O‘zA O`zbek

02.08.2018 12:27 Chop etish versiyasi

Ma’lumot olish madaniyati qachon shakllanadi?

Ma’lumot olish madaniyati qachon shakllanadi?

...Yaqinda bola tarbiyasi, ota-onalar mas’uliyati va “oila – mahalla – ta’lim muassasasi” faoliyatiga bag‘ishlab o‘tkazilgan tadbirda mahalladoshimiz Gulchehra Azizova 15 yoshli o‘g‘lining internetdan juda ko‘p foydalanishi, ana shunday kunlarning birida turli yozishmalar, surat va videolavha orqali kimdir unga tahdid qilib, qo‘rqitganini, so‘ng unda kuchli ruhiy zo‘riqish paydo bo‘lganini kuyinib gapirdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘smirlar bir kunda uch soat vaqtini internetdagi turli saytlarda o‘tkazadi. Elektron pochtasiga virusli fayllarni qabul qilayotganlarning 11 foizi bir necha bor informatsion ta’qib ostiga olingan, xavf-xatarlarga uchragan va qo‘rqitilgan.

Bugungi tezkor davr o‘sib kelayotgan yosh avlodning ma’naviy immunitetini mustahkamlash, ularni turli tahdidlar, yot g‘oyalar, “ommaviy madaniyat”ning salbiy oqibatlari, illatlardan himoya qilishni taqozo etmoqda.

Internetdan foydalanadigan, axloqsiz surat va videolarni atayin izlayotganlarning katta qismini voyaga yetmaganlar tashkil etayotgani kishini chuqurroq o‘ylashga majbur qilmoqda. Bundan tashqari, global tarmoq orqali diniy ekstremizm, fahsh, giyohvandlik, zo‘ravonlik, terrorizm kabi balo-qazolarni tarqatishga zo‘r berilayotgani uning xavfliligini orttirmoqda. Hozirda internetda mavjud salbiy va zararli, o‘z-o‘zini o‘ldirish – xudkushlikning oson yo‘llarini targ‘ib qiluvchi saytlar qariyb 10 mingga yaqinlashgani farzandlarimizning undan foydalanish madaniyatini yanada yuksaltirishni talab etadi.

Butun dunyoda internet tarmog‘ining qamrovi tobora kengayib borayotir. O‘tgan asrda radio, televideniye kabi axborot vositalari o‘n yillar davomida ommalashgan bo‘lsa, so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, yurtimizda internet xizmatidan foydalanuvchilar 22 millionga yaqinni tashkil etmoqda.

Buning sababi – internet axborot olish, almashish, sotish, xarid qilish kabi kundalik ehtiyojlar uchun eng qulay va samarali vositaga aylanganida. Ayniqsa, bu tizim jahondagi deyarli barcha ochiq ma’lumotlarni o‘zida jamlagani bois, insonning bilim doirasini kengaytirish, dunyoqarashini shakllantirishda tengi yo‘q kutubxonadir.

Hayot qadri

Xalqimizda bir yil keyinni o‘ylasang don, o‘n yil narini ko‘rmoqni istasang daraxt ek, yuz yil narini ko‘rmoqchi bo‘lsang, farzand tarbiyala, degan hikmat bor. Ilmli va ma’naviyatli avlodni kamol toptirish maqsadi zamirida uzoqni ko‘ra olish, yurtimizda tinchlik, turmushimiz farovonligini ta’minlashdek ezgu g‘oya mujassam.

Yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, nihollarni to‘g‘ri parvarishlashning ahamiyati ham oshib borayotir. Bugun yangiliklar bisyor. Dunyoning narigi chekkasidagi odam bilan gaplashish, xat yozishish imkoniyati bor. Bularning barchasi mamlakatimiz zamon bilan hamqadam rivojlanayotganidan dalolatdir.

Ammo bu keng ko‘lamli qulaylik o‘zi bilan birga turli tahdidlar, beboshliklar, dilxiraliklarni ham boshlab kelmoqda. Mehr-oqibatlilik, andisha, hurmat-izzat degan insoniy fazilatlarning qadri ham kamayayotir. Bir-birini yo‘qlash, hol-ahvol so‘rab ko‘rib kelish imkoni yo‘q. Ko‘p vaqtini ijtimoiy tarmoqlarda o‘tkazayotgan insonlar uchun bahona bor – “vaqtim yo‘q”.

Uzoq davom etadigan mazmunsiz yozishmalar, ruhiyatga salbiy ta’sir etadigan videoroliklar, salomatlikka putur yetkazuvchi suratlar bilan ovora bo‘lib, soatlab vaqt sarflanishi bor gap. Ammo ota-ona, do‘st-yorlar holini so‘rashga... Bu insoniy fazilatlarga raxna solayotgani bilan achinarli.

...Poytaxtimizdagi tez tibbiy yordam majmualaridan biriga olib kelingan o‘smir yigit tengdoshlarining qattiq hazili sababli vafot etdi. Ijtimoiy tarmoqda “mehribon do‘stlar“i yuborgan videolavhaning dahshatliligi undagi yurak-qon tomirning uzilib ketishiga sabab bo‘ldi.

Umrning qadri, hayotning bebaholigi qayerda qoldi. Unga tahdid solish, birovning umriga zomin bo‘lish mumkinmi?
Internetdagi ertaklar oilalarni buzmoqda 

Bugun yoshlar orasida tanishuv saytlari mashhur bo‘lib borayotir. U orqali yoshlar bir-birining suratini ko‘rish, do‘stlashish, telefon raqamlarini almashish, uchrashish imkoniyatiga ega. Onlayn muloqotga kirishgan yoshlar oxir-oqibat to‘y qilayotir.

To‘y o‘tgach “sohibjamol” kelinchakning ijtimoiy tarmoqlaridagi yozishmalari, “botir” kuyovning o‘rgimchak to‘ri orqali orttirgan bebosh va dangasa tanishlari xotirjam, uzoq va baxtli hayot kechirishga izn bermayapti.

Internet orqali so‘zlab berilayotgan “ertak yozishmalar” hatto oilalarni buzmoqda. Illat izlaganga illat bu dunyo, hikmat izlaganga hikmat bu dunyo. Bugun bu jumlalar go‘yo internet haqida aytilgandek jaranglaydi.

Har qanday kasallik tarqalayotganda tibbiyot nuqtai nazaridan olganda, emlash, ya’ni o‘sha kasallikka qarshi immunitet hosil qilish zarur bo‘ladi. Inson qalbi, ongi, uning ma’naviyatiga ta’sir qiluvchi axborotlar, ularning xurujidan o‘sib kelayotgan avlodni asrash, ularning tarbiyasi jamiyatdagi eng muhim masalaga aylanib ulgurgan.

Tarbiya masalasiga e’tibor qilinmasa, kelajak boy beriladi. Bu so‘zlarning ahamiyati har kun, har lahzada yuksalib bormoqda. Zero, ogoh, zukko, fikri teran yoshlar kelajagimizdir.

Barno Meliqulova, O‘zA
2 661