O‘zA O`zbek

12.11.2019 Chop etish versiyasi

Kosonsoy markazi obod bo‘ldi

Kosonsoy markazi obod bo‘ldi

Namangan viloyatining Kosonsoy tumanida “Obod markaz” dasturi asosida boshlangan ishlar muvaffaqiyatli yakunlanib, yangi barpo etilgan va tubdan ta’mirlangan 30 dan ziyod ijtimoiy-iqtisodiy ob’ekt foydalanishga topshirildi.

Shu munosabat bilan Kosonsoy shahri bo‘ylab viloyat va tuman hokimliklari, boshqarmalar, davlat va jamoat tashkilotlarining mutasaddilari, kosonsoylik keksa-yu yoshlar vakillari ishtirokida bo‘lib o‘tgan tantanali marosimlar bayram tusini oldi.

2200 yillik tarixga ega Kosonsoy shahri o‘zbek davlatchiligi tarixida muhim o‘rin tutgan, qadimiy qal’a va shahristonlar sirasiga kiruvchi ma’muriy markazlardan biri hisoblanadi. Buyuk tarixiy poydevorga ega bo‘lgan ushbu hudud Namangan viloyatining ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatida yetakchi o‘rin tutib kelayotgan, sanoat va hunarmandchilik jadal rivojlanayotgan, muqaddas qadamjolar va tibbiy turizm bo‘yicha kattagina salohiyatga ega tumanlaridan biri.

Bugungi kunda tumandagi 59 mahallada 200 mingdan ziyod kishi istiqomat qiladi. Faoliyat ko‘rsatayotgan mingga yaqin yirik va kichik sanoat korxonalari, jumladan, 13 qo‘shma korxona, qishloq xo‘jaligi hamda boshqa iqtisodiyot tarmoqlarining viloyat sanoatidagi ulushi 3,5 foizdan ko‘proqni tashkil etmoqda.

Prezidentimizning joriy yil 28 fevral va 1 mart kunlari viloyatga tashrifi chog‘ida bergan topshirig‘iga binoan “Obod markaz” dasturi asosidagi sa’y-harakatlar samarasi o‘laroq viloyatning ko‘plab tumanlari qatori Kosonsoy shahrida ham katta hajmda qurilish-ta’mirlash, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari amalga oshirildi.

“Obod markaz” dasturi ijrosi doirasida Kosonsoyda 31 ob’ektda yangi qurilish va qurilish-ta’mirlash ishlari bajarildi. Bu ishlarga “Obod markaz” dasturi mablag‘lari hisobidan 33,8 milliard so‘m, korxona, tashkilot hamda tadbirkorlarning o‘z mablag‘lari hisobidan 35,4 milliard so‘m, bank kreditlari hisobidan 13,2 milliard so‘m, mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan 7,38 milliard so‘m jami 89,78 milliard so‘m mablag‘ sarflandi.

Jumladan, tuman markazini ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida 8,7 milliard so‘mlik loyiha asosida 4,4 kilometr ichimlik suvi hamda 2 kilometrdan ko‘proq oqova suv tarmoqlari tortildi. Natijada, tumandagi 4 ming 200 xonadonda yashovchi 20 mingdan ziyod aholi ichimlik suvi bilan ta’minlandi.

Ko‘p yillardan buyon tumanda xalqni qiynab kelayotgan muammolardan biri nosoz avtomobil yo‘llari edi. 3,4 milliard so‘m mablag‘ sarflanib, 19 kilometrga yaqin avtomobil yo‘llarining rekonstruksiya qilinishi, piyodalar yo‘lagi qurilib, yo‘l chetlariga tejamkor yoritish chiroqlari o‘rnatilishi bilan mavjud muammolar barham topgani barobarida shahar tubdan zamonaviy qiyofa kasb etdi.

Shuningdek, dastur asosida shahar markazida Milliy madaniyat markazi barpo etildi. Tumandagi 5 kasb-hunar kollejining ma’muriy binolari, 2 kasb-hunar kollejining sport zallari, tuman davlat soliq inspeksiyasi, prokuratura binolari, kinoteatr mukammal ta’mirlandi.

Loyiha qiymati 2 milliard so‘m bo‘lgan rekonstruksiyadan so‘ng Kosonsoy madaniyat va istirohat bog‘i tumanning eng jozibador maskanlaridan biriga aylandi.

Ona Vatan himoyasi uchun aziz jonini fido qilgan yurtdoshlarimiz pok nomini abadiylashtirish, jumladan, Ikkinchi jahon urushidan qaytmagan ikki mingdan ziyod kosonsoylik vatan himoyachilariga ehtirom ramzi sifatida Xotira xiyoboni barpo etilib, Motamsaro ona haykali o‘rnatildi.

Bundan tashqari, tuman markazida bank krediti va tadbirkorlarning o‘z mablag‘lari hisobidan 5 yangi savdo va maishiy xizmat shoxobchasi qurilib, mavjud 96 shunday ob’ekt, 6 ko‘p qavatli uy ta’mirdan chiqarildi.

“Obod markaz” dasturi doirasida amalga oshirilgan keng ko‘lamli bunyodkorliklar natijasida Kosonsoy zamonaviy infratuzilmaga ega bo‘lgan ko‘rkam shaharga aylandi va bu mahalliy aholining turmush madaniyati yanada yuksalishiga xizmat qiladi.

Tantanali marosimlarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi T.Xudaybergenov, viloyat hokimi X.Bozorov ishtirok etdi.

5 422
Akromjon SATTOROV, O‘zA