O‘zA O`zbek

17.08.2019 Chop etish versiyasi

Kuzgi don ekish va gʻoʻza defoliatsiyasi boʻyicha amaliy seminar boʻlib oʻtdi

Kuzgi don ekish va gʻoʻza defoliatsiyasi boʻyicha amaliy seminar boʻlib oʻtdi

Sirdaryo viloyati Oqoltin tumani “Mustaqil diyor” suv isteʼmolchilari uyushmasi hududidagi “Tabiatning oltin neʼmatlari” va “ Marqaboy ota” fermer xoʻjaliklari dalasida 2020-yil hosili uchun paxta qator orasi va ochiq maydonlarga gʻalla ekish hamda gʻoʻzani defoliatsiya qilish boʻyicha oʻquv amaliy seminar boʻlib oʻtdi.

Tadbirda viloyat va tuman hokimlari hamda ularning qishloq xoʻjaligi masalalari boʻyicha oʻrinbosarlari, qishloq hamda suv xoʻjaligi boshqarmalari mutaxassislari, fermer xoʻjaliklari raislari, mutasaddi tashkilot va idoralar vakillari ishtirok etdi.

“Tabiatning oltin neʼmatlari” fermer xoʻjaligi ochiq maydoniga don ekishga kirishildi.

Joriy mavsumda viloyatda gʻallachilikdan moʻl hosil yetishtirilgani, gʻallachilikda erishgan viloyat mirishkorlarining bu mehnat zafari tasodif emasligini kelgusi mavsumda ham isbotlash lozimligi taʼkidlandi. Seminar tashkil etilgan Oqoltin tumani gʻallakorlari davlatga 30 ming 467 tonna oʻrniga 36 ming 727 tonna sara don yetkazib berib, respublika tumanlari orasida ilgʻorlar qatorida boʻldi.

– Kelgusi yil mavsumi uchun viloyatimizning 21 ming gektar ochiq, 64 ming gektar gʻoʻza qator oralariga don ekishni rejalashtirganmiz, – deydi viloyat hokimi oʻrinbosari Kamiljon Sabirov. – Har gektar maydonga 250 kilogrammdan 100 foiz oʻgʻitlab gʻalla ekilishi qatʼiy nazorat qilinadi. 400 dan ortiq don ekish syalkalari va zarur texnika vositalari shay holatda, kerakli miqdordagi yoqilgʻi bilan taʼminlanadi.

Shuningdek, viloyatning 63 ming 600 gektar paxta dalalari defoliatsiya qilinishi rejalashtirilgan boʻlib, bu ishlarni amalga oshirish uchun 67 ta otryad shakllantirildi. Ularga 426 dona OVX purkagichlari hamda 1 dona samolyot ajratilgan.

Seminar ishtirokchilariga kuzgi don ekish va gʻoʻza defoliatsiyasi boʻyicha mutaxassislar tomonidan zarur maslahat va tavsiyalar berildi.

Tadbirda Sirdaryo viloyati hokimi Gʻ.Mirzayev soʻzga chiqdi.

1 794
A.Qayumov, F.Toshmatov (surat), OʻzA