O‘zA O`zbek

28.08.2018 17:29 Chop etish versiyasi

Loyiha qiymati 5 million dollar boʻlgan korxonaga pillani qayta ishlash uskunalari oʻrnatildi

Mustaqilligimizning 27 yilligi arafasida Sirdaryo tumanida “Agro global” masʻuliyati cheklangan jamiyati ish boshladi.

Korxona boʻsh turgan binoni “nol“ qiymatda olib tubdan qayta rekonstruksiya qildi. Loyiha qiymati 5 million dollar boʻlgan korxonaga xorijiy investitsiya hisobiga pillani qayta ishlash uskunalari olib kelib oʻrnatildi.

– Pillani qayta ishlab beradigan liniyalarning 2 tasi ishga tushirildi, – deydi jamiyat rahbari Izzatulla Normatov. – Shuning hisobiga 100 nafar kollej bitiruvchisi ish bilan taʻminlandi. Hozircha, bir kunda 200 kilogramm pilla qayta ishlanmoqda. Kelgusi yil yana 2 ta liniya ish boshlaydi. 2021 yilga borib ipakdan mato va undan tayyor mahsulot ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyishni rejalashtirganmiz.

Korxonada ishchi-xizmatchilar uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Yuvinish, ovqatlanish, tibbiyot, maʻnaviyat xonalari ular xizmatida. Xodimlarning issiq ovqat va maxsus kiyim bilan taʻminlangani ish unumdorligini oshirishga xizmat qilmoqda.

– Baxt yengil sanoat kasb-hunar kollejini bitirganman, – deydi korxona ishchisi Gulbahor Otaqulova. – Bu yerga ishga joylashguncha bir necha yil ishsiz yurdim. Korxonada unumli mehnat qilib, koʻngildagidek hordiq chiqarishimiz uchun barcha sharoitlar yaratilgan.

“Agro global” masʻuliyati cheklangan jamiyatida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan loyihalar toʻliq ishga tushirilsa, 1000 ta yangi ish oʻrni yaratiladi.

Abdujalol Qayumov, OʻzA
1 601