O‘zA O`zbek

29.03.2020 Chop etish versiyasi

Kuch ishlatish – kishining ruhini emas, balki qoʻpol hayvoniy tabiatini oshkor etadi

Kuch ishlatish – kishining ruhini emas, balki qoʻpol hayvoniy tabiatini oshkor etadi


OʻzA “Tafakkurni oʻzgartirgan asar” rukni ostida jahonga mashhur badiiy, ilmiy-ommabop, psixologik, tarixiy va falsafiy asarlar tahlilini berib boradi. Maqsadimiz – kitobxonlikka hissa qoʻshish. Kolumnist Sevara Alijonova.

Bugun Mahatma Gandining “Mening hayotim” avtobiografik asari tahlili bilan tanishasiz. Unutmang, kitob qarshisida jamiki narsalar nursiz boʻlib qoladi.

Mahatma Gandining “Mening hayotim” asari insonning shaxsiy va ijtimoiy yuksalishi, oʻzligi va Haqiqatni anglashidagi uzoq va mashaqqatli yoʻl haqida. Maʼlum bir jamiyat yoki millat, undan ortib insoniyat farovonligiga xizmat qilgan shaxslarning biografik asarlari hamisha, hamma zamonlarda koʻpchilikning eʼtibori tortgan. Bunday asarlar mutolaasini tanlagan kitobxon oʻz oldiga zavqlanishni emas, oʻzidan ikki, balki oʻn chandon tafakkuri yuksak, xatti-harakatlari goʻzal insondan ibrat olish, uning hayotiy tajribasini oʻrganishni maqsad qiladi. Shu maʼnoda “Mening hayotim” olomon ichidan oʻzini topishga intilgan har bir odam uchun qimmatlidir.

Muallif “Agar ushbu kitobning har bir sahifasi kitobxonga haqiqatni anglashning yagona vositasi ahimsa hisoblanishini anglatmasa, bu kitob ustidagi barcha mehnatimni bir pulga qimmat deb oʻylayman”, deydi. Xoʻsh, Gandi bir umr intilgan ahimsaning oʻzi nima? Ahimsa – zoʻravonlikdan tiyilish, kuch ishlatmaslik siyosati. Brahmacharya – iffatlilik, aniqrogʻi fikrlardagi, soʻzlardagi va xatti-harakatlardagi tuygʻular tiyiqliligi, aparigra – taʼma qilmaslik. Mahatma Gandi bir umr mana shu uch xislat, ruhiy poklik va boshqa insoniy fazilatlarga nisbatan mutlaqo ongli ravishda yondashishga, mudom ularga amal qilishga intilib yashagan.

Hindlar uchun sigir muqaddas sanalgani, shuningdek, dini taqiqlagani bois Gandi va uning oilasi hatto eng ogʻir damlarda ham sut va goʻsht isteʼmolidan oʻzini tiygan. Oʻgʻli bezgak, xotini koʻp qon yoʻqotish, oʻzi esa ruhiy zoʻriqishdan ajal yoqasiga kelib qolganlarida ham iroda kuchi bu taqiqlarni buzishga yoʻl qoʻymagan. Buni iymon sinovi deb bilganlar.

Mahatma Gandi shaxsiy barkamollikka yetishish yoʻlida nimalar qilgan?

Eng avvalo, kitobga doʻst tutingan. “Bxagavad-Gita”, “Upanishadlar”, “Injil. Yangi Ahd”, Vashington Irvinning “Muhammad va sahobalar hayoti”, Tomas Karleylning “Qahramonlar va tarixdagi qahramonliklar”, Edvin Arnoldning “Osiyo ziyosi”, Fridrix Nitshening “Zardoʻsht tavallosi”, Yelena Blavatskayaning “Ilohiyshunoslikka kirish”, Anni Bezantning “Qanday qilib ilohiyotchi boʻldim” va “Samoviy qoʻshiq” kabi diniy asarlarni oʻqigach, unda dinlarga nisbatan hurmat, murosa shakllangan. Axloq barcha narsalarning negizi, haqiqat esa axloqning mohiyati ekanini tushunib yetgan. Angliyaga joʻnashi oldidan ichgan qasami – uch narsa yaʼni, sharobga, ayolga va goʻshtga daxl qilmaslik uning bir umrlik eʼtiqodiga aylangan.

