Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

01.08.2017 16:08 Chop etish versiyasi

Ma’naviy-axloqiy tarbiyaning muhim asosi

Davlatimiz rahbarining joriy yil 15-iyun kuni poytaxtimizda o‘tkazilgan “Ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash, muqaddas dinimizning sofligini asrash – davr talabi” mavzusidagi anjumandagi ma’ruzasi zamonamizning dolzarb va nozik masalalariga bag‘ishlangani bilan ijtimoiy-ma’naviy hayotimizda muhim voqea bo‘ldi.

Jamiyatimizda uchrayotgan muammolar hayotiy misollar asosida tahlil etilib, barcha davlat va jamoat tashkilotlariga aniq vazifalar topshirildi. Oilalarni mustahkamlash, yoshlar tarbiyasi, tinch-osuda hayotimizni, muqaddas dinimiz sofligini asrash g‘oyat muhim masala ekani ta’kidlanib, ma’naviyatimizni yuksaltirishga beqiyos hissa qo‘shgan, xalqimizni ma’rifatga boshlagan ulug‘ allomalarimiz merosini o‘rganish bo‘yicha aniq ko‘rsatmalar berildi.

Ma’ruzada allomalarimizning ma’naviy-ilmiy merosini yoshlarga yetkazish borasida bir qancha takliflar bildirildi. Negaki, bugun jahonning turli mintaqalaridagi ekstremistik guruhlarning nayranglariga ergashmaslik, bu kabi noxush holatlarning oldini olish yo‘llarini Abul Mu’yin an-Nasafiydek buyuk ajdodlarimiz necha yuz yillar avval ko‘rsatib bergan.

Prezidentimizning O‘zbekistondagi Islom madaniyati markazi barpo etish, Samarqanddagi Imom Buxoriy ilmiy markazida hadisshunoslik, Imom Moturidiy markazi qoshida kalom ilmi, Farg‘onadagi Marg‘inoniy ilmiy markazida islom huquqi maktabi, Buxorodagi Bahouddin Naqshband markazida tasavvuf, Qashqadaryo viloyatidagi Abul Mu’yin an-Nasafiy markazida aqida ilmi maktabini tashkil etish taklifi barcha yurtdoshlarimizni behad mamnun etdi.

Ana shu ezgu maqsadga qaratilgan ishlarni amalga oshirishga hissa qo‘shish, ayniqsa, biz, diniy jamoalar, imom-xatiblar faoliyatining asosini tashkil etishi lozim. Binobarin, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashishning oldingi saflarida din peshvolari, imom-xatiblar bo‘lishi kerak. Ana shu hayotiy zaruratdan kelib chiqib, masjidlarda, turli ma’raka-marosimlarda diniy-ma’rifiy tarbiya ishlarini yanada kuchaytirish uchun nima qilishimizu, nimalarga ko‘proq e’tibor qaratishimiz zarurligini muhokama qilib, vazifalarimizni belgilab oldik.

Bugungi kunda ayrim davlatlarda islom dinini niqob qilib olgan buzg‘unchi toifalarning nayrangu zo‘ravonliklari, ular sodir etayotgan vayrongarchiliklar har qanday esli-hushli odamni tashvishga soladi. Bunday nopok ishlardan yoshlarimizni asrash har bir sog‘lom fikrli insonning burchi ekanini odamlarga tushuntirishimiz kerak. Ota-bobolarimiz asrlar davomida pok saqlab kelayotgan islom dinini har qanday buzg‘unchilikdan asrash, bu din insonlar qonini nohaq to‘kishga mutlaqo qarshi ekanini oyat-hadislar asosida ta’sirchan qilib aholiga yetkazishimiz darkor.

O‘z bilim va salohiyatimizni ishga solib, har bir adashgan kishini yo‘ldan qaytarish, uni tinglab, g‘oyaviy dushmanlarga o‘lja bo‘lishdan asrashda aholini faol bo‘lishga da’vat etish muhim burchimizdir. Bu yo‘nalishdagi faoliyatimizda uyushmagan yoshlarga e’tibor kuchaytirilmoqda. Bunda Prezidentimizning “O‘z bolangni o‘zing asra!” degan da’vatlari g‘oyat muhim ahamiyatga ega. Uning ma’no-mazmunini har bir ota-ona yaxshi anglab yetmog‘i, quloqlariga qo‘rg‘oshinday quyib olmog‘i lozim. Buning uchun yangicha yondashuvlar, zamonaviy, ta’sirchan vositalardan foydalanish talab etiladi. Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, adashgan shaxslar bilan muloqot qilmaslik, ularni jamiyatdan ajratib qo‘yish ularda davlatga nisbatan norozilik keltirib chiqaradi va qalbini alamzadalik egallab olishiga sabab bo‘ladi. Shuning uchun bunday yoshlar bilan ko‘proq muloqot qilishga, kerak bo‘lsa, mahalla va boshqa jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda ularga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatib, vatanparvarlik tuyg‘ularini yuksaltirishga harakat qilmoqdamiz.

Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish bo‘limidan o‘tmasdan turib, pul evaziga yashirincha shar’iy nikoh o‘qitish, xotin ustiga xotin olish holatlari ham, afsuski, uchrab turibdi. Jamiyatimizni bunday illatlardan asrashda tuman va shaharlardagi vakillarimiz mas’uliyati yanada oshirilmoqda. Bir paytlar hayotning o‘zi rad etgan kundoshlik, qo‘shxotinlik balosining xunuk oqibatlarini hisobga olmasdan, yashirincha nikoh o‘quvchi domlalarning faoliyatiga chek qo‘yishda mahalla faollari bilan hamkorlik alohida ahamiyatga ega.

Diniy ma’rifat azaldan jamiyatimizda ma’naviy-axloqiy tarbiyaning muhim qismi bo‘lib kelgan. Prezidentimizning ma’ruzasida ko‘hna tarix tajribalari va bugungi zamon talablaridan kelib chiqib bildirilgan xulosalar, oldimizga qo‘yilayotgan vazifalar faoliyatimizda muhim dasturilamal bo‘ladi.

Mehmonxon Jabborov,
O‘zbekiston musulmonlari idorasining
Jizzax viloyatidagi vakili.

O‘zA
2 339






Все о погоде - Pogoda.uz