Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

03.02.2017 12:45 Chop etish versiyasi

Ma’muriy qamoq nima?

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 23-moddasiga ko‘ra ma’muriy huquqbuzarlik sodir etganlik uchun ma’muriy jazo choralaridan biri sifatida ma’muriy qamoqqa olish jazosi belgilangan. Mazkur kodeksning 346-moddasi uchinchi qismida ma’muriy qamoqni o‘tash O‘zbekiston Respublikasi qonunlarida belgilangan qoidalar asosida amalga oshirilishi qayd etilgan bo‘lishiga qaramasdan, ushbu normani amalga oshiruvchi huquqiy mexanizm “Ma’muriy qamoqni o‘tash tartibi to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinganiga qadar mavjud emas edi.

Joriy yilning 9-yanvarida qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining “Ma’muriy qamoqni o‘tash tartibi to‘g‘risida”gi qonuni ma’muriy qamoqni o‘tash tartibi bilan bog‘liq bo‘lgan munosabatlarni huquqiy tartibga solish, ma’muriy qamoqni o‘tash prinsiplari, tartibi, ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarning huquqiy holati, qonuniy manfaatlarini belgilab berishni o‘zida aks ettirdi.

Qonunning 3-moddasiga muvofiq ma’muriy qamoqqa olish – ma’muriy jazo turi bo‘lib, u shaxsni jamiyatdan vaqtincha ajratib qo‘yish sharoitlarida saqlashdan iborat. U 3 sutkadan 15 sutkagacha bo‘lgan muddatga, favqulodda holat rejimi sharoitida esa jamoat tartibiga tajovuz qilganligi uchun 30 sutkagacha bo‘lgan muddatga qo‘llaniladi.

Ma’muriy qamoqni o‘tash uchun asos tuman (shahar) sudi ma’muriy ishlar bo‘yicha sudyasining qarori, favqulodda holat rejimi sharoitlarida esa, shuningdek, harbiy komendantning yoki ichki ishlar organi boshlig‘ining qarori hisoblanadi.

Qonunda belgilanishicha, ma’muriy qamoqqa olingan shaxslar maxsus qabulxonalarning umumiy kameralariga yoki bir kishilik kameralarga joylashtiriladi. Kameralarda bir kishiga to‘g‘ri keladigan maydonning normasi kamida 2,5 kvadrat metr, ayollar uchun esa kamida 3 kvadrat metrni tashkil etadi. Yuqumli kasalliklarga chalingan bemorlar saqlanadigan kameralarda bir kishiga to‘g‘ri keladigan maydon 4 kvadrat metrdan kam bo‘lmasligi kerak.

Ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarga alohida yotoq joyi, ko‘rpa-to‘shak, idish-tovoq hamda ovqatlanish anjomlari beriladi. Ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarga o‘zining kiyim-boshi, poyabzali va shaxsiy gigiyena vositalaridan foydalanishga ham ruxsat beriladi.

Ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarni qabul qilish va saqlash bo‘yicha maxsus muassasa – maxsus qabulxonalar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tashkil etiladi (qayta tashkil etiladi va tugatiladi). Maxsus qabulxonalar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi, viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari huzurida tashkil etiladi. Ushbu muassasalarda rejimni ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri tomonidan ichki tartib qoidalari tasdiqlanadi.

Qonun talabiga muvofiq ma’muriy qamoqqa olingan barcha shaxslar uchun shaxsiy xavfsizlik ta’minlanadi. Maxsus qabulxona ma’muriyati va xodimlari ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarning hayoti va sog‘lig‘iga tahdidlarning oldini olish hamda ularni bartaraf etish yuzasidan darhol choralar ko‘rishi shart.

Qonunning 22-moddasiga ko‘ra, maxsus qabulxona ma’muriyati va xodimlariga ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarning yozma roziligiga ko‘ra ularni haq to‘lanadigan mehnatga jalb etish huquqi berilgan (mehnatga qobiliyatsiz shaxslar bundan mustasno). Bunda ularga qonun hujjatlarida belgilangan miqdordan – Mehnatga haq to‘lash yagona tarif setkasining birinchi razryadidan kam bo‘lmagan haq to‘lanishi lozim.

Davomiyligi sutkasiga ikki soatdan ko‘p bo‘lmagan maxsus qabulxona xonalaridagi sanitariya-gigiyena, maishiy sharoitlarni yaxshilash, shuningdek, ichki ishlar organi yoki maxsus qabulxona hududini obodonlashtirish bilan bog‘liq bo‘lgan ishlarga haq to‘lanmaydi.

“Ma’muriy qamoqni o‘tash tartibi to‘g‘risida”gi qonunning 40-moddasida u rasmiy e’lon qilingan sanadan yigirma to‘rt oy o‘tgach kuchga kirishi (2019-yil 11-yanvardan) belgilab qo‘yildi.

Xulosa o‘rnida ta’kidlash lozimki, qabul qilingan qonun ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatini mustahkamlashga, mavjud qonunchilikdagi “huquqiy bo‘shliqlar”ni to‘ldirish, jazoni ijro etishda ichki ishlar organlari faoliyati samaradorligini va mazkur organlar xodimlarining javobgarligini oshirishga ko‘maklashadi.

Husan Xo‘jamqulov,

Samarqand viloyati adliya boshqarmasi
boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari.

1 203






Все о погоде - Pogoda.uz