O‘zA O`zbek

29.03.2020 Chop etish versiyasi

Loqaydlik va xudbinlik illati bizga qimmatga tushyapti

Loqaydlik va xudbinlik illati bizga qimmatga tushyapti

Olimlarning qayd etishlaricha, XXI asrga kelib, qorongʻulikda yashashga koʻnikkan koʻrshapalak nafasidan tarqalayotgan koronavirusning “konstitutsiyasi” batamom oʻzgargan. 2020-yilning 25-yanvar holatiga koronavirusni yuqtirgan bemorlar soni 75 815 nafarni tashkil etgan boʻlsa 29-mart holatiga ularning soni 680 mingga yaqinlashdi. Shuning uchun ham butun dunyo koronavirus pandemiyasiga qarshi murosasiz kurashga safarbar etildi.

Oʻzbekistonda ham odamlar sogʻligi – xalqimizning asosiy boyligi ekani hukumatimizning tizimli tadbirlarida oʻz aksini topyapti.

Shu oʻrinda Prezidentimiz tashabbusi bilan maktabgacha taʼlim va oʻrta taʼlim maktablari yopilgani, davlat va nodavlat tashkilotlari xodimlarining 50 foizdan ortigʻi haq toʻlanadigan taʼtilga chiqarilib, qolgan ishlovchilarga uylaridan turib ishlashga ruxsat berilgani, 19-martdagi farmon bilan iqtisodiyot tarmoqlariga qoʻshimcha imtiyozlar, kredit taʼtillari berilgani, ayniqsa, 3600 ta davlat mulkida ijara undirish toʻxtatilgani, bunda ish oʻrinlari yaratayotgan xususiy sektor alohida qoʻllab-quvvatlanganini taʼkidlash joiz.

Xalqaro ekspertlarning fikricha, mamlakat rahbariyatining uzoqni koʻra bilishi natijasida alohida jamgʻarma tuzilib, ijtimoiy va tibbiy muhofaza kuchaytirilgani ayrim davlatlarga qaraganda virusni kengroq jilovlash imkoniyatini yaratgan.

Bir soʻz bilan aytganda Prezident farmonlari, real holat ochiq-oydin tahlil etilayotgan yigʻilishlarda qabul qilinayotgan qarorlar ming-minglab yurtdoshlarimizning xavfsizligi, sogʻ-salomatliklarini taʼminlashga xizmat qilyapti. Ammo 200 dan ortiq davlatga tarqalgan virusning oldini olishga doir tavsiyalar, mutaxassislar maslahatiga toʻla amal qilmayotganimiz oqibatida ushbu kasallikka chalinganlar soni oshib boryapti. Oʻzbekchilik, andisha va uyat singari qimmatga tushayotgan “qadriyat”larimiz oqibatida esa oʻlim holati ham qayd etildi.

Maʼlumotlarga qaraganda, ayni paytda 15,5 mingga yaqin yurtdoshimiz shifokorlar nazoratida saqlanmoqda. 50 176 nafar kishi esa oʻz uylarida kuzatuv ostidalar. Ushbu raqamlar har birimizni oʻylantirish va toʻgʻri xulosa chiqarishga undashi lozim. Tasavvur qiling: Prezidentimiz ushbu illatni oldini olishga doir bir qator farmon va qarorlar qabul qilib, xalqni birdamlikka chorlayotgan bir paytda ayrim yurtdoshlarimiz turli tantanalardan tiyilmayaptilar. Davlat rahbari 30 mingta ekspress test, 500 ta sunʼiy nafas oldirish apparatlari sotib olish boʻyicha topshiriq beryapti, ayni shu paytda bir toifa fuqarolarimiz Toshkent koʻchalarida sayr qilib yurishni oʻzlariga ep koʻrmoqdalar.

Garchi virus tarqalishini oldini olish borasida javobgarlik kuchaytirilgan boʻlsa-da, bir kunda 10 ming fuqaro belgilangan tartib-qoidalarni buzmoqda. Yurtimizning taniqli olimlari, sanʼat ahli, siyosatshunoslar, obroʻ eʼtiborli insonlar soha mutaxassislari tomonidan qoʻyilayotgan talablarga quloq osmaslik xudbinlik va koʻrlikdan boshqa narsa emasligini bejiz taʼkidlamayaptilar. Kuni kecha yurtboshimiz tibbiyot xodimlari haqida gapirib ularni “Jang maydoni”da oʻz hayotini garovga qoʻyayotganlar deb atadilar.

Toʻgʻri, Oʻzbekiston kuchli va barqaror mamlakat sifatida har qanday xavfni bartaraf etishga qodir. Ammo koʻpchilik yurtdoshlarimiz tomonidan xiyonatga tenglashtirilayotgan xudbinlik, loqaydlik illati, ayniqsa, bugun qimmatga tushayotganini unutmaylik.

Mirodil Abdurahmonov,
“Milliy tiklanish”demokratik partiyasi
Markaziy Kengash raisi oʻrinbosari

1 163
OʻzA