O‘zA O`zbek

23.08.2018 13:43 Chop etish versiyasi

Kun tartibida – Shayxontohur tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari

Kun tartibida – Shayxontohur tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari
Milliy matbuot markazida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashi va xalq deputatlari Shayxontohur tuman Kengashining qoʻshma majlisi boʻlib oʻtdi.

Unda senator, deputatlar, mutasaddi vazirlik va idoralar rahbarlari, mahalla raislari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Qoʻshma majlisda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning 2018 yil 10 avgust kuni Shayxontohur tumaniga tashrifi davomida tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va bunda parlament, deputatlik korpusi hamda jamoatchilik rolini yanada kuchaytirish boʻyicha belgilab berilgan ustuvor vazifalarning sifati va samarali amalga oshirilishini taʻminlash masalalari muhokama qilindi.

Yigʻilishda masʻul vazirlik va idoralar, shuningdek Toshkent shahar, Shayxontohur tuman hokimliklari rahbarlarining Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan vazifalar ijrosi yuzasidan chora-tadbirlar haqidagi axborotlari eshitildi.

18.jpg

Soʻzga chiqqanlar tomonidan taʻkidlanganidek, tumanda kamida 11 ming nafar aholining bandligini taʻminlash boʻyicha 4 ta sektor kesimida oyma-oy manzilli dasturlar ishlab chiqilib, uning ijrosini taʻminlash boʻyicha aniq vazifalar qoʻyilgan.

Tumanni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish doirasida mahalla guzarlari, sport va bolalar maydonchalarini qurish, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga moddiy yordam berish, kommunal xizmat koʻrsatish sifatini yaxshilash, ijtimoiy, yoʻl-transport sohalaridagi muammolarni hal etish, uy-joy fondi va ijtimoiy soha obyektlarini kuz-qish mavsumiga tayyorlash, “Yoshlar uylari”ni qurish kabi qator ustuvor yoʻnalishlar belgilab olindi.

21.jpg

Shuningdek, qoʻshma majlisda toʻy-hashamlar, oilaviy tantanalar, maʻraka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bagʻishlangan tadbirlar oʻtkazilishini tartibga solishda ham deputatlar va keng jamoatchilik nazoratini yoʻlga qoʻyish masalasi atroflicha muhokama qilindi.

Bundan tashqari, kun tartibidan oʻrin olgan sogʻlom ovqatlanishni tashkil etish va aholi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish borasida Shayxontohur tumanida amalga oshirilayotgan ishlarning ahvoli toʻgʻrisida ham maʻlumotlar berildi.

6.jpg

Qoʻshma majlis yakuni boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kenashi va xalq deputatlari Shayxontohur tuman Kengashining tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturi ijrosini parlament, deputatlar va jamoatchilik tomonidan nazorat qilish choralari toʻgʻrisida qoʻshma qarori qabul qilindi.

I.Ahatova, F.Abdurasulov (surat) OʻzA
1 655