O‘zA O`zbek

01.09.2018 13:26 Chop etish versiyasi

Kursantlar qasamyod qabul qildi

Kursantlar qasamyod qabul qildi
Erta tongdan barchaning yuzida tabassum, bayramona kayfiyat hukmron. Mamlakatimizda istiqlolimizning 27 yilligi keng nishonlanayotgan kunda Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar akademiyasida bilim yurtining umumqoʻshin fakulteti, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetining maxsus fakulteti hamda Toshkent tibbiyot akademiyasining harbiy-tibbiyot fakulteti kursantlari qasamyod qabul qildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi masʼullari, Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi vakillari, ota-onalar va yaqin doʻstlar ishtirokida boʻlib oʻtgan tantanali marosimda Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining mamlakatimiz mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini saqlash, tinch va osuda hayotimizni himoya qilishning mustahkam tayanchi boʻlayotgani, harbiy xizmat yoshlarimiz uchun tom maʼnoda mardlik maktabiga aylangani alohida taʼkidlandi.

4.JPG

Soʻnggi yillarda davlatimiz tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlar tufayli yurtimiz tinchligi, sarhadlarimiz daxlsizligini taʼminlashga qodir milliy armiyamiz shakllandi. Soha uchun yuqori malakali ofitser kadrlar tayyorlash tizimi takomillashtirilib, oliy harbiy bilim yurtlarining moddiy-texnik bazasi mustahkamlandi. Bugungi kunda hayotini harbiy soha bilan bogʻlagan yoshlarning taʼlim olishi va kasb koʻnikmasini egallashi uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan.

Harbiy sohaga bolaligimdan qiziqaman, – deydi Qurolli Kuchlar akademiyasining birinchi bosqich kursanti Muhriddin Muhammadov. – Bu yerda oʻqishni koʻpchilik yoshlar orzu qiladi. Vatanimiz mustaqilligi bayramida harbiy qasamyod qabul qilish biz uchun ulkan sharafdir. Bu esa sohada yanada yuksak marralarni zabt etishga daʼvat etdi.

Tadbirda soʻzga chiqqan kursantlarning ota-onalari ham oʻgʻillarini bayram bilan tabriklab, milliy armiyamizning ofitseri degan sharafli nomga munosib inson boʻlishini tiladi.

Bugun biz, ota-onalar uchun quvonchli kundir, – deydi Toshkent shahar Yunusobod tumanidan Nargiza opa Yoʻldosheva. – Farzandlarimizning katta hayotga qadam qoʻyayotganini faxr bilan kuzatib turibmiz. Koʻzlarimdan quvonch koʻz yoshlari ketmayapti. Bu, albatta, mustaqillik sharofatidir. Ular tanlagan soha sharafli va masʼuliyatli boʻlib, yurtimiz ravnaqi uchun xizmat qilishi uchun koʻp kuch va matonat talab qiladi.

Tadbir doirasida tashkil etilgan konsertda Mudofaa vazirligi markaziy ashula va raqs ansambli xonandalari tomonidan kuy-qoʻshiqlar ijro etildi.

A.Musayev, T.Mamadaminov, OʻzA
2 706