O‘zA O`zbek

11.09.2019 Chop etish versiyasi

Kredit ololmayotgan tadbirkorlarga Bosh prokuratura rahbariyati koʻmak koʻrsatdi

Kredit ololmayotgan tadbirkorlarga Bosh prokuratura rahbariyati koʻmak koʻrsatdi

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi rahbariyati joylarda sayyor qabullar oʻtkazmoqda.

Qabullar davomida muammoga duch kelayotgan, kredit ololmayotgan tadbirkorlarning arzlari joyida hal etilmoqda.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Moʻynoq tumanida M.A.ga tegishli masʼuliyati cheklangan jamiyat bankdan non mahsulotlarini tayyorlash uskunasini sotib olish uchun kredit ololmay yurgan edi. Bosh prokuratura qabuli paytida u yordam soʻragach, muammo hal boʻldi. Tadbirkorga 146 million soʻm kredit mablagʻi ajratildi.

Shuningdek, Navoiy viloyatida I.I. rahbarligidagi tadbirkorlik subyekti sutni qayta ishlovchi uskunalar sotib olish uchun bankdan 1 milliard soʻm kredit olishi zarur boʻlgan. Biroq bankka murojaati hal boʻlmagach, u ham sayyor qabul payti bu haqda maʼlum qildi. Bu tadbirkorning arzi ham ijobiy yechim topdi.

Navoiylik yana bir tadbirkor K.R.ning loyiha hujjatlari “E-IJRO AUKSION” yagona elektron savdo maydonchasining elektron onlayn-auksionlarni oʻtkazish veb-portaliga joylashtirilishi taʼminlandi.

Bosh prokuratura rahbariyati tomonidan aholi bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muloqotni kengaytirish, mavjud dolzarb muammolarni aniqlash, ularni bevosita joyida bartaraf etish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar ana shunday amaliy samara bermoqda.

Bunda mavjud muammolarni bartaraf etishga koʻmaklashish orqali aholi farovonligi uchun bandligini va barqaror daromad manbaiga ega boʻlishini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilayapti.

Oʻtkazilgan sayyor qabullarda kelib tushgan murojaatlar tahlili hamda prokuratura organlari aralashuvi bilan qisqa muddatda yechimini topayotgan muammolar bunga masʼul boʻlgan mutasaddi korxona, tashkilot va muassasa mansabdor shaxslarining hanuz murojaatlar bilan ishlashda xizmat burchi va vazifalarini lozim darajada bajarmayotganini koʻrsatmoqda.

1 006
Muattar ROʻZIBOYEVA, OʻzA