O‘zA O`zbek

05.09.2019 Chop etish versiyasi

Kuz – yuqumli kasalliklardan ehtiyot bo‘ling

Kuz – yuqumli kasalliklardan ehtiyot bo‘ling

Yuqumli kasalliklar hayotimiz davomida sog‘lig‘imizga hamisha xavf solib turadi. Ayniqsa kuz, qish, bahor faslida salomatligimiz bilan bog‘liq muammolarga ko‘p duch kelamiz. Xo‘sh, o‘zi yuqumli kasallik nima, uning turlari qaysilar, qanday qilib undan himoyalanish mumkin?

Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutida yuqumli kasalliklar muammolari bo‘yicha o‘tkazilgan ilmiy-amaliy anjumanda ana shu savollarga atroflicha javob berildi. Xorijlik hamda mahalliy mutaxassislar tomonidan sohadagi muammolar, erishilayotgan yutuqlar muhokama qilindi.

Virusologiya ilmiy-tadqiqot instituti direktori, professor Erkin Musaboev mamlakatimizda yuqumli kasalliklarning oldini olish hamda ularni bartaraf etish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.

Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda dunyo miqyosida yuqumli kasalliklar, jumladan, virusli gepatitning V va S turi bilan kasallanish ko‘paymoqda. Ma’lumki, gepatit V o‘z vaqtida aniqlanib, davolanmasa, jigar sirrozi va gepatotsellyulyar karsinoma, ya’ni jigar saratoni kelib chiqishiga sabab bo‘ladi. Virusli gepatitning S turi bilan kasallangan bemorlarni davolash bo‘yicha samarali dori vositalari amaliyotga kirib kelgan bo‘lsada, bu usulda davolanish xarajatlari yuqoriligi sababli dunyodagi barcha mamlakatlar aholisi ham bu imkoniyatdan foydalana olishi amrimahol. Qolaversa, dunyoning barcha hududida noyob va zamonaviy tibbiy amaliyotlardan biri – jigar trnasplantatsiyasi o‘tkazilishi imkoniyati ham cheklangan. Shunday sharoitda eng samarali va maqbul yo‘l gepatitlarning oldini olish, bu yo‘nalishda tibbiy profilaktika ishlarini rivojlantirish, aholining barcha qatlamini tizimli tibbiy sanitariya yordami bilan qamrab olishdir.

Yuqumli kasalliklar muammolari, xususan V, S va D gepatitlar, gripp, OIV infeksiyalarini milliy darajada nazorat qilish strategiyasiga bag‘ishlangan mazkur anjumanda yuqumli kasalliklarning epidemiologiyasi, diagnostikasi va davolanishiga alohida e’tibor qaratildi. AQSh, Yaponiya, Rossiya, Belarus kabi xorijiy davlatlar yetakchi ekspertlarining taqdimotlari o‘tkazildi.

3 319
Mohigul QOSIMOVA, O‘zA