O‘zA O`zbek

14.11.2019 Chop etish versiyasi

“LUKOYL”ning rasmiy munosabati e’lon qilindi

“LUKOYL”ning rasmiy munosabati e’lon qilindi

«LUKOYL Uzbekistan Opereyting Kompani» MChJ matbuot xizmati 29.10.2019 yil sanasida Qashqadaryo viloyatida joylashgan "Jarquduq" majmuasida ro‘y bergan voqea yuzasidan internetda tarqalgan videolavha yuzasidan bayonot berdi. Bayonnomaga ko‘ra, “Jarquduq” majmuasida mahalliy elektromantyorlar tomonidan texnik qoidalarga rioya qilinmagani sabab, jiddiy xatolikka yo‘l qo‘yilgan. Ushbu xatolik tufayli butun bir jamoani xayotiga xavf solishi va qimmatli uskunani nosoz ahvolga keltirishi mumkin bo‘lgan. Mazkur nosoz holat bosh energetik I.A.Shilov tomonidan aniqlangan va uskuna sozlangunga qadar ish to‘xtatib turilgan. Ushbu xodisa oqibatida I.A.Shilov mahalliy jamoa vakillariga nisbatan haqoratli so‘zlarni ishlatgan. So‘ng, I.A.Shilov “LUKOYL” MChJ (Moskva) tomonidan kasbiy etika bo‘yicha majlisga chaqirilgan. Tekshiruvlar natijasiga ko‘ra, voqea hodisa aybdorlariga tegishli choralar ko‘riladi, deyiladi bayonotda. 

Shuningdek, bayonotda kompaniyaning eng qimmatli boyligi insonlar ekanligi keltirilgan. 

Jumladan unda "Internet tarmog‘iga joylashtirilgan joriy yilning 29 oktabr kuni Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumanidagi "Jarquduq" gaz tayyorlash majmuasida ro‘y bergan holat aks etgan videomaterial bo‘yicha dastlabki surishtiruv ishlari olib borilib, 110 ming volt yuqori kuchlanishli "Jarquduq" podstansiyasida elektromonterlar brigadasi tomonidan olib borilayotgan ishlar chog‘ida uchastka boshlig‘i rahbarligida brigadaning o‘limi, qimmatbaho uskuna va butun ob’ektning ishdan chiqishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan texnika xavfsizligi talablari qo‘pol ravishda buzilganligi aniqlandi. Bu bosh energetik I.A. Shilov tomonidan aniqlanib, shundan so‘ng podstansiyadagi ishlar tasdiqlangan qoidalarga muvofiq holatga keltirilgunga qadar vaqtincha to‘xtatib qo‘yilgan. 

Yo‘riqnomaga amal qilmaslik oqibatida o‘z qo‘l ostidagi ishchilarining hayotiga yetkazilishi mumkin bo‘lgan fojeali oqibatlarni anglagan holda I.A. Shilov ahloq-odob me’rlaridan chetga chiqib, mahalliy va xizmat safaridagi ishchilar sha’niga qupol so‘zlarni aytgan. Hozirgi vaqtda kompaniyada ichki surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Shu munosabat bilan I.A. Shilov «LUKOYL» OAJ (Moskva)ning Ishbilarmonlik etikasi bo‘yicha komissiyasi yig‘ilishiga chaqirtirilgan. Tekshiruv natijalari bo‘yicha mazkur holatning barcha ishtirokchilariga nisbatan aybdorlik darajasini hisobga olgan holda va korporativ talablarga muvofiq ma’muriy jarima choralari qo‘llaniladi. Ishchi-xodimlar va aholi xavfsizligi, sog‘ligini ta’minlash bo‘yicha jamiyat oldidagi mas’uliyat darajasini anglagan holda LUKOYL o‘z ish faoliyatida sanoat xavfsizligi va mehnat muhofazasi sohasidagi yuqori standartlarga amal qiladi, belgilangan qoidalarga rioya qilinishi ustidan jiddiy nazorat o‘rnatgan. Zero, insonlar LUKOYLning bebaho qadriyatidir."

"Jarquduq" majmuasida ro‘y bergan hodisa yuzasidan kompaniya matbuot xizmati “O‘zA”ga axborot bergan edi. Matbuot xizmati vakili mazkur xodisa yuzasidan tekshiruvlar olib borilayotganini va kompaniya xodimi mahalliy xodimni qay holatda haqorat qilganini aniqlash kerakligini ma’lum qilgan edi.

577
O‘zA