Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

07.02.2017 18:38 Chop etish versiyasi

Aholini gazdan zaharlanishdan asrash bo‘yicha taktik o‘quv mashg‘ulot o‘tkazildi

Urganchda aholini tabiiy va is gazidan zaharlanishdan asrash, gazdan chaqnash va yong‘in oqibatlarini bartaraf etishda avariya tiklash tuzilmalarining tegishli xizmatlar bilan hamkorlikdagi harakatlari mavzusida maxsus-taktik o‘quv mashqi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda gaz ta’minoti mutaxassislari, viloyat ichki ishlar, favqulodda vaziyatlar, sog‘liqni saqlash boshqarmalari vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Havoning keskin sovishi natijasida korxona-tashkilotlar, aholi turar joy mavzelari, ko‘p qavatli uylarda issiqlikka bo‘lgan ehtiyoj yanada ortadi. Ayrim hollarda isitish asboblariga nisbatan e’tiborsizlik natijasida tabiiy va is gazidan zaharlanish, yong‘in kabi xavfli vaziyatlar yuzaga kelishi mumkin. Ana shunday noxush vaziyatlarda xavfni bartaraf etish, fuqaro muhofazasini ta’minlashda avariya tiklash tuzilmalarining tegishli xizmatlar bilan hamkorlikdagi harakati muhim ahamiyat kasb etadi.

“Urganchshahargaz” korxonasi binosi hududida shartli ravishda favqulodda avariya holati yuzaga kelgani haqida ma’lumot berilgach, fuqaro muhofazasi tuzilmalari va viloyat, shahar favqulodda vaziyatlar davlat tizimi xizmatlarining sodir bo‘lgan favqulodda vaziyatni bartaraf etishga bo‘lgan tayyorgarlik holati tekshirildi. Yong‘in paytida ma’muriy bino ichidagi xodimlar, moddiy boyliklarni xavfsiz joyga ko‘chirish, yong‘in kengayishiga yo‘l qo‘ymaslik kabi tadbirlar amalga oshirildi.

– Bu kabi tadbirlar idoralararo hamkorlikni mustahkamlab, fuqarolar hushyorligini yanada oshiradi, – deydi “Urganchshahargaz” korxonasi rahbari M.Yoqubov. – Ayniqsa, ko‘p qavatli uylarda istiqomat qilayotgan aholiga kuz-qish mavsumida issiqlik energiyasini doimiy yetkazib berish o‘ta muhim vazifa. Binobarin, ish jarayonida soha xodimlaridan alohida mas’uliyat va hushyorlik talab etiladi.

Shu kuni Urganch shahridagi 67-isitish qozonxonasida tabiiy va is gazidan zaharlanish bilan bog‘liq sodir bo‘lgan shartli ravishdagi favqulodda vaziyat qutqaruv guruhi tomonidan bartaraf etildi. 3 nafar ishchi qutqarilib, ularga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatildi.

Maxsus-taktik o‘quv mashqi nihoyasida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar yuzasidan fikr almashildi, tabiiy va is gazi bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlar bo‘yicha aholi xabardorligi hamda bilimini yanada oshirish lozimligi ta’kidlandi.

Ahmadjon Shokirov, O‘zA
1 078






Все о погоде - Pogoda.uz