O‘zbekiston Milliy axborot agentligi

06.09.2018 17:32 Chop etish versiyasi

Kulolchilik: anʼana va innovatsiya

Kulolchilik: anʼana va innovatsiya
Shahrisabz kulolchilik maktabi ustalari quyosh va olov rangdan samarali foydalanadi. Shu bois Yevropada bu uslubga “Otashin kulolchilik” deya taʼrif berilgan.

Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi Kamoliddin Behzod nomidagi Sharq miniatyura sanʼati muzeyida tashkil etilgan koʻrgazmada ana shunday kulolchilik buyumlarining 300 dan ortigʻi namoyishga qoʻyildi.

“Shahrisabz kulolchiligi: anʼana va innovatsiya” nomli namoyish yosh hunarmand Rustam Muzaffarovning shaxsiy koʻrgazmasi boʻlib, undan ajdodlari Ahad va Zayniddin Muzaffarovlarning asarlari ham oʻrin olgan.

Rustam Muzaffarov shahrisabzlik mohir kulolchilar sulolasining yettinchi vakilidir. U 2014-yilda YUNЕSKOning “Butunjahon sifat belgisi”ni qoʻlga kiritdi. Koʻpgina xalqaro koʻrgazmalarda ishtirok etib kelayotgan yosh va mahoratli hunarmandning ijod namunalari Fransiya, AQSH, Rossiya, Yaponiya kabi qator mamlakatlar galereyalarida saqlanadi. Ijodiy ustaxonasi dunyo madaniy obidalari roʻyxatiga kiritilgan.

12.JPG

– Asarlarimizdagi qush, anor, quyosh gullari tasviri va nuqtali oʻyma naqshlar aynan bizning maktabga xos, – deydi R.Muzaffarov. – Kulolchilik buyumlaridan faqatgina sanʼat asari sifatida emas, balki kundalik maishiy hayotda ham keng foydalanish mumkin. Loydan ishlangan buyumlar sogʻliq uchun foydalidir. Uning inson organizmida sovuqlik miqdorini kamaytirib, normal holatda ushlab turishga yordam berishi tabobatdan yaxshi maʼlum.

Koʻrgazma 15-sentyabrga qadar davom etadi.

M.Qosimova, O.Mirsoatov (surat), OʻzA