O‘zbekiston Milliy axborot agentligi

05.09.2018 19:45 Chop etish versiyasi

Kumushkon yoshlari yangi oʻquv yilini yangi maktabda boshladi

Kumushkon yoshlari yangi oʻquv yilini yangi maktabda boshladi Yangi oʻquv yili Karmana tumanidagi “Kumushkon” mahallasi yoshlariga bir olam quvonch olib keldi. Endi ular barcha sharoitlarga ega, zarur inventarlar bilan toʻliq taʼminlangan yangi 32-umumtaʼlim maktabida tahsil oladi.

Taʼlim muassasasining ochilish marosimida tuman hokimi F. Umarov hamda viloyat xalq taʼlimi boshqarmasi boshligʻi N. Ulugʻberdiyev bugungi kunda yurtimizda yosh avlodning barkamol ulgʻayishi, bilim olishi va sogʻlom voyaga yetishi uchun yaratilgan imkoniyatlar, viloyatimiz yoshlari erishayotgan yutuqlar va taʼlim sohasidagi islohotlar xususida toʻxtaldi.

Maktab binosi “Almaz” masʼuliyati cheklangan jamiyati quruvchilari tomonidan qisqa fursatda bunyod etildi. 3 milliard 400 million soʻmdan ortiq mablagʻ sarflangan muassasada oʻquv jarayoni ikki smenada tashkil etildi. Ayni paytda bu yerda 430 nafar oʻquvchi taʼlim olmoqda.

– Avvallari hududimiz bolalari bu yerda boshlangʻich taʼlim sabogʻini olgach, uzoq masofani bosib, tumandagi 3-umumtaʼlim maktabiga qatnardi, – deydi maktab direktori S. Obilov. – Ota-onalarning murojaati tufayli taʼlim muassasamiz uchun yangi bino qurildi va oʻn bir yillik oʻquv tizimiga oʻtkazildi.

Aytish joizki, Navoiy viloyatidagi 355 ta umumtaʼlim maktabi toʻliq taʼmirlanib, yangi oʻquv yiliga tayyor holatda faoliyat boshladi. Zamonaviy qiyofa kasb etgan, keng va shinam sinf xonalari taʼlim sifati, ish unumining oshirilishiga xizmat qilmoqda.

Shuningdek, Uchquduq tumanidagi 5-umumtaʼlim maktabi binosi ham yangidan barpo etildi. 216 oʻringa moʻljallangan muassasaning qurilishiga 4 milliard 900 million soʻm mablagʻ sarf qilindi.

N.Rahimov, Siroj Aslonov (surat) OʻzA