O‘zA O`zbek

17.09.2018 19:43 Chop etish versiyasi

“Kurash” va “Shurik”ning qilmishi fosh boʻldi

“Kurash” va “Shurik”ning qilmishi fosh boʻldi Joriy yilning 13 sentyabr kuni Navoiy viloyati ichki ishlar boshqarmasi jinoyat qidiruv boʻlimi Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish boʻlinmasi xodimlari tezkor maʼlumotlar asosida viloyat hududida noqonuniy valyuta oldi-sotdisi bilan shugʻullanayotganlar harakatiga qarshi maxsus tadbir oʻtkazdi.

Maxsus tadbir natijasida Navoiy shahrida yashovchi “Kurash” va “ Shurik” laqabli shaxslarning jinoiy qilmishlari fosh etildi.

Navoiy shahri va Qiziltepa tumanlarida oʻtkazilgan tadbirlar natijasida Q.T. va uning jinoiy sherigi F.B mijozga har bir AQSH dollarini 8000 soʻmdan hisoblab, jami 8000 AQSH dollarini 64 million soʻm evaziga sotishga kelishgani aniqlandi. Ushbu kelishuv asosidagi valyuta “oldi-berdi”si Qiziltepa tumanidagi Markaziy dehqon bozori yonida joylashgan “Shohrux” savdo doʻkoni oldida sodir etilayotganida tezkor xodimlar tomonidan daliliy ashyolar bilan ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Iqtisodiy jinoyatchilikka qarshi kurashish Departamenti Navoiy viloyati boshqarmasi tomonidan dastlabki surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

Nuriddin Rahimov, OʻzA
2 630