Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

14.03.2017 12:45 Chop etish versiyasi

Kuch – bilim va tafakkurda

1 (2).JPG

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 3-martdagi qaroriga ko‘ra, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlangan iste’dodli qizlar orasida Samarqand viloyati Ishtixon tumanidagi 1-ixtisoslashtirilgan umumiy o‘rta ta’lim maktabining 9-sinf o‘quvchisi Dildora O‘roqova ham bor.

Dildora oilada uchinchi farzand. Akasi oliy o‘quv yurtida, opasi kasb-hunar kollejida o‘qiydi. Otasi – Akmaljon aka tumandagi 30-umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘qituvchisi, rus tili va adabiyotidan dars beradi. Onasi – Dilorom opa tibbiyot xodimi, tuman tibbiyot birlashmasida ishlaydi. Oiladagilar ilm olish, kasb-hunar egallashning zaruratiyu, samarasini yaxshi biladi. Oila ahilligi, xonadon obodligi ham shundan. Ota-ona farzandlarining puxta bilim olishi, intilish va qiziqishiga mos kasb tanlashi uchun zarur sharoit va imkoniyat yaratib bergan. Oila davrasidagi suhbatlar, bahs-munozaralar ham kitob va kitobxonlik, ilm o‘rganishning ahamiyati haqida bo‘ladi.

– Bolalarga tug‘ilgan kunida yoki biror joyga borib-kelganimizda kitob sovg‘a qilish odatga aylangan, – deydi Dilorom Yo‘ldosheva. – Ular ham shunga o‘rgangan, uyga kirishimiz bilan qo‘limizda kitob bor-yo‘qligiga qaraydi. Oradan bir hafta-o‘n kun o‘tgach, har birimiz o‘sha kitobni o‘qib chiqqach, oila davrasida muhokama qilamiz. Har kim o‘z fikrini bildiradi, asardan olgan taassurotlarini aytadi. Bolalarning "Kundalik" daftariga ko‘z yugurtirish bilan cheklanmaymiz, har biri bilan suhbatlashamiz. Ayniqsa, turmush o‘rtog‘im, o‘qituvchi bo‘lgani uchunmi, farzandlarimizning har bir mavzuni o‘zlashtirishi bilan qiziqadi. Balki ana shunday munosabat tufaylidir, barchasi yaxshi o‘qiydi. O‘z tanlagan yo‘li bor. Dildoraning bolalikdan matematikaga qiziqishi boshqacha. Ikkinchi sinfdan boshlab tumandagi 1-ixtisoslashtirilgan maktabda o‘qiydi. Dars bilan cheklanmay, matematika fani bo‘yicha to‘garak mashg‘ulotlariga qatnashadi. Tanlovlarda ishtirok etib, yuqori natijalarga erishayapti.

Dildora maktab o‘quvchilari o‘rtasidagi bilimlar bellashuvining viloyat bosqichida bir necha bor g‘olib bo‘lgan. 2014-2015 o‘quv yilida mazkur tanlovning mamlakat bosqichida uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. O‘tgan yili ham yuqori natija qayd etdi. Ayni paytda ustozi Shuhrat Xo‘janazarov rahbarligida 9-sinf o‘quvchilari o‘rtasidagi mamlakat fan olimpiadasiga tayyorgarlik ko‘rmoqda.

– O‘quvchida qaysi fanga qiziqish borligi, uning iste’dodi ilk mashg‘ulotlardanoq namoyon bo‘ladi, – deydi Ishtixon tumanidagi 1-ixtisoslashtirilgan umumiy o‘rta ta’lim maktabi matematika o‘qituvchisi Sh.Xo‘janazarov. – Birinchi darsdayoq Dildorada matematikaga o‘zgacha ishtiyoq borligini kuzatganman. Tez fikrlashi, har bir masala mohiyatini anglab yetishi tengdoshlaridan ajralib turardi. Shuning uchun unga mavzuga oid qo‘shimcha vazifa va topshiriqlar berardim. Barchasini bekamu ko‘st bajarib kela boshlagach, to‘garak mashg‘ulotlarida fanni chuqurroq o‘zlashtirishiga e’tibor qaratdik. Shu tarzda tuman, viloyat miqyosidagi tanlovlarda yuqori o‘rinlarni egalladi, bilimini mustahkamladi. Uch yildan buyon bilimlar bellashuvining mamlakat bosqichida qatnashyapti. Bu yil fan olimpiadasi bilan birga, xalqaro matematika olimpiadasiga ham tayyorgarlik ko‘ryapmiz. Dildora bu tanlovda ham yuqori natija qayd etishiga ishonaman.

Dildora barcha fanlardan a’lo baholarga o‘qiydi, turli ko‘rik-tanlovlarda faol qatnashadi. O‘tgan yili “Konstitutsiya – baxtimiz poydevori” insholar tanlovining viloyat bosqichida birinchi o‘rinni egalladi.

– Xalqaro xotin-qizlar bayrami munosabati bilan poytaxtimizda o‘tkazilgan tantanali marosimda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev qo‘llaridan Zulfiya nomidagi Davlat mukofotini qabul qilib olganim hayotimda hech qachon unutilmaydigan hayajonli damlar bo‘ldi, – deydi Dildora O‘roqova. – Hali-hamon ana shu tadbir hayajoni bilan yuribman. Mendek bir o‘quvchi qizga shunday nufuzli Davlat mukofoti berilishini juda katta mas’uliyat, ishonch, deb bilaman. Bu ishonchni kelgusida yaxshi o‘qib, kasb egallab, Vatanimga xizmat qilish, yurtimiz dovrug‘ini dunyoga taratishga hissa qo‘shish bilan oqlayman, deb va’da beraman.

Shu kunlarda Samarqand viloyatidagi ta’lim muassasalari, mahallalarda Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindori Dildora O‘roqova va uning ustozlari, ota-onasi ishtirokida uchrashuvlar o‘tkazilmoqda. Bu o‘quvchilarda o‘qishga, ilm olishga qiziqishni oshirish bilan birga, mamlakatimizda har bir iste’dodli o‘g‘il-qiz davlatimiz e’tiboridan chetda qolmasligi, ularning o‘z imkoniyat va salohiyatini yuzaga chiqarishi uchun barcha sharoit yaratilayotganining amaliy ifodasi bo‘lib xizmat qilmoqda.

G‘olib Hasanov, A’lo Abdullayev (surat), O‘zA
2 746






Все о погоде - Pogoda.uz