Oʻz sohasi – huquqshunoslikka doir “Jon Key va Jorj Bryus Mallesonning 1857-yilgi qoʻzgʻolon tarixi”, “Qonuniylik tamoyillari”, Jon Meynning “Hindu huquqi”, Richard Shellning “Adolat huquqi”, Jon Uayt va Yelizaveta Tyudorning “Sud jarayonlari” kitoblari bilimini mustahkamlash, mazlum xalqini qullik kishani va xoʻrlikdan ozod etishda asqotdi. Shuningdek, kitoblar taʼsirida kasb faoliyatida yuqorilash uchun ziyrak, xotirasi mustahkam, qobiliyatli boʻlish u qadar shart emas, halol va mehnatsevar boʻlsa, shuning oʻzi kifoya, degan qarorga ham kelgan.

Mahatma Gandi, ayniqsa, Tolstoy asarlarini sevib oʻqigan va qattiq taʼsirlangan. Maks Myullerning “Hindiston. U bizga nimani oʻrgatadi?”, Lavator va Shemmelpennikning “Fiziognomika”, Narmadashankarning “Dharma Vichar”, Jon Ryoskinning “Ham birinchi, ham oxirgi boʻlganga” singari asarlari uni oʻz xalqi tarixini chuqurroq bilishi, omma bilan qanday muloqot qilishi, notiqlikni oʻrganishida muhim omil boʻlgan.

Albatta, har qanday bilim amaliyot bilan bogʻlansa, inson hayotida davomida qoʻllansagina qimmatlidir. Gandi nazariya bilan cheklanib qolmagan, u odamlar hayotini oʻrganish va ogʻirini yengil qilish uchun tinimsiz xizmat safarlarida, jumladan, Janubiy Afrika va Hindistonning barcha muzofotlarida boʻlib, tub aholi hayotini oʻz koʻzi bilan koʻrgan, ular bilan muloqot qilgan va albatta qayerga bormasin, oʻz oldiga qoʻygan asosiy maqsadi boʻlmish xalqini zulmdan qutqargan.

Shu oʻrinda savol tugʻiladi: Mohandas Karamchand Gandining xalqi oldidagi unutilmas, ijtimoiy xizmatlari nimadan iborat boʻlgan?

Avvalo, hindlarni oʻz huquqlarini bilishga undagan. Noranjlar respublikasidagi hindlar 1888-yilda yoki hatto undan oldinroq maxsus qonunlar bilan qabul qilingan barcha huquqlardan mahrum edilar. Bunga Transvaalga kirishi chogʻida hindlar 3 funt sterling miqdorida jon soligʻi toʻlashlari shart edi. Mulkchilik, saylash-saylanish huquqlaridan mosuvo boʻlganlar. Bundan tashqari, “ranglilar” uchun belgilangan boshqa qonunlarga ham boʻysunishga majbur edilar. Unga koʻra, hindlar trotuarda yurish, kechki soat toʻqqizdan keyin koʻchaga ruxsatsiz chiqmaslik kerak boʻlgan. Qonunni qoʻllash esa politsiya ixtiyoriga tashlab qoʻyilgandi. Gandi Transvaal, Pretoriya, Natal kabi shaharlardagi vatandoshlari taqdirini oʻzgartirish uchun “Satyagrah” (sat – haqiqat, agrah – qatʼiylik) jamiyatlarini tuzadi va ularni oʻz haq-huquqlarini talab qilishga chaqiradi. Alal-oqibat, Janubiy Afrikada hindlar uchun “daxlsizlik” qonuni bekor qilinadi.

Hindistonning oʻzida esa uning saʼy-harakatlari bilan yuz yildan beri amal qilib kelinayotgan tinkatiya tizimi bekor qilindi, natijada plantatorlar hukmronligi barbod boʻldi. Har doim kamsitilib kelingan raiyat esa biroz oʻziga kelib oldi va indigo dogʻini yuvib ketkazib boʻlmaydi, degan aqida barham topdi.

