O‘zA O`zbek

23.10.2019 Chop etish versiyasi

Kuzgi bugʻdoyning “Obod” navi yaratildi

Kuzgi bugʻdoyning “Obod” navi yaratildi

Oʻsimlikshunoslik ilmiy-tadqiqot instituti hamda Don va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot instituti Qashqadaryo filiali bilan hamkorlikda kuzgi yumshoq bugʻdoyning “Obod” navi yaratildi.

Bu haqda Qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat taʼminoti ilmiy-ishlab chiqarish markazi matbuot xizmati maʼlum qildi.

Mazkur nav 2018-yilda ekish uchun tavsiya etilgan qishloq xoʻjalik ekinlari davlat reyestriga topshirilgan. Kuzgi yumshoq bugʻdoyning yangi navi respublikamizning barcha viloyatlari kuzgi muddatda ekishga tavsiya qilingan. U oʻrta boʻyli boʻlib, balandligi 99,8 santimetr, don vazni 41,6-42,6 grammni tashkil etadi.

Mutaxassislarning taʼkidlashicha, ushbu nav oʻrta pishar boʻlib, Toshkent viloyati sharoitida 220-221 kunda pishib yetiladi. Sariq va qoʻngʻir zang kasalliklariga chidamli. Septarioz, un shudring, chang va qattiq qorakuya kabi kasalliklariga oʻrtacha chidamli. Bundan tashqari, stress omillarga yoki noqulay sharoitlarga, yaʼni yotib qolish, issiqlik, qurgʻoqchilik va shoʻrga ham bardosh beradi.

Hosildorligi gektariga 50-60 sentner boʻlib, don sifati yuqori. Oqsil miqdori 15,2 foizni tashkil etadi. Unidan sifatli non tayyorlanadi. Toshkent viloyati sharoitida maqbul muddat 10-oktyabrdan 20-oktyabrgacha ekish muddati hisoblanadi. Optimal muddatda gektariga 220 kilogramm, kechki muddatda ekilganda 250 kilogrammgacha urugʻ don ekish mumkin. Vegetatsiya davomida toʻrt marta sugʻorish tavsiya etiladi.

1 530
A.Musayev, OʻzA