O‘zA O`zbek

15.03.2019 20:34 Chop etish versiyasi

Kursantlar hasharda faol qatnashdi

Kursantlar hasharda faol qatnashdi

Qishning izgʻirinli kunlari chekinib, koʻklam shamoli esa boshlagan shu kunlarda yurtimizning barcha mahalla, qishloq, ovullarida obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlari qizgʻin tus olgan. Zero, hududlarning ozodaligini taʼminlash, yashil maydonlarni kengaytirish salomatlik omilidir.

Ayniqsa, “Navroʻz” bayrami arafasida mahallalar hamda aholi turar joylarini obod qilish va koʻkalamzorlashtirish, hududlar sanitariya holatini yaxshilash ishlari umumxalq harakati darajasiga koʻtariladi.

Bu borada Ichki ishlar vazirligi Yongʻin xavfsizligi instituti professor-oʻqituvchilari, kursant va tinglovchilari tomonidan milliy bayramimiz arafasida hashar oʻtkazilmoqda. Hududlarni obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirishga yoʻnaltirilgan keng koʻlamli ishlar amalga oshirilayotgani jamiyatimizda maʼnaviy-maʼrifiy muhitni yanada mustahkamlash, navqiron avlodni milliy anʼanalarimizning munosib davomchisi etib tarbiyalashga xizmat qilmoqda.

Institut tashabbusi bilan Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha Respublika kengashi hamkorligida taʼlim muassasasining professor-oʻqituvchilari va kursantlari tomonidan Toshkent shahrining Sergeli, Toshkent viloyatining Zangiota tumani va Yangiyoʻl shahri mahallalarida hashar uyushtirildi.

Hashar davomida 20 dan ortiq mahallada istiqomat qiluvchi 100 ga yaqin kam taʼminlangan oila, yakka-yolgʻiz keksalar hamda nogiron fuqarolarning uy-joylarini taʼmirlash, hovlilarini obodonlashtirish ishlari olib borildi. Mevali va manzarali daraxtlar, gul koʻchatlari ekilib, mavjud daraxtlarni oqlash, ularga shakl berish, yerlarni agʻdarish kabi ishlar amalga oshirildi.

– Hovlida kitob oʻqib oʻtirgandim, eshik qoqib bir nechta kursantlar kirib kelishdi, – deydi Sergeli tumani Junariq mahallasida yashovchi Elshod Sagdullayev. – Koʻllarida koʻchat va gullar. Salom-alikdan soʻng yerni agʻdarib, koʻchat va gullarni ekib ketishdi. Oʻzim birinchi guruh nogironi boʻlganim, uyda toʻshakka mixlanib qolgan onam va qizim bilan turganim uchun bu ishlarni qiladigan odam qidirayotgandim. Xalqimizning mana shunday jonkuyar, mehribonligidan boshim koʻkka yetdi.

Bunday hasharlar Toshkent shahrining Sergeli, Toshkent viloyatining Zangiota tumani va Yangiyoʻl shahrining boshqa mahallalaridagi kam taʼminlangan oilalar, yakka-yolgʻiz keksalar hamda nogiron fuqarolarning uylarida davom ettiriladi.

Xurshid QODIROV, OʻzA muxbiri
697