O‘zA O`zbek

24.08.2018 15:00 Chop etish versiyasi

Lof ham evi bilanda, birodar!

Lof ham evi bilanda, birodar!
Jahonning 10ta mamlakatida, 21ta shahrida boʻlganman. Praga, Moskva, Nyu-York, Vashington, Siyetl, Olma-ota, Istambul, Anqara, Pekin, Ashxabod, Boku, Tbilisi, Dushanbe... Bu roʻyhatni davom ettirishim mumkin. Hammasi oʻziga yarasha. Kuni kecha saytlardan birida Nikita Makarenkoning maqolasini oʻqib, yoqamni ushladim.

U yozadi: “Toshkent juda zerikarli shahar. Buni rad qilish imkonsiz. Ishonmasangiz, Sobiq Ittifoqning har qanday rivojlangan shahri bilan taqqoslab koʻring. Masalan, Olma Ota yoki Boku. Shunda hammasi tushunarli boʻladi. U yerlarda odamlar kechalari ommaviy sayrga chiqadi, tungi hayot va birmuncha erkinlik bor”.

Tavba deysiz. Agar bu fikrni xorij saytlaridan birida oʻqisangiz “e, yozsa yozibdida, bizdagi hayotdan bexabar jurnalist”, deyishingiz mumkin edi. Ammo Toshkentda turib, Toshkentning tungi hayoti bilan tanish insonning yozganini hazm qilish nihoyatda qiyin boʻldi. Gʻirt yolgʻonku, bu gaplar!

Hurmatli Nikita Makarenko, siz bir marta boʻlsada Toshkentdagi dam olish xiyobonlariga borganmisiz oʻzi? Umuman, tungi Toshkentni koʻrganmisiz? Favvoralar atrofida tun yarmigacha yurgan toshkentliklar va shahrimiz mehmonlari chehrasidagi quvonchga koʻzingiz tushganmi?

toshkent_sha_rida_u_u_iy_eksperiment_tkaziladi.jpg

Oʻzim shahar chetida, toʻgʻrirogʻi, Ibn Sino mavzesida istiqomat qilaman. Yoz oylarida oilamiz aʻzolari va qoʻshnilarim soat 24.00gacha shaharda, mavzeimizda bemalol sayr qilib yurishadi, parklarga borishadi.

Toshkent qahvaxonalaridagi xoʻrandalarga nima deysiz?! Siz tilga olgan shaharlarda boʻlganman, ammo u yerlarda baribir Toshkent shukuhi yoʻq. Toʻyxonalarimizning boʻsh turganini koʻrganmisiz? Toʻylarimiz tanqid qilinishiga qaramay baribir ularning tarovati boshqacha.

Siz, “shaharning asosiy boyligi, bu — uning odamlari. Qolgan barchasi ikkinchi darajali. Bu juda oddiy haqiqat”, deya toʻgʻri fikrni bildirar ekansiz, ammo tezda aynaysiz va “biroq Oʻzbekistonda hech kim bunga hech qachon eʻtibor qaratmagan. Bu haqda hattoki gapirilmagan ham. Hech kim: “Ketmanglar, sizlar bu yerda keraksiz!” — demadi. Va yuz minglab odamlar shaharni tark etdi” deya yozasiz. Lof ham evi bilanda, birador. Shaharda barpo etilayotgan yangidan yangi uylar, ish oʻrinlari, parklar, dam olish maskanlari mana shu odamlar uchun emasmi?! Toʻgʻri, xorijga ketayotganlar ham bor. Axir, bu tabiiy jarayonku. Masalan, dunyoning istalgan mamlakatida, shahrida bu jarayonga guvoh boʻlishingiz mumkin. Eng qizigʻi, siz shahrimizdagi obodonlashtirish ishlarini koʻrib koʻrmaganga olasiz. Oʻzingiz aytganingizdek, “shaharni odamlar barpo etadi. Shaharlar ijodkor, ishtiyoqmand odamlar qoʻli bilan goʻzallashadi. Bu shunday noyob manbaki, uni sunʻiy yoʻl bilan yaratish yoki toʻldirish mumkin emas”. Ammo siz bularni nima uchundir Toshkentda koʻrgingiz kelmaydi. Hozirgi Toshkentni koʻrib bahri dilingiz ochiladi. Vaqtingizni tungi Toshkentni, ayniqsa, Navoiy koʻchasini aylanishga bir sarflab koʻrmaysizmi?! Oʻzbekistonning ulkan bayrogʻi oʻrnatilgan Xalqlar Doʻstligi maydoniga bir kelib ketmaysizmi? Axir bu maydon qisqa vaqt ichida shaharliklar faxriga aylanib ulgurdiku!

7dDufBsoc2Dgz5hO8-rsTV2JJ6EFJtld.jpg

“Shaharlar nafaqat oʻz odamlarini ushlab qolish, balki yangilarini jalb etishga harakat qilmoqda. Buning uchun hokimiyat koʻrkam koʻchalar va istirohat bogʻlari qurmoqda, koʻngilochar tadbirlarga ruxsat berib, ularni oʻzi ham uyushtirmoqda, qulay va doʻstona muhit yaratmoqda. Shaharlar aholisi faqat pul topish emas, balki ularni oʻzlari istagandek sarflashni ham xohlaydi. Agar buni amalga oshirish imkonsiz boʻlsa, ular koʻchish haqida oʻylashni boshlaydi”, deya yozibsiz jahon shaharlarini nazarda tutib. Nima siz bularni Toshkentda koʻrmayapsizmi?

“Odamlar restoranlardan qanday chiqarib yuborilganini qizgʻin muhokama qilmoqda. Biroq hech kim hali 11 avgustdagi qaror natijasida koʻrilayotgan iqtisodiy zararlar, obroʻning tushishi haqida oʻylayotgani yoʻq. Menga bu yoʻqotishlar juda kattadek tuyulmoqda” debsiz. “Sholini ichida kurmak ham boʻladi”, deganlaridek, bir-ikki hodisani boʻrtirib koʻrsatish nima uchun kerak?

002.JPG

“Toshkent boshqa shaharlar bilan faqatgina ularning eng yaxshilariga oʻxshasagina yashab qolishi va raqobatli boʻlishi mumkin. Va bu yerda eng asosiy masala — odamlar va ularning erkinligi”, degan gaplaringizga aslo qoʻshilib boʻlmaydi. Toshkentning boshqa shaharlardan ustun boʻlsa borki,aslo kam joyi yoʻq.

56262067.jpg

Siz maqolangizda “sunʻiy ravishda maʻnaviyatni yaratish”ga urgʻu berishga uringansiz. Afsuski, bu yerda siz juda katta xatoga yoʻl qoʻygansiz. Hech kim sunʻiy maʻnaviyat yaratmoqchi emas, chunki bizning maʻnaviyatimiz buyuk va buyuk boʻlib qoladi. Biz mana shu – buyuk maʻnaviyatimizni yoshlarga eslatib qoʻymoqchimiz, xolos. Keyin siz aslo havotir olmang, Toshkent “sayyoramizning bir chekkasida” qolib ketmaydi.

Sharofiddin Toʻlaganov
2 697