Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

20.09.2017 20:27 Chop etish versiyasi

Ma’muriy islohotlar konsepsiyasi xalqimiz manfaatlariga xizmat qiladi

Xalqaro press-klubning navbatdagi sessiyasida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 8-sentabrdagi «O‘zbekiston Respublikasida Ma’muriy islohotlar konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi farmoni mazmun-mohiyati haqida fikrlashildi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori o‘rinbosari Bekzot Mavlonov, adliya vaziri o‘rinbosari, Toshkent davlat yuridik universiteti rektori Yesemurat Kanyazov, Bosh prokuratura huzuridagi SVOJJDLQK departamenti boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Vyacheslav Pak, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi kafedra mudiri Gulchehra Malikova, Germaniya xalqaro hamkorlik hamjamiyati dastur rahbari Joyerg Pudelka va boshqalar mavzu yuzasidan fikr-mulohazalarini bildirdi, jurnalistlarning savollariga javob qaytardi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida so‘zlagan nutqida O‘zbekistonda barcha sohalarda chuqur va keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotgani, «Inson manfaatlari hamma narsadan ustun» degan tamoyilni hayotga ta’sirchan mexanizmlar orqali tatbiq etish orqali asosiy maqsadimiz – xalq davlat organlariga emas, balki davlat organlari xalqimizga xizmat qilishi kerakligini alohida ta’kidladi.

O‘zbekiston Respublikasida Ma’muriy islohotlar konsepsiyasi ayni maqsad yo‘lidagi g‘oyat muhim hujjat hisoblanadi. Unda 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida ko‘zda tutilgan davlat va jamiyat qurilishidagi muhim vazifalar o‘z aksini topgan.

Konsepsiyada belgilangan ma’muriy islohotlarning asosiy yo‘nalishlari ijro hokimiyati organlari faoliyatining institutsional va tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish, ularning vazifalari, javobgarlik sohalarini aniqlashtirish, iqtisodiyot sohalariga qaratilgan ma’muriy ta’sirlarni qisqartirish, boshqaruvning bozor mexanizmini kengaytirish, vertikal boshqaruv tizimi va ijro hokimiyati organlari o‘zaro hamkorligini muvofiqlashtirish, davlat boshqaruvi tizimiga innovatsion g‘oyalar, texnologiyalarni joriy etish, korrupsiyaga qarshi kurashishning samarali usullarini qo‘llash kabi jihatlarni qamrab oladi.

Ta’kidlash joizki, ushbu vazifalarni amalga oshirishda davlat xizmatlarining ochiqligini ta’minlash, xalq bilan muloqot o‘rnatishning yangi mexanizmlarini joriy etish, davlat xizmatchilarining mehnatiga haq to‘lash va ijtimoiy ta’minotini yaxshilash orqali mehnat unumdorligiga erishish, professional davlat xizmati samaradorligini ta’minlash mumkin bo‘ladi.

Xalqaro press-klub spikerlari va ekspertlar ma’muriy islohotlarni samarali amalga oshirish davlat boshqaruvi tizimi, mamlakatning innovatsion imkoniyatlari hamda barcha tarmoqlar, xususan, iqtisodiyot yuksalishiga xizmat qilishini ta’kidladi. Bunda, albatta, davlat boshqaruvi organlari bilan birga fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillari, barcha aholi faol ishtirok etishi muhimdir.

Ulug‘bek Asrorov, O‘zA
3 673






Все о погоде - Pogoda.uz