy xalqaro markazi internet saytlariga yoshlar tarbiyasi, odob-axloq, ilm-ma’rifatning ahamiyatini yorituvchi, buzg‘unchi kuchlarning g‘arazli maqsadlarini fosh etishga bag‘ishlangan 30 ga yaqin kitobning elektron shakli joylashtirildi.

– Keyingi vaqtlarda diniy ta’lim olish imkoniyatlari va ko‘lami yanada kengaydi. Mamlakatimizda yo‘lga qo‘yilgan diniy ta’lim masalasi haqida ham gapirib o‘tsangiz.

– Bugun mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan 9 o‘rta maxsus islom madrasalari, xristianlik diniga mansub bilim yurtlari, Toshkent islom universiteti, Toshkent islom instituti, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan Buxoro viloyatidagi yangi “Mir Arab” oliy madrasasida ta’lim tizimini yanada takomillashtirish, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Ularda diniy fanlar bilan bir qatorda dunyoviy fanlar ham zamon talablari darajasida o‘qitilishi yo‘lga qo‘yilgan. Darslarni ilg‘or pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yordamida olib borish uchun barcha shart-sharoit yaratilgan. Jumladan, lingofon xonalari, kompyuter sinflari tashkil qilingan bo‘lib, o‘quv auditoriyalari videoproyektor va kompyuter texnikasi bilan jihozlangan. Ta’lim muassasalarida kimyo, fizika, biologiya fanlari bo‘yicha laboratoriya xonalari tashkil etilib, zarur jihoz, asbob-uskunalar bilan ta’minlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 14-15 aprel kunlari Samarqand viloyatiga tashrifi davomida diniy ta’limda uzluksizlikni ta’minlash bo‘yicha bergan ko‘rsatmalari asosida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Toshkent islom universiteti, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining malakali mutaxassislari tomonidan diniy ta’lim muassasalari o‘quv reja va fan dasturlari qayta ko‘rib chiqilib, takomillashtirildi. Bunda o‘rta maxsus islom bilim yurtlariga akademik litsey va kasb-hunar kollejlarini tamomlagan yoshlar qabul qilinishini e’tiborga olgan holda ixtisoslikka yo‘naltirilgan fanlarning ulushi ko‘paytirilib, fanlarning uzviyligi ta’minlandi.

Bundan tashqari, mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan ikki mingdan ziyod masjidni oliy diniy ma’lumotga ega imom-xatiblar bilan ta’minlash maqsadida Toshkent islom institutida 3 yillik maxsus sirtqi bo‘lim tashkil etilishi ko‘zda tutilgan. Ushbu tizimni joriy qilish orqali hozirgi kunda masjidlarda uzoq yillardan buyon ishlayotgan o‘rta maxsus diniy ma’lumotli imom-xatiblarning oliy diniy ma’lumotga ega bo‘lishiga imkoniyat yaratiladi.

Zamon talablari va xalqaro tajribadan kelib chiqib, O‘zbekiston musulmonlari idorasi diniy ta’lim tizimini to‘liq shakllantirish, ta’limning uzviyligi va uzluksizligini ta’minlash maqsadida Toshkent islom institutida oliy diniy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim – islom fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini berishni nazarda tutuvchi tayanch doktorantura hamda islom fanlari bo‘yicha fan doktori (Doctor of Science) ilmiy darajasini berishni nazarda tutuvchi doktorantura tizimi tashkil etiladi.

Ushbu tizimning joriy etilishi orqali mamlakatimizdagi diniy ta’lim muassasalari pedagog xodimlarining ilmiy salohiyatini yanada oshirish va yangi tashkil etilayotgan Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Islom madaniyati markazini malakali ilmiy xodimlar, fan doktorlari bilan ta’minlash mumkin bo‘ladi.

– Xalqimizning haj va umra ziyoratlarini amalga oshirishi uchun yaratilayotgan qulayliklar ham rivojlanish talabiga hamohang takomillashtirilmoqda. Bu borada qanday ishlar bajarilmoqda?

– 1943-1991 yillarda bor-yo‘g‘i 140 ga yaqin yurtdoshimiz muborak haj safariga borish baxtiga musharraf bo‘lgan. Bugungi davrga kelib, mamlakatimizdan jami 110 mingdan ziyod fuqaro haj amallarini, 93 mingga yaqini umra ziyoratini ado etdi.

Shu kunga qadar har yili 5 ming yurtdoshimiz haj safariga va 6 mingi umra ziyoratlariga borgan bo‘lsa, Prezidentimiz tashabbusi bilan joriy yilgi haj mavsumida O‘zbekiston ziyoratchilari soni 7 mingga yetkazildi. 2018 yildan yiliga 10 ming vatandoshimiz umra ziyoratini bajarish imkoniga ega bo‘ladi. Joriy yilda tashkil etiladigan haj mavsumida mamlakatimizdagi Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari davlat tomonidan imtiyozli ravishda ziyoratga yuboriladi.

Mamlakatimizda islom dinidan boshqa konfessiya vakillarining ziyorat ishlariga ham g‘amxo‘rlik qilishga alohida e’tibor berilmoqda. Jumladan, Rus pravoslav cherkovi Toshkent va O‘zbekiston yeparxiyasi tomonidan 2012 yildan e’tiboran Isroil davlatidagi muqaddas qadamjolarni ziyorat qilish va O‘zbekistonga “muqaddas olov”ni olib kelish maqsadida (Pasxa bayrami arafasida) ziyoratchilar guruhlari tashkil etilib, safarlar uyushtirilmoqda. O‘tgan davr mobaynida Isroilga jami 1 mingdan ortiq fuqaroning ziyorati tashkil etildi. Bundan tashqari, yeparxiya tomonidan Rossiyadagi qadimiy shaharlar, shuningdek, Italiya, Turkiya va Gretsiyadagi muqaddas qadamjolarni ziyorat qilish bo‘yicha ham safarlar amalga oshirib kelinmoqda.

Bir so‘z bilan aytganda, bugun barcha sohada amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar, yangilanishlar mamlakatimizda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalik samarasidir. Yutuqlar quvvat oladigan ne’mat tinchlik ekan, tinch va osoyishta hayot uchun jamiyatimizning barcha a’zolari barobar mas’uliyatni his qilgan holda harakat qilishi katta ahamiyat kasb etadi. Bu ogoh, ma’naviy uyg‘oq bo‘lib yashashimizda, Vatanimiz kelajagi uchun shaxsiy javobgarlikni his etishimizda namoyon bo‘ladi.

Ikrom Avvalboyev, O‘zA
2 858






Все о погоде - Pogoda.uz