O‘zA O`zbek

06.06.2020 Chop etish versiyasi

Maʼmuriy tartib-taomillar aholiga qulaylik yaratish uchun takomillashtiriladi

Maʼmuriy tartib-taomillar aholiga qulaylik yaratish uchun takomillashtiriladi

Adliya vazirligi vakillari Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ)ning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Yorg Pudelka bilan videokonferensiya shaklida Oʻzbekistonda maʼmuriy tartib-taomillar sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish boʻyicha hamkorlik masalalarini muhokama qildi.

Videokonferensiyada Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat huquqiy siyosatini amalga oshirishda adliya organlari va muassasalari faoliyatini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni bilan ilgʻor xorijiy tajriba va zamonaviy rivojlanish tendensiyalari asosida maʼmuriy tartib-taomillar sohasini takomillashtirish boʻyicha yuklatilgan qoʻshimcha vazifalar xususida maʼlumot berildi.

Yorg Pudelka vazirlik tomonidan GIZning “Markaziy Osiyoda huquqiy davlatchilikka koʻmak berish” dasturi doirasida ilgari surilgan tashabbusini har tomonlama qoʻllab-quvvatlashini bildirdi.

Shuningdek, Oʻzbekistonda mediatsiya institutini rivojlantirish va davlat organlari yuridik xizmatlari faoliyatini takomillashtirish boʻyicha hamkorlikdagi tadbirlar muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunida tomonlar 2020-yilning II yarim yilligi va 2021-yilga moʻljallangan qoʻshma chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish va tasdiqlash, xususan, maʼmuriy tartib-taomillar sohasidagi meʼyoriy-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqishda ekspertlar muhokamalarini oʻtkazish va tegishli meʼyorlar qabul qilingach tushuntirish ishlarini olib borish, mediatsiya va davlat boshqaruvi sohalarida taʼlim seminarlari tashkil etishga kelishib oldi.

1 547
OʻzA