O‘zA O`zbek

23.08.2018 12:01 Chop etish versiyasi

Latifalar qadriyatlarimizni g‘arb(g‘arib)lashtirmoqda...mi?

Bundan bir necha yil avval gazetalardan birida qaynona-kuyov to‘g‘risida yaxshi maqola e’lon qilindi. Unda ajdodlarimiz “kuyovni payg‘ambarlar siylagan“ deyishgani, ammo biz xorijdan suqilib kirayotgan notabiiy latifalar tufayli qadriyatlarimizni g‘arbcha qurayotganimiz qalamga olinadi.

Darhaqiqat, jurnalist juda yaxshi muammoni ko‘tarib chiqqan. Chunki, yaqin-yaqingacha o‘zbeklarda qaynona-kuyov muammolari hech qachon kuzatilmagan edi. Tan olib aytish kerakki, qaynona-kelin muammosi bor bo‘lib, ammo kuyov bilan qaynona san-manga borgani haqida ma’lumotlarni biror joyda o‘qimagan edik. “O‘tgan kunlar”ni olasizmi yoki boshqa har qanday badiiy asarni o‘qib ko‘rsangiz, bu muammoga aslo duch kelmaysiz. Chunki, ta’kidlab o‘tilganidek, kuyovni payg‘ambarlar siylagani uchun ham uni to‘rga olib chiqish xalqimizning qon-qoniga singib ketgan.

So‘nggi vaqtlarda qiziqchilarimiz xorij latifalarini bilib-bilmagan holda tomoshabinlar hukmiga havola qilishlari natijasida mentalitetimizda, to‘g‘rirog‘i ongsiz yoshlar zehnida qaynonaga hurmatsizlik paydo bo‘layotgandek tuyulmoqda. Hatto ikki yigit o‘zaro uchrashib qolgudek bo‘lsa, qaynonasini nazarda tutib “dushman tomonga bir o‘tib kelay” deyishgacha bormoqda. Bu bilan go‘yo o‘zini xotin tomonga bo‘yin egmasligini ko‘rsatib qo‘ymoqchidek bo‘ladi. Bularning hammasi xorij latifalarining oqibatlaridir. Boshqacha ta’riflashning aslo iloji yo‘q. Bu jarayon yaqin orada barham topishiga ham ishonish qiyin. “Natijasi qanday bo‘ladi“, degan savol tug‘ilishi mumkin. Natija hech qachon ijobiy yakunlanmaydi. Ya’ni “six ham kuyadi, kabob ham“. Sharqdagi qaynona-kelin muammosi, g‘arbdagi qaynona-kuyov muammosi bilan qorishib ketadi va buning oqibatida qaynona obrazi xuddi ajdarho kabi salbiy talqin qilinadi.

Yana bir bor ta’kidlaymiz, qaynona-kuyov muammosi g‘arb muammosidir. Bunga kuyovning kelin uyida ichkuyov bo‘lib yashashi sabab bo‘lgan. Mana shu muammo zo‘rma-zo‘raki sharq zehniyatiga kirib borayotgani tashvishli holatdir. Shu sababli nafaqat jurnalistlar, balki ziyolilar oyoqqa turishi kerak. Qiziqchilarimiz ham nafaqat katta sahnada, hatto tor doirada ham bu kabi latifalarni aytishni to‘xtatishi kerak. Bu borada ular aqllarini o‘z vaqtida yig‘ishtirib olishi lozim bo‘ladi. Qaynonalar haqidagi bo‘lmag‘ur latifalarni o‘qiyotgan yoki eshitayotgan yoshlar kelajakda qaynona haqida albatta salbiy fikrga keladi. Ular latifalarni hayotiy hodisa, deb o‘ylashi shubhasiz. To‘qilayotgan yoki tarjima qilinayotgan latifalar yoshlar ma’naviyatiga, onalarimizni qadrlashga bo‘lgan qarashlarimizga putur yetkazishi kerak emas. Hayotda qiziga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatish o‘rniga ularni yo‘ldan uradiganlar, ya’ni kuyov bilan qizi o‘rtasiga o‘zi bilmagan holda raxna soladiganlar ham ba’zida uchrab turadi. Bu kabi qaynonalar mingdan bitta bo‘lishi mumkin. Lekin bu degani qaynona, ya’ni ona degan buyuk zot haqida latifa to‘qilishiga sabab bo‘lishi kerak, degan ma’noni anglatmaydi.

O‘sha qiziqchilarimiz latifalarini qaynonalariga aytib berishadigan bo‘lsa balki uyalishmas. Lekin vijdonlari qiynalsa kerak. O‘zbek qaynonalari kuyovlarini qaynotadan ko‘ra ko‘proq hurmat qilib, mehmonga kelsa “aylanib o‘rgilishi” hech kimga sir emas. Xalqimiz qizining baxtini o‘ylaydi. Hatto qizi tushgan mahalla itini ham “sizlash kerak” degan gapning kelib chiqishi ham bekorga emas.

Bizning bu fikrlarimiz bilan tanishib bo‘lganingizdan keyin qiziqchilarimizning qaynonalar haqidagi latifalarini eslab ko‘ring. Yuzingizga tabassum yugurish va yugurmasligiga qarab o‘zingiz qaynona-kuyov muammosiga baho beravering.

Sharofiddin To‘laganov, O‘zA
1 449