Mamlakatdagi qashshoqlik va ochlik yuqori darajaga chiqadiki, non uchun kurashish har qanaqa odob va oʻzaro hurmat tuygʻularini yoʻqqa chiqaradi. Saxovatpesha insonlar esa odamlarni non beradigan ish bilan taʼminlash oʻrniga ularga sadaqa itqitganlar. Gandi, amaldorlar xoʻjayinlar emas, balki xalq xizmatkorlaridir, chunki ular soliq toʻlovchilar choʻntagidan maosh oladilar deb miyasiga singdirib, dehqonlarni qoʻrquvdan xalos qilgan. Ularni hartol (ish tashlash)ga chaqirish orqali xalqiga oʻz qadr-qimmatini bilishni oʻrgatdi va amaldorlarning popugini pasaytirib qoʻydi. Shuningdek, erta nikohga barham berish (Gandi 13 yoshida hatto ogohlantirilmay ota-onasi tomonidan uylantirib qoʻyilgan), soliqlarni kamaytirish, yakkahokimlikni yoʻqotish, taqiqlangan adabiyotlarni sotuvga qoʻyish, hind tilining obroʻsini tiklash kabi koʻplab masalalarda amaliy ishlar qilgan.

Mohandas Karamchandni Mahatma (Buyuk qalb) Gandi deb atashlariga uning shaxsiy kamoloti va xalqi oldidagi cheksiz xizmati sabab boʻlgan. Biroq, uning oʻziga hech qachon “mahatma” deb nomlashlari, maqtashlari yoqmagan. Gandining fikricha, mukammal poklikka erishish fikrlar, soʻzlar va ishlarda ehtiroslardan toʻla xalos boʻlmoq, maqtov kabi boshqa tuygʻulardan yuqori turmoq kerak boʻladi.

IQTIBOSLAR:

Insoniy ehtiroslar ustidan gʻolib kelish menga qurolli kuchlar yordamida dunyoni zabt etishdan ham qiyinroq ishga oʻxshab ketadi.

*

Shu mamlakatning oʻzida boʻlayotgan majlislarda, bevosita shu mamlakatga taalluqli ishda uning tili “tabu” deb eʼlon qilinsa va menga oʻxshagan tasodifiy odamning hindustoniyda irod qilingan nutqi hatto tabrik-olqishlarga sazovor boʻlsa, mamlakat uchun naqadar fojiali! Bunday koʻngilsiz voqealar bizlarning naqadar pastga urib yuborilganimizdan guvohlik beradi, xolos.

*

Barkamollik tinimsiz intilish – har kishining huquqi. Bu unga berilgan shaxsiy mukofot. Qolgan hamma narsa Xudoning qoʻlida.

*

Daʼvolashayotgan tomonlarni yarashtirish – oqlovchining haqiqiy maqsadi ekanligini anglab yetdim.

*

Boylik, hokimiyat va martaba deb inson sodir etgan gunohlar va qilmishlar toʻlovi naqadar ogʻir!

*

Brahmacharyaga intilgan odam har doim oʻz kamchiliklarini anglaydi, qalbining eng chuqur joyida yashiringan ehtiroslarni qidirib topadi va muttasil ulardan xalos boʻlishga intiladi.

*

Beixtiyor yuzaga keladigan fikr aql betobligidir.

*

“Gunohdan hazar qil, gunohkordan emas”. Bu – garchi hamma yaxshi tushunsa ham, aslida kam amal qilinadigan qoida. Butun dunyo boʻylab nafrat ogʻusi yoyilib ketayotganining sababi shunda.

*

Ruhni rivojlantirish – Xudoni va oʻz-oʻzini anglab yetish yoʻlida kishini tayyorlash va feʼl-atvorini shakllantirish demakdir. Ruh tarbiyasisiz hech bir taʼlim foyda keltira olmasligiga va hatto zarar keltirishi mumkinligiga amin edim.

*

Men har doim jismoniy jazolarga qarshi boʻlganman. Kuch ishlatish – kishining ruhini emas, balki qoʻpol hayvoniy tabiatini oshkor etadi.


979
O'zA