O‘zA O`zbek

07.08.2018 12:20 Chop etish versiyasi

Loqaydlik ortidagi fojia. Aslida voqea qanday bo‘lgan?

Loqaydlik ortidagi fojia. Aslida voqea qanday bo‘lgan?

Ijtimoiy tarmoqlarda Navoiyda ayol erini bolg‘a bilan urib jarohatlagani, so‘ng o‘z joniga qasd qilgani haqida xunuk bir xabar tarqaldi. Aslida voqea qanday bo‘lgan? Xalqimizga xos bo‘lmagan bunday fojianing kelib chiqish sabablari nimada?

Jinoyatga qarshi kurashish haqiqati va adolati

Samarqand viloyati ichki ishlar boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, Nurota tumani Yangi hayot mahallasida yashovchi Muhayyo Qoriyeva turmush o‘rtog‘i Raufjon Hoshimovni (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) qasddan o‘ldirish maqsadida yarim tunda qo‘lida bolg‘a bilan u yotgan xonaga kiradi. Ayol eriga tashlanib, uning bosh, bo‘yin va ko‘krak qafasi sohalariga tan jarohati yetkazadi. Qo‘shni xonada uxlab yotgan qaynotasi B.Hoshimov shovqin-surondan uyg‘onib ketadi. Rejalashtirilgan qotillikni “yakuniga“ yetkaza olmagan kelin voqea joyidan qochib ketadi. Ayol qilgan ishidan qo‘rquv va vahimaga tushib, shu mahallada yashovchi opasi Malohat Qoriyevaning molxonasiga kirib, o‘zini o‘zi osib o‘ldiradi.

Vaziyat shu darajada ayanchli yakun topishiga, 4 nafar farzand voyaga yetayotgan oilaning parokanda bo‘lishiga jamoatchilik, mahalla-ko‘y e’tiborsiz qaragani taajjublanarli.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, kelinning xiyonati tufayli oilada bir yildan ko‘proq vaqtdan buyon notinchlik bo‘lgan. Uyat va or-nomusga chidolmagan oila boshlig‘i tabiiyki, turmush o‘rtog‘i M.Qoriyevani ko‘chaga haydagan. 4 nafar gulday farzand ota-onasi tirik bo‘la turib, bobo va buvisi qaramog‘ida qolgan.

Nahotki, vaziyat shu darajaga yetib kelgunicha na qarindosh-urug‘, na profilaktika inspektori va na mahalla-ko‘y hech qayerda ishlamaydigan M.Qoriyevaning uyga qachon kelib, qachon ketayotgani, kimlar bilan gaplashayotganidan bexabar bo‘lgan? Yo‘q, bu oilada bo‘layotgan gap-so‘zlar haqida ko‘pchilik eshitgan, bilgan. Faqat g‘isht qolipdan ko‘chgachgina tuman xotin-qizlar qo‘mitasi, mahalla faollari, ichki ishlar idoralari vakillari tomonidan er-xotinni yarashtirish bo‘yicha to‘rt marotaba muhokama va tushuntirish ishlari olib borilgan. Afsuski, barcha urinishlar besamar ketgan...

Tuman xotin-qizlar qo‘mitasidan ma’lum qilishlaricha, ko‘chada qolgan M.Qoriyeva fuqarolik ishlari bo‘yicha Navbahor tumanlararo sudiga murojaat qilib, o‘zi ro‘yxatda turgan uyga kiritib qo‘yishni so‘ragan. Tabiiyki, adolatli sud ishni uning foydasiga hal qilgan. Sud qarori ijro qilinib, u xonadonga yana qaytadi. Shundan keyin xonadonda turli urush-janjal ko‘paysa ko‘paydiki, kamaymadi. Oxir-oqibat bugun ko‘pchilik bilgan o‘sha mudhish voqea sodir bo‘ldi. Kelin o‘z joniga qasd qildi, o‘g‘il shifoxonada yarimjon holatda yotibdi. 4 nafar begunoh bola esa, keksayib qolgan bobo va buvining qaramog‘ida...

– Mahalla idorasi, qo‘ni-qo‘shni, qavm-qarindosh va jamoatchilikning e’tiborsizligi va loqaydligi tufayli shunday ayanchli voqea sodir bo‘ldi, – deydi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Navoiy viloyati kengashi raisining birinchi o‘rinbosari Normurod Is’hoqov. – Agar Prezidentimiz ta’kidlaganidek, har bir oilaning turmush sharoiti bilan mahalla faollari yaqindan tanishganida, uydagilar bilan yuzma-yuz suhbatlashganida yuqoridagi kabi holatlar sodir bo‘lmas edi. Shu masalada tumandagi huquq-tartibot idoralari va mutasaddi tashkilotlar rahbarlari ishtirokida “Yangi hayot” mahalla fuqarolar yig‘inida yig‘ilish o‘tkazildi. Unda qatnashgan odamlarning yuz-ko‘ziga qarab, bir narsaga amin bo‘ldim. 

Aholi orasida jinoyatchilikning oldini olishga qaratilgan tushuntirish ishlarini to‘laqonli olib borolmaganimiz tufayli shunday ahvol yuzaga kelgan. O‘z vazifasiga sovuqqonlik bilan qaragan mahalla raisi, fuqarolar yig‘inining xotin-qizlar bilan ishlash va oilalarda ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash bo‘yicha mutaxassisi, jamoatchilik tuzilmasi rahbari – posbon egallab turgan vazifasidan ozod qilindi. Mahalla profilaktika inspektoriga esa tuman prokuraturasi tomonidan xizmat tekshiruvi belgilandi.

Nuriddin Rahimov, O‘zA
3 409